22:40 / 07.02.2019
5 486

«Vagner»ning Suriyada tor-mor etilishi. Rossiya yo‘qotishlar izini qanday yashirgan? (foto, video)

«Vagner»ning Suriyada tor-mor etilishi. Rossiya yo‘qotishlar izini qanday yashirgan? (foto, video)
2018 yilning fevral oyi boshida «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasining 100 nafarga yaqin rossiyalik harbiysi Suriyaning Deyr-az-Zor shahri yaqinida kurdlar nazoratidagi «Konoko» neft zaxiralariga hujum uyushtirilganida AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlari tomonidan qarshi olingach, shafqatsiz jang vaqtida halok bo‘lgan. Lekin Rossiya bu yo‘qotishlar haqidagi ma’lumotlarni rad etgan va rossiyalik harbiylarning o‘limi to‘g‘risida soxta ma’lumotlar tayyorlagan. Bu haqda Reuters agentligi tadqiqotida so‘z yuritiladi.

Grigoriy Gancherov va uning rafiqasi Suriyaga harbiy mutaxassis sifatida ketgan o‘g‘li Sergey bilan oxirgi marta 2018 yilning 4 fevralida gaplashgan.
Keyinroq u o‘g‘lining jangchi o‘rtog‘idan 25 yoshda bo‘lgan Sergey 7 fevral kuni Deyr-az-Zordagi jang vaqtida halok bo‘lgani haqida xabar topgan.

Gancherovning o‘limi to‘g‘risida aprel oyi o‘rtalarigacha rasmiy ma’lumot berilmagan. Marhumning jasadi qaytarilganida, uning o‘limi haqidagi ma’lumotnomada u 7 mart kuni (aslidagidan bir oy vaqt kech) Suriyaning boshqa hududida halok bo‘lgani aytilgan.

Gancherovning hikoyasi Reuters’ga ma’lum 6 hodisadan biridir. «Vagner guruhi» safida Deyr-az-Zorda jang qilib, halok bo‘lgan boshqa jangchilar ham jangdan 7 hafta o‘tib, ularning o‘limidan xabardor bo‘lganlarning bildirishicha, xato ma’lumotlar qayd etilgan hujjatlar bilan vatanga qaytarilgan.

Yaqinlari, tanishlari va jangda ishtirok etganlardan birining hikoya qilishicha, barcha olti harbiy o‘tgan yilning 7 fevralidan 8 fevraliga o‘tar kechasi Deyr-az-Zor provinsiyasidagi jang vaqtida halok bo‘lganlar orasida bo‘lishgan.

Bu Suriyada halok bo‘lganlarning jasadlarini qaytarishning odatiy amaliyotidan farq qiladi va bu 18 mart kungi prezidentlik saylovlari (Vladimir Putinning qayta saylanishi) arafasida jamoatchilikdan katta yo‘qotishlarni yashirishga yordam bergan amaliyotdir.
Bu vaqtda Moskvada Suriyadagi harbiy amaliyotlar muvaffaqiyatli, yo‘qotishlar kam bo‘lgan kampaniya sifatida taqdim qilingandi.

Bu voqealardan qariyb bir yil vaqt o‘tib ayon bo‘lmoqdaki, Moskva uchun o‘sha vaqtda xorijdagi harbiy kampaniyalardagi yo‘qotishlar haqidagi ma’lumotlarni nazorat qilish juda muhim bo‘lgan (bu vaqtda ruslar Yaqin Sharq va Afrikadagi amaliyotlarini kengaytirayotgandi).

Yangi yodgorlik

Sergey Gancherovning Yelenovskdagi qabri
REUTERS/Maria Tsvetkova
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Deyr-az-Zor yaqinida Rossiya va MDHning boshqa mamlakatlaridan bo‘lgan 100 nafar atrofidagi yollanma harbiy halok bo‘lgan. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi jiddiy yo‘qotishlar haqidagi ma’lumotni rad qilgan va bu jangda 5 nafar rossiyalik halok bo‘lgani haqida ma’lumot mavjudligi, lekin bu ma’lumotni aniqlashtirish zarurligini bildirgan.

Otasi Sergeyning safdoshiga asoslanib aytishicha, Sergey Gancherov va uning harbiy o‘rtoqlari koalitsiya aviatsiyasi hujumi vaqtida bir-biriga yaqin joylashgan holatda bo‘lgan.

Gancherovning do‘sti jang vaqtida jarohatlangan, u jarohatlanganlarni Rossiyaga olib qaytayotgan samolyotdaligida Sergey Gancherov halok bo‘lgani haqida xabar topgan.

Reuters muxbiri Gancherovning ushbu do‘sti bilan bog‘lana olmagan.
Otasi Sergey Gancherovning qabriga yog‘ochdan xoch o‘rnatgan va unga hujjatlardagi ma’lumot emas, Deyr-az-Zordagi jang sanasi qo‘yilgan.

Deyr-az-Zordagi jangga SSSR qulaganidan keyin AQSh va Rossiya o‘rtasida yuz bergan ilk yirik harbiy to‘qnashuv sifatida qaraladi. Bu shuningdek, bu Suriyada rossiyalik harbiy mutaxassislar ishtirokidagi eng yirik jang bo‘lgandi.

Ammo Reuters aniqlagan 6 holatda ham qurbonlarning jasadlari Rossiyaga prezidentlik saylovlaridan keyin qaytarilgan. Suriyadagi rossiyalik amaldorlar tomonidan berilgan o‘lim haqidagi guvohnomalarda esa o‘lim sanasi sifatida fevral oyi oxiri yoki mart oyi boshi ko‘rsatilgan.

Halok bo‘lgan jangchilarning yaqinlaridan esa yuz bergan hodisani oshkor etmaslik so‘ralgan.

Kreml Gancherov va boshqa jangchilarning o‘limiga izoh berishni istamagan. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa jangchilarning o‘limi haqida xabar berishni kechiktirish prezidentlik saylovlari bilan bog‘liqligi haqidagi ma’lumotlarni «noto‘g‘ri ma’lumotlar» degan.

Peskov hujjatlardagi sanalar xatoligi haqidagi savolni «Kremlga beriladigan savol emas», deb atagan. U shuningdek, jangchilarning jasadlari qaytarilishi kechiktirilgani haqida hech narsa bilmasligini aytgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi bu boradagi savollarni ochiq qoldirgan.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Suriyada o‘z ittifoqchisi Bashar Asadni qo‘llash uchun Rossiya xususiy harbiy mutaxassislardan maxfiy ravishda foydalanib keladi.

Yollanma jangchilardan tuzilgan «Vagner guruhi» nomli tashkilot esa Rossiya armiyasining Suriyadagi harbiy bazasidan, harbiy transportlari hamda harbiy gospitalidan foydalanadi. Rossiya Suriyaga xususiy harbiy mutaxassislarni yuborgani haqidagi ma’lumotlarni inkor etadi va u yerdagi harbiy xizmatchi bo‘lmagan rossiyaliklarning barchasi ko‘ngillilar ekanini aytadi.

Peskov «Vagner guruhi» Suriyada rasmiy Moskvaning topshiriqlari bo‘yicha jang olib borishi haqidagi ma’lumotni tasdiqlamasligini bildirgan.

Keng ko‘lamli aviazarbalar

O‘tgan yilning 7 fevralida Iroq bilan chegara hududidagi Deyr-az-Zor provinsiyasi, Hasham shahri yaqinida neft zaxiralari joylashgan hududga «Vagner guruhi» jangchilari Suriya armiyasi jangchilari, boshqa hukumatparast kuchlar, mahalliy arab qabilalari vakillari (IShID ovchilari nomli guruh), shia afg‘onlarining «Fotimiyun» guruhi hamda eronlik harbiylar bilan birgalikda hujum boshlaydi. Bu hududni biroz oldinroq AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Suriya kurdlari (Suriya demokratik kuchlari) IShIDdan tortib olgandi.

Ba’zi manbalarga ko‘ra, bu hujum Rossiya bosh shtabi bilan kelishilmagan holda, suriyalik neft magnatlaridan birining manfaati yo‘lida uyushtirilgan. Yana bir variantga ko‘ra esa, bu hujum tashabbuskori kurdlardan norozi bo‘lgan mahalliy arab qabilalari bo‘lishgan.

Hujum qiluvchilar tarkibida tanklar guruhi ham bo‘lgan, guruhlar minomyotlar, artilleriya va raketalar bilan qurollangandi.

500 nafarga yaqin jangchi ishtirokida boshlangan hujumni AQSh boshchiligidagi harbiy aviatsiya kutib olgan. Suriyadagi harakatlarini Rossiya bilan muvofiqlikda olib borgan koalitsiya Rossiyani hujum haqida ogohlantirgan, Rossiya bu hududda o‘z harbiylari yo‘qligini ma’lum qilgan. Amerikalik harbiylar quruqlikdagilarni AS-130 samolyotlari, F-15E qiruvchilari, B-52H strategik bombardimonchisi, MQ-9 rusumli harbiy dronlar va AN-64 harbiy vertolyotlari bilan 4 soat davomida o‘qqa tutgan. Oxirgi raketa zarbalari tongda chekinayotgan harbiylar ustiga berilgan.

Dastlabki ma’lumotlarda, artilleriya zarbalari va Harbiy-havo kuchlari hujumlari oqibatida Suriya hukumati tarafida urushgan harbiylardan 100dan ortiq kishi halok bo‘lgani, Suriya Demokratik kuchlarining esa atigi bir jangchisi yaralangani, amerikalik harbiylar orasida yo‘qotishlar bo‘lmagani aytildi.

AQShning o‘sha vaqtdagi Mudofaa vaziri Jeyms Mettis esa koalitsiya amerikalik harbiylar ham bo‘lgan pozitsiyalarga qilingan hujumlarni qaytargani, «ruslarga bunday hujum nega kerak bo‘lgani tushunarsizligi» haqida ma’lumot yo‘qligi haqida gapirdi.

Rossiyada bu jang haqida ilk marta fevral oyi o‘rtalarida ijtimoiy tarmoqlarda xabar berildi va dastlabki xabarlarda bu jangda 5-10 nafar rossiyalik halok bo‘lgani aytildi. «Moskovskiy komsomolets» nashri bu jang natijasida 40dan ortiq kishi halok bo‘lgani, 72 kishi jarohatlangani haqida yozdi, lekin qurbonlarning qanchasi rossiyaliklar ekaniga aniqlik kiritilmadi. Ko‘p o‘tmasdan Bloomberg agentligi qurbonlar soni yuzdan oshishi, o‘nlab rossiyalik yollanma jangchilar halok bo‘lgani to‘g‘risida xabar tarqatdi.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra esa, bu jangda kamida 100 kishi halok bo‘lgan va 200dan ortiq kishi jarohatlangan. Anonim manba ma’lumotiga ko‘ra, 10 fevral kuni holatiga ko‘ra, ruslarning 4ta harbiy gospitalida 50dan ortiq harbiy joylashtirilgan. 9-12 fevral kunlari mobaynida Suriyadan Moskvaga kamida 3ta samolyotda jarohatlangan harbiylar olib kelingan.

2018 yilning aprelida o‘sha vaqtda AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari bo‘lgan Mayk Pompeo (u hozirda AQSh Davlat kotibi hisoblanadi) fevral oyi boshida Suriyada «bir necha yuz rossiyalik o‘ldirilgani» haqida gapirdi.

«Bir necha hafta ilgari Suriyada rossiyaliklar munosib raqibga duch kelishdi va ulardan bir necha yuz kishi halok bo‘ldi», — degandi Pompeo o‘z nomzodi Davlat departamenti rahbarligi uchun ilgari surilgan Senat yig‘ilishi vaqtida.

Jangda ishtirok etgan, pana joy topib omon qolganlardan birining aytishicha, u ikki do‘sti jasadini halok bo‘lganlarning ko‘pdan-ko‘p jasadlari orasida ko‘rgan.

Keyinroq u bu do‘stlarining jasadi Rossiyaga juda kechiktirib yetkazilganidan xabar topgan. Unga ma’lum bo‘lishicha, o‘sha kunlarda ijtimoiy tarmoqda Deyr-az-Zordagi jang haqida xabarlar tarqalgach, jurnalistlar bir necha kun davomida Rostovdagi aeroportni (bu aeroport xususiy harbiy kampaniya uchun yuk ortish va yuk tushirish punkti hisoblanadi) kuzatishgan.

«Birdaniga shuncha jasadni olib kelish ilojsiz edi, ularni Rostovda jurnalistlar kutib turishardi», deydi ushbu jangchi.
U o‘zining nomini oshkor etmaslikni so‘ragan. Unga Suriyadagi topshiriq haqidagi ma’lumotlarni tarqatish taqiqlanganini aytgan.

Fevral oyida Deyr-az-Zordagi jangdan keyin agentlik muxbirlari Rostovda bir necha kunni o‘tkazishgan, ular aeroportni va harbiy morgni kuzatishgan, ammo tobutlarni ko‘rishmagan.

Manbaning so‘zlariga ko‘ra, uning safdoshlaridan biri Anton Vajov rostovlik bo‘lgan, hujjatlarda uning o‘limi sifatida 21 mart kuni ko‘rsatilgan.

Ammo xizmatdoshi Vajovning jasadini 8 fevral kuni, aviazarbalar to‘xtab, jangdan keyin jasadlarni yig‘ish jarayoni vaqtida jasadlar uchun qopda ko‘rganini aytadi.
«U qopda edi. Uning badani o‘q bilan to‘lgandi», degan manba va yuk mashinasida Vajov bilan birga yana o‘nlab jasadlar ortilgan bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.

Ta’qib qo‘rquvi
Kirov oblastida ham uch jangchi qabri joylashgan. Ularni taniganlarning aytishicha, ularning jasadlari oilasiga aprel oyi boshida qaytarilgan.

Deyr-az-Zor jangidan omon qolgan jangchilardan biri o‘z safdoshi Aleksandr Lusnikovning jasadini jang maydonidan olib chiqqanini aytadi. Ammo Lusnikovning o‘limi haqidagi ma’lumotnomada u 1 mart kuni halok bo‘lgani yozilgan.

Lusnikovning bevasining akasi Viktor Dumin ham kuyovi Deyr-az-Zordagi jangda halok bo‘lgani haqida bu jangdan omon chiqqanlardan biridan eshitgan.
«Prezidentni saylash vaqti edi, shu tufayli barchasi yashirilgan», degan u Reuters muxbiriga Lusnikov ko‘milgan qabristonda.

Yana ikki qurbon - Aleksey Kalabuxov va Konstantin Danilogorskiy Kirovda yashashgan va o‘zaro do‘st bo‘lishgan. Ularning yaqinlari aytishicha, ikkisi ham Deyr-az-Zordagi jangdan keyin aloqaga chiqmay qo‘yishgan. Ularni rafiqalari qidirishgan, ammo topa olishmagan.

Ularning vafoti haqidagi rasmiy ma’lumotnomada 27 fevral sanasi ko‘rsatilgan. Ammo guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, ular ko‘rsatilganidan 3 hafta muqaddam, Deyr-az-Zordagi jangda halok bo‘lishgandi.

Rossiyaning g‘arbiy qismidagi shaharlardan biridan bo‘lgan yana bir jangchining akasi fevral oyi o‘rtalarida «Vagner guruhi»ga aloqador tanishidan o‘z ukasi Deyr-az-Zordagi jangda halok bo‘lganini bilgan. Ammo uning o‘limi haqidagi ma’lumotnomada u mart oyi o‘rtalarida halok bo‘lgani ko‘rsatilgan.

Jangchining akasi o‘zining va ukasining nomini keltirmaslikni so‘ragan, u o‘z oilasi hayoti xavf ostida qolishidan cho‘chigan.

O‘lim haqidagi ma’lumotnoma
O‘tgan yil bahorida Suriyada halok bo‘lganlarning jasadlari yuborilishi kechikishi va hujjatlardagi xato ma’lumotlar odatdagi tartibga xos emas. Undan avvalgi ikki yil davomida qurbonlar tez vaqt ichida Rossiyaga qaytarilar, ularning ma’lumotnomalarida haqiqiy raqamlar ko‘rsatilar edi.

Suriyada halok bo‘lgan rossiyaliklar o‘limini qayd etish bilan Rossiyaning Damashqdagi konsulxonasi shug‘ullanadi. O‘lim haqidagi har bir ma’lumotnomada tartib raqami bor, har yili raqamlash boshidan boshlanadi.

Rossiya konsulxonasi o‘tgan yilning boshidan 8 aprelga qadar o‘lim haqidagi 60dan ortiq guvohnoma bergan. Ulardan kamida 33tasi 22 martdan 8 aprelgacha bo‘lgan muddatda berilgan. Prezidentlik saylovlari esa 18 mart kuni o‘tkazilgandi.

Konsulxonadagilar bu statistika yuzasidan izoh berishni istamagan. Agentlik barcha guvohnomalar Deyr-az-Zorda halok bo‘lgan jangchilarga taalluqliligini tasdiqlata olmagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Vagner»ning Suriyada tor-mor etilishi. Rossiya yo‘qotishlar izini qanday yashirgan? (foto, video)