22:55 / 13.02.2019
10 632

Yana eshak va eshak go‘shti mojarosi

Yana eshak va eshak go‘shti mojarosi
Bugun eshak va eshak go‘shti muammosi dunyoning boshqa bir burchagida — Keniyada dolzarb tus olgan. Hammasiga mamlakatda eshak go‘shti iste’moli va eksportiga rasman ruxsat berilishi sabab bo‘lgan. Bu haqda BBC’ga tayanib, «Xalq so‘zi» xabar berdi.

Keniya misolida ham asosiy xaridor sifatida Xitoy o‘rtaga chiqqan.

Eshak go‘shti va terisiga bo‘lgan buncha talabni ko‘rib, mahalliy qassoblar kuniga mingtacha eshak so‘yishga o‘tishgan. Buning ortidan, bozorda eshaklarning narxi osmonga sapchigan, eshak o‘g‘rilari soni keskin ko‘paygan. Keniya qishloqlarida hali-hanuz ko‘pchilik eshaklar mehnatidan foydalanadi. Eshaklarda suv, o‘tin, ko‘mir keltiradi, qum tashib, sotib, tirikchiligini o‘tkazadi.

Ularning aytishlaricha, mavjud vaziyatni ko‘rib, uyqularini yo‘qotishgan, eshaklarini o‘g‘rilardan himoya qilish tashvishiga tushib qolishgan.
Ma’lum bo‘lishicha, hammadan ham ekspertlar xavotirda. Ularga ko‘ra, eshaklarni so‘yish jarayoni jadallik bilan tartibga solinmasa, bor-yo‘g‘i 10 yilning o‘zida Keniyada birorta ham eshak qolmasligi mumkin.

Eshak o‘g‘rilari, eshak go‘shti va eshak terisi mavzusi yaqinda Markaziy Osiyo davlatlarida ham bo‘y ko‘rsatgandi.
Mahalliy aholi orasida va ommaviy-axborot vositalarida qizg‘in bahsu munozaralarga ham sabab bo‘lgan.

O‘tgan yil boshida «O‘zbekiston 24» telekanali eshak go‘shtini mol go‘shti deya jamoat oshxonalariga tarqatgan uch shaxs qo‘lga olingani haqidagi ko‘rsatuvni namoyish etgan.

2017 yil noyabrida esa Toshkentdagi kolbasa sexiga Xorazmdan 69 kilogramm eshak go‘shtini olib kelgan ikki shaxs va bu go‘shtni mol go‘shti deb rasmiylashtirgan sex xodimlari ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani xabar qilingandi.

Qirg‘izistonda esa o‘tgan besh yil ichida eshaklar soni ikki barobar kamayib ketgan. Hukumat bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2012 yilda mamlakatda 77 ming bosh eshak bo‘lgan.

2017 yilga kelib esa ularning soni 33 mingtaga tushib qolgan. Ekologlarning ogohlantirishlaricha, yana bir necha yildan keyin Qirg‘izistonda ham eshaklar umuman yo‘qolib ketishi mumkin.
Xabarga ko‘ra, xitoyliklar eshak terisini etszyao jelatini tayyorlashga ishlatadi.

An’anaviy xitoy tibbiyotida bu jelatin bilan kamqonlik va saraton xastaliklari davolangan, hozirda esa u kosmetika, oziq-ovqat sanoati va qandolat mahsulotlariga qo‘shiladi. Xitoyda uni «hayot» yoki «yoshlik eliksiri» sifatida reklama qiladilar.

Xitoy tabiblarining iddao qilishicha, bu eliksir qon aylanishini yaxshilaydi, bola tushib qolishi oldini oladi va teri qarishini sekinlashtiradi.
Alibaba internet-do‘konida etszyao asosida tayyorlangan mahsulotlar narxi $2000 ga qadar yetishi mumkin.

Xitoyning Sog‘liqni saqlash bo‘yicha davlat qo‘mitasi etszyaoning foydali xususiyatlari bo‘rttirib yuborilgani haqida ogohlantirishiga qaramay, eshak terisini qayta ishlash sohasi faqat gullab-yashnamoqda.

Xitoyning o‘zida yiliga 4 million eshak etszyao tayyorlash uchun so‘yiladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatdagi eshaklar soni 1990 yildagi 11 milliondan 2017 yilda 3 millionga tushib qolgan.

Uzoq yillar davomida eshaklar Xitoyga Afrikadan olib kelingan. Ammo bu qit’adagi kamida yetti davlat jonivorlarning xorijga sotilishini taqiqlab qo‘ygan. O‘shandan so‘ng xitoylik tadbirkorlar e’tiborini Markaziy Osiyoga qarata boshlagan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yana eshak va eshak go‘shti mojarosi