11:00 / 26.02.2019
5 423

“Madaniy sarpo‘sh” yoxud Otaturkning shlyapa qonuni qurbonlari

“Madaniy sarpo‘sh” yoxud Otaturkning shlyapa qonuni qurbonlari
Turkiyada 1925 yilda qabul qilingan “Shlyapa kiyish haqida”gi qonun tufayli kamida o‘nlab kishi o‘lim jazosiga mahkum etilgan, qanchadan-qanchasi qamalgan va surgun qilingan edi. Hozirga kelib u qo‘llanmayotgan va shlyapa kiymaganlik uchun jazo bekor qilingan bo‘lsa-da, mazkur qonun de-yure hali ham amalda. Atigi uch moddadan iborat qonun nafaqat Turkiya, balki butun dunyodagi eng g‘alati qonunlardan biridir.

“Shlyapa kiyish haqida”gi qonun 1925 yilning 25 noyabrida Turkiya parlamentida qabul qilindi. Unda parlament a’zolari va davlat idoralari xodimlarining majburiy tarzda shlyapa kiyishi belgilab qo‘yildi, shlyapa kiyishga qarshilik ko‘rsatish esa man etildi. Turkiya Respublikasining asoschisi Mustafo Kamol Otaturk bu qonun orqali xalqni “eskilik sarqiti bo‘lmish salla va feska”dan qutqarmoqchi edi. U shunday degandi: “Afandilar, millatimizning boshidagi johillik, g‘ofillik va mutaassiblikning hamda rivojlanish va sivilizatsiyaga dushmanlikning timsoli bo‘lgan feskani uloqtirib, butun sivilizatsiyalashgan dunyo kiyadigan shlyapani kiyish va shu orqali turk millatining sivilizatsiyalashgan hayotdan fikr olib, farqli emasligini ko‘rsatish kerak edi”.

Otaturk 1925 yilning 24 avgust kuni Kastamoni viloyatiga borganida xalqqa shlyapa kiygan holda ko‘rinish berdi. O‘zining izoh berishicha, boshqa viloyatlarda odatda uni harbiy formada yoki feskada ko‘rishgan, kastamonuliklar bilan birinchi marta uchrashayotgani uchun shlyapa kiyishga qaror qilgan. Ertasi kuni Otaturk viloyat markazidan Inebolu tumaniga bordi u yerda “Shlyapa nutqi”ni so‘zlab, oddiy xalq orasida “madaniy sarpo‘sh” deb ataluvchi shlyapani targ‘ib qildi: “Redington, smoking singari mana, shlyapangiz! Buni joiz emas deganlar bor. Ularga aytamanki, juda g‘ofilsizlar va juda johilsizlar, ulardan so‘rayman: yunonlarning sarpo‘shi bo‘lgan feskani kiyish joizu, shlyapa nega joiz emas? Ularga, butun millatga eslatmoqchiman: Vizantiya poplari va yahudiy ruhoniylarining maxsus kisvasi bo‘lmish jubbani qachon, nega va qanday kiydingiz?”

Ammo Otaturkning “turklarni sivizilatsiyalashtirish”ga urinishi xalqqa qimmatga tushdi. Qonun qabul qilingan kun Erzurumda norozilik namoyishlari o‘tkazildi, viloyat hokimining uyi oldida to‘planganlar “Bizga kofir ma’mur kerak emas!” deb baqirdi. Viloyatda bir oylik favqulodda holat e’lon qilindi. Hibsga olinganlardan 13 nafari o‘limga mahkum etildi. Qayserida esa 300 kishi hibsga olindi, taniqli diniy rahnamolardan biri Shayx Ahmad Afandi va uning to‘rt safdoshiga o‘lim jazosi berildi. Sivasda mahalla raislarining bari qamoqqa tiqildi, keyinroq aybsiz deb topilganlar qo‘yib yuborildi, ulamolardan Mehmet Najoti Afandi va Abdurahmon Afandi o‘limga mahkum qilindi.

Rizada o‘n kun davom etgan norozilik namoyishlarida 143 kishi ushlandi, ulardan 8 nafari qatl etildi. Marashda Kabir jomesi atrofida yig‘ilib, “Shlyapa istamaymiz!” deb hayqirganlar hibsga olindi, 5 kishiga o‘lim jazosi berildi. Istanbulda ham juda ko‘p kishi ushlandi va ular Anqarada sudlandi. Shlyapa qonunining eng mashhur qurbonlaridan biri iskiliplik Atif domla bo‘ldi. U qonun qabul qilinishidan bir yil oldin “G‘arbga taqlid va shlyapa” nomli kitob chiqargan edi. Kitob rasmiy ruxsat bilan nashr etilgan bo‘lsa-da, domla baribir dorga osildi.

Bularning bari shlyapa uchun, shlyapa kiyishni istamaganlarni boshidan juda qilish uchun bo‘ldi. Ammo Otaturk “Turkiyani sivilizatsiyalashtirish” haqidagi fikrlarida qat’iy edi: “Reaksion fikrdagilar ma’lum bir sinfga tayanishlarini o‘ylaydilar: bu mutaqo xomxayol, gumondir. Rivojlanish yo‘lida birzga qarshi chiqmoqchi bo‘lganlarni yanchib o‘tamiz. Yangilik yo‘lida to‘xtab qolmaymiz”.
Ubaydulloh Adhamov tayyorladi.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “Madaniy sarpo‘sh” yoxud Otaturkning shlyapa qonuni qurbonlari