12:10 / 10.03.2019
8 746

Eng mashhur oʻgʻri ayollar (foto)

Eng mashhur oʻgʻri ayollar (foto)
Oʻgʻrilik bir qarashda erkaklarning odatidek tuyuladi. Lekin tarixda shunday oʻgʻri ayollar, firibgarlik bilan shugʻullangan xonimlar oʻtganki, ular zaifalar boʻlsalar-da, kuchli jins vakillarining ancha-munchasini ortda qoldirganlar.

Sonka “Zolotaya Ruchka”

Foto: Korrespondent
Rossiya imperiyasi tarixidagi eng mashhur oʻgʻri ayol – Sonka “Zolotaya Ruchka” (Sheyndlya-Sura Leybovna Solomoniak) 1846 yilda yahudiy oilasida tugʻildi. Otasining qonunbuzar doʻstlari koʻp boʻlib, bu holat uning tarbiyasiga taʼsir qilmay qolmaydi.

Sonka imperiyaning cheksiz hududlarida sochilib ketgan yirik shaharlarni aylanib yurarkan, yuzlab odamlarni ship-shiydam qilib ketgan. Uning domiga ilinganlar orasida savdogarlar, bankirlar, harbiylar, sudxoʻrlar, turli-tuman amaldorlar, qoʻyingki puli boʻlgan barcha soha vakillari boʻlgan.

Eng mashhur va samarali usulini u poyezdlarda va mehmonxonalarda qoʻllardi. Poyezdda boyvachchaning choyiga uyqu dori berib bor-budini oʻmarsa, mehmonxonada badavlat odam yotgan xonaga tong sahar kirib kirib borar, agar u uygʻonmasa, borini supurib ketar, uygʻonib qolsa darhol yechinishni boshlar va keyin xonani adashtirib yuborganini bahona qilardi. Shu usul bilan u birgina general Frolovning xobgohidan 240 ming rublni oʻgʻirlab ketadi. Bu 5-10 soʻmga qoʻy, 30-50 soʻmga qoramol sotib olish mumkin boʻlgan davrlardagi oʻgʻirlik edi.

Koʻplab marta qamalishiga qaramay oʻz odatidan voz kechmagan bu ayol haqida pyesalar sahnalashtirilgan, filmlar ishlangan, kitoblar yozilgan.

Kessi Chedvik

Foto: Vikipediya
XIX asrda yashab oʻtgan bu ayol 14 yoshidayoq cheklarni qalbakilashtirib qoʻlga tushgan. Keyinchalik u folbinlikni odat qilib, Amerika shaharlari boʻylab kezganicha mijozlarini chuv tushirishga kirishadi va aql bovar qilmas boylikni oʻmaradi.

1897 yilda u oʻz davrining eng badavlat ishbilarmonlaridan biri boʻlgan Endryu Karnegining uyi yoniga boradi va oʻzini xuddi uyga kirib chiqqanday tutib, atrofdagilarga Karnegi imzosi boʻlgan 2 million dollarlik veksel koʻrsatadi va oʻzini Karnegining nikohdan tashqari qizi deb tanishtiradi. Qiyoslash uchun oddiy ishchining bir kunlik maoshi oʻsha paytlarda 1 dollar atrofida boʻlgan.

Shahar boʻylab magnatning qizi boʻyicha xabarlar tarqaladi va darhol ayol atrofida gumashtalar paydo boʻladi. Keyingi 8 yil davomida “magnat qizi” hashamat ichida yashaydi. Banklar unga istaganicha qarz berishar, hech kim Karnegidan bir ogʻiz soʻrashga botinmasdi. Kessi Chedvik bir qarzini yopish uchun ikkinchisini olar, oʻzi ham istaganicha pul sovurardi. 1904 yilga kelibgina uning firibi oshkor boʻldi va 14 yilga qamaldi.

Knyaginya Tarakanova

Foto: Pikabu
XVIII asrning yetmishinchi yillarida Parijda oʻzini rus malikasi deb atagan xonim paydo boʻladi va nazokati bilan hammaning eʼtiborini oʻziga qaratib oladi. Bankirlar, zodagonlar orasida tanish-bilishlar orttirgach, katta-katta ssudalar olishni boshlaydi va sulolasining sharqdagi boyliklari bilan uzishni vaʼda qilib, hammani ishontiradi. Oʻzini rus imperiyasi vorisi Yelizaveta Petrovnaning qizi deb tanishtirgan Tarakanova xonim hatto Angliya banklarini ham chuv tushira boshlaydi.

Tez orada uning qilmishlari haqida Yekaterina II xabardor boʻladi va graf Aleksey Orlov uning buyrugʻiga koʻra xonimni qoʻlga olishga kirishadi. Reja juda oson va samarali edi. Orlov xonimga turmushga chiqishni taklif qiladi va toʻyni oʻz kemasida oʻtkazishini bildiradi. Albatta uni darhol qoʻl-oyogʻini bogʻlab Rossiyaga qaytarishadi hamda Tarakanova xonim tergov hibsxonasida vafot etadi. Sir ochilgan boʻlsa-da, endi u boyliklarni qaytarishning iloji yoʻq edi.

Doris Peyn

Foto: Medialeaks
XX asrning eng mashhur olmos oʻgʻrisi Gʻarbiy Virginiyadagi kambagʻal oilada dunyoga keladi. Qora tanlilar huquqlariga havas qilib boʻlmaydigan oʻsha yillarda u dastlab kiyim oʻgʻirlash bilan oʻgʻrilik olamiga qadam qoʻygan.

Ammo bu juda mayda ishlar boʻlib, katta daromad qilib boʻlmasdi. Shundan keyin u zargarlik doʻkonlarini oʻmara boshlaydi. Dorisning ish uslubidagi oʻziga xoslik shundaki, u doim sotuvchining koʻz oʻngida oʻgʻirlagan, talonchilik qilmagan, hech kimga qurol oʻqtalmagan va hamisha xushmuomala boʻlgan. Oʻgʻirlik haqida odatda ancha vaqt oʻtgandan keyin bilishardi.

Oʻgʻirlik sanʼatini kuchaytirgan sari brilliantlar salmogʻi ham osha boshlaydi. U Amerika boʻylab safarlari davomida yuzlab zargarlarni shilib oladi va zerikkanidan Yevropaga joʻnaydi. Koʻhna qitʼada ham koʻplab qimmatbaho buyumlarni oʻgʻirlaganiga qaramay qochib qutulishga muvaffaq boʻladi.

Faqat 1984 yilga kelibgina politsiya uning iziga tushadi va uyiga kelgan izquvarlar hayratda qolishadi – millionlab dollarlik taqinchoqlarni oʻmarib pullagan ayol qashshoqlikda kun kechirardi. Buning sababi tez orada maʼlum boʻldi – Doris giyohvandlikka chalingan oʻgʻli va saratondan azob chekayotgan onasini davolatish uchun katta mablagʻ sarflagan ekan. Shuningdek, u qolgan pullarni onkologik gospital va mahalliy cherkovga xayr qilib yuborgani maʼlum boʻldi.

Bu holning oʻziga xos jihati shundaki, ayolga xayrixohlar ham paydo boʻldi va Doris yengil jazo bilan qutulib qoldi. Lekin xonim keksayib qolganda ham oʻz qiligʻidan voz kechmaydi va 2015 yilda 84 yoshli Doris Peyn yana 5 yilga kesilib ketdi.

Manba: Kun.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Eng mashhur oʻgʻri ayollar (foto)
[/banner_pushhouse