07:57 / 11.03.2019
15 808

Gʻaroyib hodisalar izidan: “Narigi dunyoning sirlari…”

Gʻaroyib hodisalar izidan: “Narigi dunyoning sirlari…”
Tibbiyotda ham baʼzan dunyoni larzaga soluvchi hodisalar boʻlib turadi. Kolumbiyalik 82 yashar kampir Medelin Xuliana Menendes toʻrtinchi marta narigi dunyodan qaytib, barchani lol qoldirgan…

OʻTA MAXFIY
Bu albatta jahon rekordi deb bemalol aytish mumkin. Chunki shu kunga qadar hech kim Xuliana kampirga oʻxshab qayta-qayta tirila olmagan. Tirilgan boʻlsa ham toʻrt marotaba emas…

Kampir azaldan infarktdan azob chekar, lekin har safar komaga tushganda, vrachlar yordamida, qolaversa, omad tufaylimi, yana oʻziga kelaverardi. Oxirgi yurak xurujidan keyin ham shunday boʻldi. Hozir kampir tinimsiz jurnalistlarga intervyu berib, narigi dunyoda koʻrganlarini hikoya qilib yotibdi.

Uning aytishicha, oʻlgan odam juda tinch holatda boʻlarkan. Quloqlari ostida juda yoqimli bir kuy taralib turarkan. Baʼzilar qandaydir yerosti yoʻli haqida gapirishadi. Unaqangi narsa boʻlmasmish.

— Men farishtalarni oʻz koʻzlarim bilan koʻrdim. — deydi kampir. — Odamlar aytishardi. Farishtalar qanotli boʻlishadi deyishardi. Boʻlmagan gap ekan. Ularda hech qanday qanot koʻrmadim…

Qolaversa, har bir oʻlgan odam shu zahoti jannatga tushadi. Bu joyni, afsuski, soʻz bilan taʼriflab boʻlmaydi. Qisqa qilib aytish mumkin, jannatda odam osuda va ajoyib bir hayotni kechiradi…

Xitoylik 68 yoshli Min Dachin ham narigi dunyoda ikki marta boʻlib qaytishga erisha olibdi. Birinchi marta avtohalokatdan keyin boʻlsa, ikkinchi bor tok urishi oqibatida. Ikkinchi bor tirik qolgach, u oʻz koʻzi bilan koʻrgan narsalarni qogʻozga tushirib kitob holiga keltiradi. Biroq saksoninchi yillarda bu taxlit kitoblarning nashr etilishiga ruxsat berishmasdi. Shu sababli ham Dachin kutishga majbur boʻldi. Nihoyat oʻtgan yili uning narigi dunyo sirlari toʻgʻrisidagi kitobi ikki million nusxada chop etilib, odamlarda katta qiziqish uygʻotdi.

Xitoylik qahramonimizning yozishicha, narigi dunyodagi hayot hozirgi hayotimizdan tubdan farq qiladi.

— U dunyo judayam zerikarli va qoʻrqinchli. — deb yozadi Dachin. — Umuman, oʻlim oʻta ogʻir ish. Tanani tark etib ketgan ruh koʻplab ogʻir sinovlarga duchor boʻladi. Avvalo uni soch tolasi kabi ingichka qil koʻprikdan oʻtishga majbur etishadi. Koʻprikning ikki yonida olov. Ruh bilan koʻrinmas suhbatdosh oʻzaro muloqotga kirishib, yorugʻ dunyodagi qilmishlari toʻgʻrisida surishtira boshlaydi. Mabodo birtta savolga notoʻgʻri javob berib qoʻysa, tamom, shu ondayoq olov qaʼriga qulab tushadi…

OʻZ JONIGA XIYONAT
Toʻgʻri, oʻlimdan keyingi hayot har bir odamni qiziqtiradi. Lekin shu kungacha hech kim toʻliq javob eshitish baxtiga muyassar boʻlgan emas. Balki bu sir sirligicha qolib ketar…

Ammo dunyoda narigi dunyo bilan qiziquvchilarning shundaylari bor ekanki, ular atayin koma holatiga tushishdan ham toymas ekanlar…

Masalan, buxarestlik 27 yashar Mauritsiya Radesku narigi dunyoni oʻz koʻzlari bilan koʻrmoqchi boʻlib, qoʻrqmasdan bir xalta uyqu dorini ichib yubordi. Hushini yoʻqotayotib uy eshigini ochiq qoldirdi. Xayriyatki, vrachlar uni oʻziga keltirishdi. Ruhshunosning “Nega bunday qilding?” degan savoliga Radesku xotirjamgina javob qildi.

— Oʻtgan yili bir doʻstim olamdan oʻtgandi. Shu bilan koʻrishib hol-ahvolini bilmoqchi edim…

Baxtga qarshi u doʻsti bilan uchrasha olmadi. Oʻzining aytishicha, qandaydir toshloq joylarda daydiy-daydiy yana orqaga qaytibdi…

Amerikalik Metyu Grexem Vuds esa, oʻrtoqlari bilan garov oʻynab boshini qizib turgan gaz plitasi ichiga tiqadi va gazdan to yiqilib qolmaguncha hidlab turaveradi. Uning niyati ham narigi dunyoda boʻlib qaytish edi. Niyati amalga oshmadi. Vrachlar oʻziga keltirishganiga qaramay, hech narsani eslay olmadi. Aksincha, jinnixonada davolanishga majbur boʻldi. Hozirgacha ham u jinnixonada. Juda qoʻrqoq boʻlib qolgan. Hech narsaga tegina olmaydi. Hatto, devorga yaqin borishga-da qoʻrqadi… Vrachlarning aytishlariga qaraganda, Vuds komaga tushgan mahali narigi dunyoda juda dahshatli hodisalarga roʻbaroʻ boʻlgan.

Kim bilsin? Vrachlar ham oʻzlaricha taxmin qilaverishadi. Biz uchun esa, yaxshisi, hech narsani bilmaslik maʼqul.

Manba: Hordiq.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Gʻaroyib hodisalar izidan: “Narigi dunyoning sirlari…”