22:16 / 29.03.2019
2 570

Zelenskiyning nafaqat kinoda, hayotda ham prezident boʻlish orzusi ushaladimi?

Zelenskiyning nafaqat kinoda, hayotda ham prezident boʻlish orzusi ushaladimi?
Foto: “politeka.net”
Yana ikki kundan soʻng, yaʼni 31 martda Ukrainada prezidentlik saylovlarining birinchi turi boʻlib oʻtadi. Saylov byulletenlarida 31 nomzod nomi koʻrsatilgan. Ammo ayni vaqtga kelib, ijtimoiy tadqiqotlar natijalariga koʻra, nomzodlarning besh nafari reyting koʻrsatkichlari boʻyicha boshqalardan ancha peshqadamlik qilmoqda.

Shunday qilib, nafaqat Ukraina, balki jahon siyosati maydonida mashhur boʻlgan va yetarlicha moliyaviy imkoniyatlar va saylovlarda yaxshigina tajribaga ega boʻlgan mamlakatning amaldagi prezidenti Pyotr Poroshenko, Oliy rada deputati Yuliya Timoshenko, Oliy radaning yana bir deputati Yuriy Boyko hamda “Fuqarolik pozitsiyasi” partiyasi rahbari Anatoliy Gritsenkoni ulardan ancha yosh va bu kabi saylovlarda tajribasiz, qolaversa, siyosatdan koʻra shou-biznesga yaqin bir nomzod – 41 yoshli komik aktyor Vladimir Zelenskiy ortda qoldirmoqda.

U shu paytgacha 32,1 foiz ovoz bilan yetakchilik qilib turibdi. “Eski siyosatchilar” haqida ozmi-koʻpmi xabardorligimizni inobatga olgan holda, bugun asosan ukrainalik yoshlarning qoʻllab-quvvatloviga erishib kelayotgan Vladimir Zelenskiyning saylovoldi dasturi, raqiblaridan ustunliklari va kamchiliklari, shuningdek, eng muhim jihat hisoblangan Rossiyaga nisbatan munosabati haqida internet materiallari asosida imkon qadar maʼlumot berishga harakat qilamiz.

Foto: “politeka.net”
Tarjimai holi. Vladimir Zelenskiy 1978 yilning 25 yanvarida Krivoy Rogda dunyoga kelgan. yuridik maʼlumotga ega, lekin oʻz sohasida bir kun ham ishlamagan. Ijodiy faoliyatini KVNda boshlagan Zelenskiy telekoʻrsatuv rahbari Aleksandr Maslyakov bilan murosa qila olmay, oʻzining “Kvartal 95” nomli studiyasiga asos solgan. Studiya asosida turli hajviy shoular, komedik film va seriallar yaratgan. Shulardan biri boʻlmish “Sluga naroda” (“Xalq xizmatkori”) teleserialida Zelenskiy Ukraina prezidentiga aylangan oddiy oʻqituvchi obrazini ijro etgan.

Saylovoldi dasturi. Faqat bir muddat prezident boʻlishini taʼkidlaydi. Qabul qilmoqchi boʻlgan ilk qonuni – “Xalq hokimiyati toʻgʻrisida”. Bu qonun xalqning referendumlar orqali hukumat oldiga vazifalar belgilab berishiga imkon yaratadi. Har bir ishbilarmon oʻz daromadining besh foizini qonuniylashtirish huquqiga ega boʻladi. Har bir bola davlat tomonidan oʻzlashtirilayotgan tabiiy zaxiralardan oʻz hisobiga daromad yigʻib bora oladi. Imtiyozlar va subsidiyalar monetizatsiya qilinadi. Ukraina ekologik toza mahsulotlar sotadigan jahon bozoriga aylanadi.

Siyosatga qadam. Zelenskiy 2013 yili “Yevromaydon”ni qoʻllab-quvvatlab, ishtirokchilar oldida nutq soʻzlagan. Ukraina sharqidagi mojarolar boshlangandan buyon mamlakat armiyasi harakatlariga xayrixohlik bildirib, bir necha bor Donbassdagi harbiy harakatlarda ishtirok etayotgan harbiylar uchun konsertlar bergan. Shuningdek, “95-kvartal”dagi boshqa ishtirokchilar bilan birga Ukraina armiyasi ehtiyojlariga bir million grivna hadya qilgan.

U Donbass masalasini urushsiz, Moskva va shaxsan Putin bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilish yoʻli bilan hal etishni taklif qiladi. “Minsk kelishuvi ishlamayapti. Toʻgʻrimi? Toʻgʻri. U yerga urushga boraylikmi? Shaxsan men bunga qarshiman: ehtimol men «Kvartal”da juda qattiqqoʻl rahbardirman, lekin bu yerda gap insoniyat hayoti haqida ketyapti. Va men insonlar hayotini birinchi oʻringa qoʻyaman: odamlarni asrash – bizning asosiy maqsadimiz. Shu bois “biz armiya bilan boramiz” shaklidagi har qanday variantni darhol rad etaman,» – deya oʻzining tinchlikparvarlik siyosatini maʼlum qilgan edi intervyularidan birida u.

Rossiya haqida. “Men u yerga tomosha qoʻygani bora olmayman, bundan oʻzimni shunchaki yomon his qilaman”. Shu fikrining oʻzi Zelenskiyning Rossiya haqidagi qarashlarini yaqqol ifodalaydi. Ammo aktyor Rossiya bilan kelishmovchiliklarni ikki tomonlama muzokaralar yoʻli orqali hal etish mumkin deb hisoblaydi. Unga koʻra, Moskva nima xohlayotganini anglash va unga nisbatan javoblarni umumxalq referendumida tasdiqlatgan holda harakat qilish kerak, deb hisoblaydi.

Yutuqlari. Avvalo, Vladimir Zelenskiy Ukraina siyosiy maydonida “nomiga dogʻ tushmagan, yangi” imij sifatida namoyon boʻldi. Aynan shu jihat korrupsiya va vaʼdalardan charchagan xalq uchun umid uchquni boʻlib turibdi. Ikkinchidan, saylovchilar uni “Sluga naroda” serialining korrupsiyaga botgan amaldorlar bilan murosa qilmaydigan halol qahramoni sifatida biladi. Uchinchidan, oʻz targʻibot ishlarini butun Ukraina boʻylab konsertlar koʻrinishida oʻtkaza oladi. Odamlarning turli shoularga oʻchligini inobatga olsak, bu unga kutilgan samarani bermoqda.

Kamchiliklari. Siyosiy yoki ijtimoiy faoliyatda tajribasi yoʻqligi – uning asosiy kamchiligi sifatida koʻrilyapti. Bundan tashqari, koʻplab siyosatchilar uni ziddiyatli shaxs boʻlmish oligarx Igor Kolomoyskiy bilan yaqin aloqada ekani haqida gapirishmoqda. “Zelenskiyning oʻz siyosiy qarashlari yoʻq va osonlikcha fitna qurboni boʻlishi mumkin. Siyosiy tajriba bunday odamlar xavfli boʻlishini taʼkidlaydi. Chunki ular barqaror mafkuraviy munosabatga ega emaslar va tajribali intriganlar qoʻlida oʻyinchoq boʻlib qolishlari mumkin”, – deydi siyosatshunos Mixail Pogrebinskiy.

Shuningdek, Rossiyada biznesi mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham uning imijiga soya solishi mumkin.

Foto: “viva.ua”
Shaxsiy hayoti. Oilali. Zelenskiy parallel sinfdan oʻqigan Yelena Kiyashkoga uylangan. Ularning ikki nafar farzandi – Aleksandra (2004 y.) va Kirill (2013 y.) bor.

Xullas, “Birgalikda amalga oshi-ramiz!” shiori ostida Ukraina prezidentligiga daʼvogarlik qilayotgan Vladimir Zelenskiyning niyatlari ezgu. Boshqa nomzodlar ham oʻz qarashlaridan kelib chiqqan holda Ukrainaga katta vaʼdalar bermoqda. Biz esa mamlakat boshqaruvi kelajakda kimga nasib qilishidan qatʼi nazar, Ukrainani nizolardan xoli demokratik davlatga aylantirishini istab qolamiz. Va bu borada ukrain xalqiga faqat va faqat toʻgʻri tanlov va donishmandlik tilaymiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiyning nafaqat kinoda, hayotda ham prezident boʻlish orzusi ushaladimi?