18:36 / 02.07.2019
3 828

Yevropada jazirama issiqlik rekord darajaga yetmoqda

Yevropada jazirama issiqlik rekord darajaga yetmoqda
Foto: «RIA Novosti»
Yevropaning bir qator davlatlarida kuzatilgan issiq havo odamlar salomatligi, qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitga katta xavf tug‘dirmoqda. «TASS»ning xabar berishicha, bu haqda Jahon meteorologik tashkiloti ma’lum qilgan.

Issiqlik rekord darajaga yetgan Yevropa davlatlari orasida eng diqqatga sazovori 28 iyunda Fransiyaning Gallarg-le-Montyuyo shahrida Selsiy bo‘yicha 45,9 daraja qayd etilganidir. Bu Fransiya hududida ro‘yxatga olingan eng yuqori harorat.

Germaniyada yangi harorat rekordi 30 iyundan boshlab 39,6 darajani tashkil etdi. Germaniya metoxizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 234 ta metostansiyalarda jaziramaning yuqori ko‘rsatkichlari qayd etilgan. Ularning 223 tasida bu ko‘rsatkich 35 darajadan yuqori bo‘lgan.

Avstriya ham meteorologik kuzatuvlar tarixida eng issiq kunlarni boshidan kechirgan bo‘lib, harorat o‘rtacha 4,5 daraja yuqori bo‘lgan. Shveysariyada esa, ma’lumotlarga ko‘ra, 85 stansiyaning 43 tasida iyun oyida rekord daraja issiqlik kuzatilgan, stansiyalarning 6 tasida esa mutloq mahalliy rekord qayd etilgan.

Davos tog‘-chang‘i kurortida 1594 metr balandlikda havo harorati 29,8 darajaga ko‘tarilgan. Chexiyada yangi mahalliy rekord 26 iyunda kuzatilgan bo‘lib, havo harorati 38,9 darajaga yetgan. Polshada ham rekord darajada issiqlik kuzatilgan.

Meteorologlarning prognoziga ko‘ra, bu haftada Yevropaning markaziy hududlarida harorat uzoq muddatli o‘rtacha ko‘rsatkichlarga nisbatan 3—6 daraja, dunyoning qolgan qismlarida esa 1—3 daraja yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yevropada jazirama issiqlik rekord darajaga yetmoqda