16:18 / 13.09.2019
3 027

Ekzosayyorada suv bug‘i aniqlandi. Buni hayot nishonasi deyish mumkinmi?

Ekzosayyorada suv bug‘i aniqlandi. Buni hayot nishonasi deyish mumkinmi?
Foto: BBC
«Xabbl» teleskopi faoliyatiga bag‘ishlangan «Spacetelescope.org» saytining xabar berishicha, mazkur teleskop kuzatuvlar tarixida birinchi marta o‘zga yulduz sistemasidagi ekzosayyora atmosferasida suv bug‘i mavjudligini aniqlagan. Bu haqda, shuningdek, NASA ham xabar berdi.

Xo‘sh, bu o‘sha ekzosayyorada hayot nishonasi bor deyish uchun asos bo‘la oladimi? Afsuski yo‘q. Olis ekzosayyora atmosferasida suv bug‘i aniqlangani bu yerda tiriklik mavjudligiga yetarlicha dalolat qila olmaydi. Biroq ekzosayyoralar atmosferasida suv bug‘i aniqlanishi faktining o‘zi shuni anglatadiki, demak Yerdagi teleskoplarning hozirgi texnologik rivojlanganlik darajasi bilan biz hayot uchun yaroqli ekzosayyoralarni qidirib topa olamiz!

«Xabbl» teleskopidan olingan tasvirlarni tahlil qilish asnosida London universitet kolleji (UCL) olimlari K2-18b ekzosayyorasi atmosferasida suv bug‘i mavjudligini aniqlagani haqidagi xabarni birinchi bo‘lib Nature jurnalida e’lon qilishgan. K2-18b bizdan 111 yorug‘lik yili masofasida, Arslon yulduz turkumidagi qizil mitti yulduz sistemasida joylashgan ekzosayyora bo‘lib, massasi Yer massasidan sakkiz barobar katta ekani ma’lum. Shunga ko‘ra, uni «Yirik Yer» yoki «SuperEr» degan nom ostida keltirilgan maqolalarni ilmiy bo‘lmagan ayrim nashrlarda uchratib qolishingiz mumkin. K2-18b ekzosayyorasi o‘z yulduzini 33 kunda aylanib chiqadi. Uning atmosferasida, shuningdek, kam miqdorda bo‘lsa-da, geliy va vodorod gazlari ham aniqlangan.

Ushbu ekzosayyora o‘z yulduziga nisbatan «yashash muhiti» deb nomlanadigan masofada joylashgani unda suvning suyuq holda bo‘lishini taqozo qiladigan omillardan biridir. Suyuq suv mavjudligi esa muayyan osmon jismida hayot yuzaga kelishi uchun eng asosiy shartlardan biri hisoblanadi. K2-18b’da suv bug‘i aniqlangani unda suv suyuq holatda mavjudligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ishora hisoblanadi. Albatta, K2-18b’da hayot mavjud bo‘lishi ehtimolini boshqa ayrim omillar keskin pasaytirib yuborgan; biroq olingan natija, ya’ni ekzosayyorada suv bug‘ining mavjudligi boshqa bir fundamental masala yuzasidan savollarga oydinlik kiritishi kutilmoqda.

Masala shundaki, hozirda bizga ma’lum osmon jismlari orasida faqat Yer sayyorasidagina suv suyuq holda mavjud bo‘lib, uning har uchala agregat holatida bo‘la olishi va tabiatda suvning aylanishi hodisasi boshqa sayyoralarda kuzatilmaydi. Shu jihatga ko‘ra butun koinotda Yer noyob sayyora bo‘lsa kerak degan fikr mavjud. Agar basharti K2-18b’da suv bug‘i aniqlangan ekan, demak Yerimiz bu jihatdan noyob sayyora bo‘lmasligi katta ehtimol.

Eslatib o‘tamiz, K2-18b sayyorasi 2015 yilda Kepler teleskopining ikkinchi missiyasi davomida aniqlangan edi (shu sababli ham uning nomida K2 degan joyi bor). Olimlar uning 2016–2017 yillarga oid «Xabbl» orqali olingan tasvirlarini maxsus kompyuter dasturi vositasida filtrlab o‘rganib chiqqan. Tadqiqotchilar, shuningdek, ushbu sayyora atmosferasida yana metan va azot gazlari ham mavjudligiga ishora beruvchi belgilarga duch kelganini aytgan bo‘lsa-da, biroq bu hali isbotlanmagan fakt ekanini va bu borada keyingi tadqiqotlar aniqlik kiritishini ta’kidlab o‘tgan.

Shuningdek, bu va bu kabi sayyoralar borasidagi yangi va yanada aniqroq ma’lumotlarni yaqin yillarda koinotga chiqarilishi kutilayotgan kosmik teleskoplarning yangi avlodi, xususan, «Jeyms Uebb» teleskopi taqdim etishiga ham ishonch bildirilgan. Shuningdek, ekzosayyoralarni tadqiq qilishda 2028 yilda uchirilishi rejalashtirilgan ARIEL loyihasi ham katta turtki berishi kutilmoqda. Unga ko‘ra, mingta Yerga o‘xshash ekzosayyora sinchiklab kuzatiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ekzosayyorada suv bug‘i aniqlandi. Buni hayot nishonasi deyish mumkinmi?