15:11 / 30.10.2019
3 604

Qaysi Yevropa davlatlarida musulmonlarga munosabat yaxshiroq?

Qaysi Yevropa davlatlarida musulmonlarga munosabat yaxshiroq?
AQShning Pew Research Center markazi Yevropaning 15 mamlakati mahalliy aholisi o‘rtasida musulmonlarga nisbatan munosabatni o‘rganish maqsadida tadqiqot o‘tkazdi. Respondentlarga “Islom diniga e’tiqod qiluvchilarni qo‘shni va oilangiz a’zosi sifatida qabul qilishga tayyormisiz?” degan savol bilan murojaat qilindi. Natijalar hayratlanarli bo‘ldi, deya yozadi Timeturk.com nashri.

So‘rov natijalariga ko‘ra, G‘arbiy Yevropaning 15 mamlakatidagi aholining aksariyati (83%) musulmonlarni qo‘shni sifatida qabul qilishga tayyorligini bildirgan.

Gollandiya aholisi musulmonlarga nisbatan eng bag‘rikeng ekani aniqlandi. Ushbu mamlakatda so‘ralganlarning 96 foizi musulmonlarni qo‘shni sifatida qabul qilishga tayyorligini bildirdi. Italiyada mazkur ko‘rsatkich 65 foizni tashkil etdi, biroq bu ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi eng yomonidir.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, yevropaliklarning aksari musulmonlarni o‘z oila a’zolari sifatida emas, balki qo‘shnilar sifatida qabul qilishga tayyor ekan.

66 foiz respondent musulmonlarni oila a’zolari sifatida qabul qilishi mumkinligini aytdi. Gollandlar bu jabhada ham peshqadam: respondentlarning 88 foizi bu savolga "ha" deb javob berdi.

Musulmonlarni oila a’zolari sifatida qabul qilish to‘g‘risidagi savolga eng kam ijobiy javob bergan davlat yana Italiya bo‘ldi: respondentlarning bor-yo‘g‘i 43 foizi.

Shunga o‘xshash tadqiqot Amerika Qo‘shma Shtatlarida ham o‘tkazildi. 89 foiz amerikalik musulmonlarni qo‘shni, 79 foizi esa oila a’zosi sifatida qabul qilishi mumkinligini aytdi.

Shu bilan birga, 2019 yil sentyabr oyining oxirida Yevropa mamlakatlarida islomofobiya sezilarli darajada oshgani haqida ma’lumotlar e’lon qilindi. Turkiya siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar jamg‘armasining (SETA) hisobotiga ko‘ra, 2018 yilda Avstriyada islomofobiya bilan bog‘liq jinoyatlar soni 540 tani tashkil etdi, bu 2017 yilga nisbatan 309 taga yoki 74 foizga ko‘pdir.

Fransiyada 2018 yilda musulmonlarga qarshi hujumlar sonining ko‘payishi qayd etildi. Bu yerda musulmonlarga o‘tgan yili 676 marta hujum qilingan (2017 yilga nisbatan 54 foizga ko‘p). O‘tgan yili Germaniyada musulmonlarga 678 ta hujum, masjid hududida 40 ta fitna qayd etilgan. Norvegiyada diniy nafrat bilan bog‘liq 151 ta jinoyat qayd etilgan, 91 foiz holatlarda musulmonlarga nisbatan haqorat va hujumlar bo‘lgan. Buyuk Britaniyada 2011-2018 yillarda islomofobiya negizidagi jinoyatlarning 415 foizga o‘sishi qayd etildi.

"Odamlar nima uchun musulmonlarni individual ijobiy qabul qilishadi, islomga nisbatan esa biroz tanqidiy qaraydi degan savolga aniq javob bera olmaymiz", – deydi Pew Research Center tadqiqot markazi vakillari.
Hamid Sodiq tarjimasi

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qaysi Yevropa davlatlarida musulmonlarga munosabat yaxshiroq?