16:05 / 08.11.2019
3 812

Tojikiston IIV: chegara zastavasiga hujum qilganlarning aksariyati tojikistonliklar, ular orasida ayollar ham boʻlgan

Tojikiston IIV: chegara zastavasiga hujum qilganlarning aksariyati tojikistonliklar, ular orasida ayollar ham boʻlgan
Foto: Nozim Kalandarov/TASS
Tojikiston Ichki ishlar vazirligining aniqlashicha, 6-noyabr kuni chegarachilarga hujum qilganlarning aksariyati mamlakat shimolidan kelgan Tojikiston fuqarolari boʻlgan.

Bu haqda Asia-Plusʻga Tojikiston Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Umarjon Imomali maʼlum qildi. U hujum qilganlar mamlakat shimolining aynan qaysi viloyatidan ekanligiga aniqlik kiritmagan.

Uning soʻzlariga koʻra, ular orasida ayollar ham boʻlgan.
“Tojikiston Bosh prokuraturasi tomonidan chegara zastavasiga hujum qilish holati yuzasidan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan”, - dedi u. Ammo, Umarjon Imomali jinoiy ish qaysi moddalarga asosan ochilganini aytmagan.

Asia-Plusʻning Bosh prokuraturadagi manbasi maʼlum qilishicha, bugungi kunda ushbu ish “terrorizm, qotillik, davlat chegarasini noqonuniy kesib oʻtish” moddalari boʻyicha qoʻzgʻatilgan.

“Tergov jarayonida Tojikiston Jinoyat kodeksining boshqa moddalari boʻyicha ham ish qoʻzgʻatilishi mumkin”, - dedi manba.

Avvalroq, Kobuldagilar Tojikistonga ISHID jangarilari Afgʻonistondan kirib kelganini inkor etishgandi.

Oʻz navbatida, Tojikiston davlat xavfsizlik organlari faxriysi Davlatxoʻja Nazirov ISHIDning chegara zastavasiga hujumi haqidagi versiya ishonchsiz ekanini bildirdi.

2019-yil 6-noyabrga oʻtar tunda qurollangan guruh Tojikiston-Oʻzbekiston chegarasida joylashgan chegara zastavasiga hujum qildi. Hujum “Sultonobod” chegara otryadi harbiy qismining Ishkoboddagi 4-sonli chegara zastavasiga amalga oshirilgan.

Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi matbuot xizmati maʼlum qilishicha, Tojikiston-Oʻzbekiston chegarasida joylashgan chegara zastavasiga hujum qilgan shaxslar ISHID terrorchi guruhi jangarilari boʻlgan. Ular Tojikistonga Afgʻoniston tomondan oʻtib kelishgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tojikiston IIV: chegara zastavasiga hujum qilganlarning aksariyati tojikistonliklar, ular orasida ayollar ham boʻlgan