13:20 / 18.11.2019
3 010

Shinjondagi total nazoratda XXR raisi markaziy rol o‘ynaganini isbotlovchi maxfiy hujjatlar oshkor qilindi

Shinjondagi total nazoratda XXR raisi markaziy rol o‘ynaganini isbotlovchi maxfiy hujjatlar oshkor qilindi
Kecha New York Times Xitoyning Shinjondagi repressiya siyosati va uyg‘urlar/musulmonlar uchun konslagerlar to‘g‘risida ulkan eksklyuziv material e’lon qildi.

Maqolaning o‘ziga xoslik shundaki, u to‘liq xitoylik bir vijdonli amaldor tomonidan taqdim etilgan maxfiy hujjatlarga asoslangan.

Foto: New York Times
Hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, Shinjonda total nazorat va repressiya siyosati boshlanishida va uning hozirgi holatiga kelishida XXR raisi Si Szinpin markaziy rol o‘ynagan. Taqdim etilgan hujjatlar orasida kommunistik partiyaning ichki yig‘ilishlarida shaxsan Si Szinpin tomonidan Shinjondagi total nazorat mexanizmlari to‘g‘risida gapirilgan 100ga yaqin sahifada nutqlar borligi aytilgan.

Shuningdek, 100dan ortiq sahifada XXR kompartiyasining boshqa yuqori lavozimli amaldorlarining nutqlari, yana 100dan ortiq sahifada uyg‘urlarni islom dinidan uzoqlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar taqdim etilgan.

Shu bilan birga, Si Szinpin nutqlaridan birida barcha musulmonlarni emas, faqat ekstremizmga moyillarni nazoratga olishni ta’kidlagani va Xitoyda islomni butunlay yo‘q qilish borasidagi takliflarga qarshi chiqqani hayrat bilan tilga olingan, shunga qaramay repressiya Shinjonning butun musulmon aholisiga nisbatan tarqalib ketgan.

Hammasi Sining 2014 yildagi Shinjonga tashrifidan keyin boshlangan, o‘sha davr atrofida amalga oshirilgan 3-4 qo‘poruvchilik harakatidan keyin XXR raisi qattiq choralar ko‘rishni buyurgan, o‘zining so‘zlari bilan aytganda “diktatura unsurlarini qo‘llashni“ va “umuman shafqat qilmaslikni“ so‘ragan.

Xinhua/Reuters Si Szinpin. 2014 yil Shinjonga tashrif
Repressiya va nazorat ayniqsa deyarli to‘liq aholisi uyg‘urlardan iborat bo‘lgan janubdagi Yorkent tumanida qattiq qo‘llanilishi talab qilingan. Bu yerga rahbar etib tayinlangan Vang familiyali amaldor dastlab xanlarni mintaqaga ko‘chirishni ko‘paytirishdan boshlagan, keyin esa 50 ta basketbol maydoniga teng konsentratsiya lageri qurib, u yerga 20 ming uyg‘urni joylashtirgan.

Shunga qaramay Vang qattiqqo‘l amaldor hisoblanmagan, masalan u uyda Qur’on saqlashning yomon joyi yo‘q deb hisoblagan, 7000dan ortiq tutqinni qo‘yib yuborgan, nazoratni kuchaytirish uchun Shinjon shimolidan jo‘natilgan 62 nafar amaldorni mahalliy aholi bilan til topisha olmaslikda ayblagan. Natijada Vang 2017 yilda partiya ichki buyruqlariga bo‘ysunmaslik aybi bilan hibsga olingan.

Birgina 2017 yilning o‘zida nazorat ishlariga jalb etilgan rasmiylarga nisbatan vazifasini yetarlicha bajarmaslik va buyruqlarga bo‘ysunmaslik yuzasidan 12 mingdan ortiq ishlar qo‘zg‘atilgan. Ularni aniqlash bo‘yicha butun boshli guruhlar tuzilgan (bu Sobiq Ittifoqni eslatmayaptimi?).

Materialda eng ko‘p ta’sirlantirgan narsa ham shu - Shinjondagi repressiya va total nazorat siyosati shunchalik qattiq bo‘lganidan unga jalb etilgan o‘n minglab xitoyliklar jazolanishini bilib turib bajarishdan bosh tortgan yoki (katta ehtimol bilan) ularni o‘ta og‘irlashtirishga yo‘l qo‘ymagani yuqoridagilarga haddan tashqari insoniy bo‘lib ko‘ringan.

Material tashqaridaUZ telegram kanalidan olindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Shinjondagi total nazoratda XXR raisi markaziy rol o‘ynaganini isbotlovchi maxfiy hujjatlar oshkor qilindi