15:50 / 26.11.2019
2 606

Okean ozuqa zanjiriga nima bo‘ldi? Olimlar javob berishga harakat qildi

Okean ozuqa zanjiriga nima bo‘ldi? Olimlar javob berishga harakat qildi
Tunets balig‘i tanasidagi uglerod nisbati ummonlardagi ozuqa zanjirining global o‘zgarganidan dalolat bermoqda. Bu xulosaga yaqindagina e’lon qilingan xalqaro ilmiy tadqiqot natijasida kelingan. Unga ko‘ra, okeanlarda keng tarqalgan tunetsning uch turida tanasidagi uglerod izotoplari nisbati 2000 yildagiga nisbatan jiddiy o‘zgarganligi kuzatilmoqda.

Bu, o‘z navbatida, okean jonzotlarining ozuqa zanjirida bosh bo‘g‘in bo‘lgan fitoplankton populyatsiyasida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y bergani bilan bog‘liq. Bu haqdagi ilmiy tadqiqotni Dyuk universiteti biogeokimyo professori Nikolas Kassar boshchiligidagi ilmiy guruh olib borgan. Xususan, Kassarning o‘zi shunday deydi:

Biz dengiz ozuqa zanjirining yuqori qismida bo‘lgan tunetsda kuzatgan o‘zgarishlar ushbu zanjirning quyi qismida ro‘y bergan tur va fiziologik tarkibiy o‘zgarishlarning aks-sadosidir.

Uning fikricha, fitoplanktonning fiziologik o‘zgarishi global iqlim isishi bilan bog‘liq bo‘lib, bu jonzot endilikda uglerodni nisbatan ko‘proq o‘zlashtirmoqda ekan.

Tadqiqot asnosida olimlar 2000 yildan 2015 yilgacha bo‘lgan vaqt ichida Hind, Atlantika va Tinch okeanlaridan tunetsning uch xil asosiy turidan 4 500 namuna olgan. Tizimli tahlil shuni ko‘rsatdiki, baliq muskul massasining delta C-13 deb nomlanadigan uglerod izotop tarkibi mazkur 15 yil mobaynida 0,08-0,25 foiz atrofida kamaygan.

Kassarning aytishicha, ushbu o‘zgarishlar, albatta, kutilgan edi. Chunki atmosferada uglerod gazlari miqdori ortib bormoqda va bu dengiz ekosistemasiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Shuningdek, bu ummonlarda suv qatlamlarining tarkiban yanada yaqqol ajralib qolishiga olib kelmoqda. Ya’ni okean suvlari tubliklarda suvning zichligi va haroratiga ko‘ra turli o‘zaro aralashmaydigan qatlamlarga ajralib qolishi keskinlashmoqda.

Bu qatlamlarning biri ikkinchisi uchun to‘siq vazifasini bajaradi hamda o‘zidan chuqurroqdagi yoki yuqoriroqdagi ozuqa moddalarini o‘tkazmay qo‘yadi. Bu esa fitoplanktonning oziqlanishiga to‘sqinlik qiladi. Albatta, ilmiy guruh xulosalari hali yakuniy emas va dengiz ekosistemasidagi mazkur o‘zgarishlar, xususan, tunetsning uglerod tarkibiga yana qanday boshqa omillar ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkinligini ham o‘ylab ko‘rish kerak. Ammo olimlarning fikr bildirishicha, tahlillarning o‘ziyoq okean yuzasida ozuqa moddalari miqdori tobora chegaralanib borayotganiga dalolatdir.

Maqolaning batafsil matni 11 noyabr kuni Global Change Biology jurnalida e’lon qilingan. Tadqiqotda AQSh, Kanada, Germaniya, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Ispaniya, Seyshel orollari va Yangi Kaledoniyadan mutaxassislar ishtirok etgan.

Muzaffar Qosimov tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Okean ozuqa zanjiriga nima bo‘ldi? Olimlar javob berishga harakat qildi