17:15 / 14.01.2020
2 949

Ukraina «Boing»i halokati: Eronda bir necha kishi qo‘lga olindi

Ukraina «Boing»i halokati: Eronda bir necha kishi qo‘lga olindi
Foto: AP/TASS
Eron hukumati seshanba kuni «Ukraina xalqaro avialiniyalari» aviakompaniyasi halokatiga aloqadorlikda gumon qilingan bir necha kishi qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Bu haqda «Al-Arabiya» telekanali xabar berdi.
Avvalroq Eron hukumati Islom inqilobi muhofizlari korpusining havo hujumidan mudofaa tizimi operatori yo‘lovchi samolyotni AQSH qanotli raketasi sifatida qabul qilib, uni urib tushirganini tan olgandi.

«Biz bu hodisani va qo‘lga olinganlarning aviahalokatdagi rolini sinchiklab tekshiramiz», - deya Eron adliya vaziri vakili G‘ulomhusayn Ismoiliyning so‘zlarini keltirmoqda Reuters agentligi.

Shu bilan birgalikda u aynan qancha kishi va kimlar qo‘lga olinganiga oydinlik kiritmagan.
O‘z navbatida Eron prezidenti Hassan Ruhoniy telemurojaatida kechirib bo‘lmas xato faqat bir kishining aybi bilan sodir bo‘lishi mumkinmasligini aytib o‘tgan.

«Eron qurolli kuchlari o‘z xatosini tan olgani - birinchi yaxshi qadam», - degan Eron prezidenti.
Ruhoniy uning hukumati Eron xalqi va aviahalokat oqibatida vatandoshlarini yo‘qotgan boshqa xalqlar oldida mas’ul ekanini qo‘shimcha qilgan.

Qayd etish kerakki, Eron hukumati avvaliga mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimi 8 yanvar kuni Boeing 737-800 samolyotini urib tushirganini tan olmagandi. Eronlik amaldorlar 176 kishi o‘limi eronlik harbiylar aybi bilan sodir bo‘lmaganini ta’kidlashgandi. Rasmiy Tehron eronlik harbiylar aybi haqidagi talqinlarni Amerikaning psixologik urushining bir qismi deb atashgandi.

«Ukraina xalqaro avialiniyalari» aviakompaniyasining «Boeing 737» samolyoti 8 yanvar tongida Tehrondan Kiyevga uchayotganida, aeroportdan havoga ko‘tarilganidan bir necha daqiqa o‘tib qulab tushgan, aviahalokat oqibatida borda bo‘lgan 176 kishi (asosan Eron va Kanada fuqarolari) halok bo‘lgandi.

Halokatdan uch kun o‘tib Eron samolyot xatolik tufayli urib tushirilganini tan oldi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina «Boing»i halokati: Eronda bir necha kishi qo‘lga olindi