10:29 / 09.02.2020
3 739

Tailandda odamlarga o‘t ochgan harbiy 21 kishini o‘ldirdi. Politsiya uni otib tashladi (foto, video)

Tailandda odamlarga o‘t ochgan harbiy 21 kishini o‘ldirdi. Politsiya uni otib tashladi (foto, video)
Foto: REUTERS/Athit Perawongmetha
8 fevral kuni Tailand shimoli-sharqidagi Nakxonratchasima shahrida harbiy xizmatchi tinch aholi vakillarini o‘qqa tutdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida 25 kishi halok bo‘lgan, 60dan ortiq kishi jarohatlangan. Hujum qilgan harbiy politsiyachilar tomonidan o‘tkazilgan maxsus amaliyot yakunida otib o‘ldirilgan.

Kichik zobit Jakrafant Tomma avvaliga o‘z boshlig‘ini o‘ldirib, keyin harbiy bazadagi qurollar va o‘q-dorini olib ketgan. Bangkok Post nashri yozishicha, harbiy lager hududida 63 yoshli ayol va bir harbiy ham o‘ldirilgan. Shundan so‘ng Tomma harbiy jipda lagerni tark etgan.

U avvaliga shahardagi bir necha ob’ektga qarata o‘t ochgan, keyin Terminal 21 savdo markaziga kelgan. Mahalliy nashrlarda tarqalgan kadrlarda u mashinadan chiqib, o‘t ochishni boshlashi va odamlar qochishga urinishi tasvirlangan. Kuzatuv kameralaridagi yozuvlarda u vintovkani ko‘targan holda savdo markaziga kirganini ko‘rish mumkin.

Boshqa bir kadrda bino atrofida yong‘in boshlangani ko‘rinadi, tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in benzin to‘la kanistrga o‘q tegishidan kelib chiqqan.

Jakrafant Tomma
Savdo markazidagi operatsiya
Voqea joyiga xavfsizlik xizmati xodimlari yetib kelishgan. Ular savdo markazi hududiga kirishgan va yuzlab kishilarni evakuatsiya qilishgan. Mergan bino yerto‘lasida odamlarni garovga olib, barrikada qurgan holda qarshilik ko‘rsatishda davom etgan, bir necha soatlik maxsus amaliyot yakunida u otib o‘ldirilgan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, yerto‘lada garovga olingan 8 kishi ham qutqarilgan.

9 fevralga o‘tar kechasi savdo markazidagi amaliyot to‘g‘risida turli xabarlar chiqib turdi. Grinvich vaqti bilan soat 22:30da guvohlar savdo markazida bir necha portlash ro‘y bergani haqida aytishdi.

Xabarlardan birida hujum qilgan shaxs binoning orqa eshigi orqali qochib ketgani ham aytildi. Tailand sog‘liqni saqlash vaziri ma’lumotiga ko‘ra, amaliyot vaqtida bir politsiyachi halok bo‘lgan va ikki politsiyachi jarohatlangan.

Motivlar ma’lum emas
Mahalliy aholi vakillaridan biri Bi-bi-si muxbiriga hujum vaqtida bir guruh odamlar bilan birga binoning to‘rtinchi qavatidagi hojatxonaga yashiringani haqida so‘zlab bergan. Keyin u ikkinchi qavatgacha tushishga erishgan va u yerdagi restoranda uch soat davomida stol ostida yashirinib o‘tirgan. Shundan keyin u bir necha o‘q ovozini eshitgan, keyin esa restoran hududiga kirib kelgan harbiylarni ko‘rgan, ular uni xavfsiz joyga olib ketishgan.

Hujum qilganning motivlari noma’lumligicha qoldi. Ammo u ijtimoiy tarmoqda o‘zining hujumini yoritib borgan, o‘z postlaridan birida taslim bo‘lishi kerakmi yoki yo‘qligi haqida so‘rov o‘tkazgan.

Avvalroq esa to‘pponcha va o‘q suratiga ilova qilib «Xavotirga tushish vaqti kelgani» va «Hech kim o‘limdan qochib qutula olmasligi» to‘g‘risida yozgan. Sahifasida nashr qilingan suratlardan birida u olov fonida jilmaygancha suratga tushgan.

Hozirda uning feysbukdagi sahifasi bloklangan.
Feysbuk ma’muriyati bu borada izoh bergan: «Biz jabrlanuvchilarga va butun shahar aholisiga hamdardlik bildiramiz. Feysbukda bunday hayvonlarcha harakat qiluvchilarga o‘rin yo‘q. Va biz bunday hujumlarni qo‘llab-quvvatlash va ma’qullashga ham imkon bermaymiz».

Tailand bosh vaziri Prayut Chan-Ocha yaqin vaqtlar ichida Nakxonratchasimga boradi va matbuot anjumni o‘tkazadi. U shuningdek qurbonlarning yaqinlari va jabrlanuvchilar bilan uchrashishni rejalashtirgan.
Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi mahalliy aholidan jabrlanuvchilar uchun qon topshirishni so‘ragan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tailandda odamlarga o‘t ochgan harbiy 21 kishini o‘ldirdi. Politsiya uni otib tashladi (foto, video)