13:03 / 16.02.2020
10 120

Xitoylik ikki jurnalist Uxandagi haqiqiy holatni ko‘rsatib berishdi (foto)

Xitoylik ikki jurnalist Uxandagi haqiqiy holatni ko‘rsatib berishdi (foto)
Xitoy hukumati koronavirus epidemiyasi tarqalishi bo‘yicha ma’lumotlarni nazorat qilishga urinmoqda / Getty Images
Koronavirus o‘chog‘i bo‘lgan Uxanda epidemiya haqida foto va videolarni internetda tarqatgan ikki jamoat faoli g‘oyib bo‘lib qoldi.
Fan Bin va Chen Syushining videolari YouTube portalida mashhur bo‘lib ketdi, ammo hozir ular yangi kontent taqdim qilishni to‘xtatishdi, ularning qarindoshlari esa ular hozir qayerdaligini bila olishmayapti.

Chen Syushi g‘oyib bo‘lgach uning ijtimoiy tarmoqdagi akkauntlarini yuritayotgan do‘stining aytishicha, u payshanba kuni shifoxonaga borganida majburiy ravishda karantinga joylashtirilgan.

Chenning tvitterda 200 mingdan ortiq folloveri bor, YouTube kanalidagi obunachilari soni esa 400 mingdan ortiq. U doimiy ravishda Uxandagi yangiliklarni yoritib borar, shifoxonalardagi ahvol haqida hikoya qilar, bemorlar hamda shifokorlar bilan gaplashardi.
Bu voqealar Xitoy internetidagi senzuradan darak beradi.

Fan Bin haqida nimalar ma’lum?
Uxanlik tadbirkor Fan Bin virus tarqala boshlaganida «shahardagi haqiqiy vaziyat haqida xabar berib borish» uchun videolar tayyorlay boshlagan.

Fan Bin «hokimiyatni xalqqa qaytarish»ni talab qilgan / Youtube
25 yanvar kuni u Xitoyda taqiqlangan YouTube portalida VPN’dan foydalangan holda birinchi videosini e’lon qilgan.
Dastlabki videoroliklarida u asosan mashinasida shahar kezadi va turli tumanlardagi vaziyatni namoyish etadi - videolar 1000 martadan oshiq ko‘riladi.

Keyin 1 fevral kungi videosida u Uxandagi shifoxona oldida turgan, ichiga 8 jasad solingan mikroavtobusni namoyish etadi. Bu video 200 ming martadan oshiq ko‘riladi.
Fanning aytishicha, o‘sha kuniyoq politsiya uning uyiga kelgan va video bo‘yicha so‘roq qilgan. Uni olib ketishgan, qat’iy ogohlantirishgan, keyin qo‘yib yuborishgan.

9 fevral kuni u 13 soniyalik video e’lon qilgan va unda «barcha odamlarni ko‘tarilish va hukumatni xalqqa qaytarish»ga chaqirgan.
Shundan keyin uning akkauntida hech qanday yangilanish bo‘lmagan.

Chen Syushi haqida nimalar ma’lum?
Muqaddam taniqli advokat va huquq faoli bo‘lgan Chen koronavirus epidemiyasi boshlangach videojurnalistga aylandi. Uni inson huquqlari sohasida yaxshi bilishardi. U o‘tgan yil mobaynida Hongkongdagi voqealarni yoritib borishi orqali katta mashhurlikka erishgan.

Chen Syushining akkauntlari Hongkongdan qaytishi bilan o‘chirib yuborilgan / Youtube
Ko‘p o‘tmay Xitoy hukumati ta’qib qila boshlagan va uning og‘zini yopgan. U Hongkongdan qaytgach 700 mingdan ortiq o‘quvchilari bo‘lgan akkauntlari o‘chirib yuborilgan.

Lekin u uzoq vaqt jim yurmaydi - o‘tgan yilning oktabrida u YouTube-akkaunt ochadi, ayni vaqtda kanal obunachilari soni 400 mingdan ortiq. Unda shuningdek, 265 mingdan ortiq o‘quvchiga ega tvitter sahifasi ham bor.

Yanvar oyi oxirida u Uxanga borib, vaziyat qay darajada yomonlashganini tasvirga olishga qaror qiladi.
«Men o‘z kameralarim orqali bu yerda aslida nimalar bo‘layotgani haqida gapirib boraman. Va’da qilaman, asl holatni… yashirmayman», - degandi u YouTube orqali ilk chiqishida.

U Uxandagi shifoxonaga tashrif buyurgan, sharoitlarni o‘rgangan va bemorlar bilan gaplashgan. U 30 yanvar kuni e’lon qilgan videosida ko‘plab bemorlar shifoxona yo‘lagida yotishgani ko‘rsatilgan. Videoda yaqindagina vafot etgan erkakni quchoqlab olgan va kimgadir qo‘ng‘iroq qilishga urinayotgan ayol tasvirlangan kadrlar ham bor.

Chen tavakkalga qo‘l urayotganini avvaldan bilgan. Fevralda u Bi-bi-si muxbiri Jon Sadvortga bu faoliyatini yana qancha vaqt davom ettira olishini bilmasligini aytgandi.
«Senzura juda qat’iy, mening kontentimni ulashayotgan boshqa odamlarning akkauntlari yopib qo‘yilmoqda», - degan u.

7 fevral kuni uning ayni vaqtda do‘sti tomonidan yuritilayotgan tvitter sahifasida joylashtirilgan videoda onasi o‘g‘li ayni vaqtda qayerdaligini bilmasligi aytilgan.

Uning do‘sti Syuy Syaodun esa Chenni majburiy ravishda karantinga joylashtirishgani haqida xabar bergan.
«Chen Syushi navbatdagi Li Venlyanga [o‘tgan yilning 30 dekabr kuni virus tarqala boshlagani haqida xabar bergan, hukumat vakillari uni mish-mish tarqatishda ayblagan - Bi-bi-si] aylanmasligi kerak! Xitoy odamlar haqiqatni aytishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak», - deb yozgan Weibo tarmog‘i foydalanuvchilaridan biri.

«Dunyoda superqahramonlar yo‘q, shunchaki borini aytadigan oddiy odamlar bor», - deya yozgan boshqasi.

Hukumat nima demoqda?
Xitoy hukumati bu voqealar haqida hozircha izoh bermagan. Amnesty International tashkiloti vakili bo‘lgan Patrik Pun shu vaqtga qadar bu faollar politsiya tomonidan olib ketilgani yoki «majburiy ravishda karantinga joylashtirilgani» bo‘yicha aniq ma’lumot yo‘qligini aytgan.

U hukumat ularning oilasiga ular bilan uchrashish imkoniyatini taqdim etishi kerakligini qo‘shimcha qilgan.
«Xitoy hukumati ularning oila a’zolariga xabar qilishi [ular qo‘lga olingani haqida] va ular o‘z ixtiyori bilan advokat yollashiga imkoniyat yaratib berishi kerak. Ular qiynoqqa solinishi yoki boshqa yomon munosabatga uchrashi mumkin», - degan Pun Bi-bi-si.

Ular nima uchun g‘oyib bo‘lgan?
Ma’lumki, Xitoy hukumati o‘z faoliyati yuzasidan tanqidlarga keskin munosabatda bo‘ladi. Hukumat vaziyat nazoratdan chiqib ketgani haqida tasavvur paydo bo‘lishini ham istamaydi.

Kasalliklardan halok bo‘layotganlardan tashqari sog‘ayayotganlar ham bor / REUTERS
Yanvar oyi boshida epidemiya boshlangani to‘g‘risida boshqalarni ogohlantira boshlagan shifokor Li Venlyanga u «yolg‘on xabarlar tarqatish»ni bas qilishi kerakligini uqtirishgandi. Yakunda uning o‘zi ham virusni yuqtirib oldi va vafot etdi.

Uning o‘limidan keyin Xitoy internet maydonida norozilik to‘lqini boshlandi. Bunga javoban hukumat doktor Li o‘limi bo‘yicha har qanday tanqidiy izohlarni senzura qila boshladi.

«Xitoydagi avtoritar hukumat azaldan favqulodda holatlarda haqiqatni gapirib, hukumatni tanqid qilganlarni ta’qib qilgan va qo‘lga olgan. Masalan, 2003 yilgi SARS virusi epidemiyasi vaqtida, 2008 yilda Venchuandagi zilzila vaqtida, 2011 yilda Venchjoudagi poyezd halokati vaqtida va 2015 yilda Tyanszindagi portlash vaqtida shunday qilingan», - deyadi Human Rights Watch vakili Yatsyu Vang Bi-bi-si bilan suhbatda.

U Xitoy zudlik bilan «kasallikka qarshi kurashda shaffoflikka rioya etishi va inson huquqlarini hurmat qilishi, bunga qarshi kurashmasligi» haqida gapirgan.

Xitoydagi Weibo tarmog‘ida (Tvitterning muqobili) ayni vaqtda Chen va Fan eslangan bir nechagina izoh qolgan, aftidan, ular ham ko‘p o‘tmay g‘oyib bo‘ladi.

«Tarixni o‘zgartirishmoqda. Xuddi hech qanday Chen Syushi bo‘lmagandek», deyiladi shunday izohlardan birida.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoylik ikki jurnalist Uxandagi haqiqiy holatni ko‘rsatib berishdi (foto)