14:37 / 17.02.2020
4 237

O‘zbek oshpazlarining lag‘moni “Interrekord” xalqaro rekordlar ro‘yxatiga kiritildi (foto)

O‘zbek oshpazlarining lag‘moni “Interrekord” xalqaro rekordlar ro‘yxatiga kiritildi (foto)
13-16 fevral kunlari Moskva shahridagi ko‘rgazma markazida “Sharq bozori “Do‘ppi” III Xalqaro madaniyatlar festivali bo‘lib o‘tmoqda.
Festival Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qo‘llab-quvvatlashi ostida “Region prodakshn studiya” MCHJ tomonidan tashkil etilgan.

Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Gruziya, Rossiya, Tatariston, Ozarboyjon va Dog‘istondan xalq amaliy san’ati ustalari ishtirok etishmoqda. Xalqaro madaniyatlar festivalida mohir oshpaz Hakim G‘aniyev boshchiligida dunyodagi eng katta lag‘mon tayyorlandi.

Lag‘monning og‘irligi 797 kilogrammni tashkil qildi. O‘rnatilgan rekord “Interrekord” xalqaro rekordlarni ro‘yxatdan o‘tkazish agentligi tomonidan qayd etildi va bundan avvalgi rekord (2015 yilda Olma-ota shahrida tayyorlangan 687 kg lag‘mon)ni ortda qoldirdi.

Tadbir mehmonlarining “Nima uchun aynan lag‘mon?” degan savoliga loyiha tashkilotchisi Fotima Orifjonova lag‘monning ko‘p xalqlar, jumladan o‘zbeklar, qozoqlar, uyg‘urlarning taomi ekanligi, maqsad esa xalqlarimiz o‘rtasidagi ahillikni yanada mustahkamlashdan iboratligini aytib javob berdi.

Festivalda O‘zbekistondan 15 stend ishtirok etib, ularda hunarmandlarimiz Buxoro gilamlari va temir o‘ymakorligi, Rishton va G‘ijduvon kulolchiligi, zargarlik buyumlari, Chust pichoqlari, Marg‘ilon ipagi va xalq amaliy san’atining boshqa mahsulotlarini namoyish etishmoqda.

Festival dasturidan folklor ansambllarning chiqishlari, etno-ertaklar motivlari bo‘yicha spektakllar, turli mamlakatlar madaniy merosi haqidagi filmlar namoyishlari, ma’ruzalar, mahorat darslari va modalar namoyishi o‘rin olgan.

“Bu yerdagi hunarmandchilik mahsulotlari biri biridan ajoyib. Musavvir bir tomondan qadimiy buyumlarni yodga soluvchi mahsulot yaratgan, boshqa tomondan esa unda zamonaviy naqshlar aks etgan. Aynan shu qadimiylik va zamonaviylikning kollaboratsiyasi kishini o‘ziga maftun etadi. 20 yildan ziyod o‘zbek hunarmandlarining ishlariga qiziqib kelaman, ular ishlab chiqargan mahsulotlarni to‘playman va tez orada nihoyat O‘zbekistonning o‘ziga borib haqiqiy hunarmandchilik mahsulotlarini ko‘zdan kechirmoqchiman”, - dedi moskvalik Svetlana Kollerova.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » O‘zbek oshpazlarining lag‘moni “Interrekord” xalqaro rekordlar ro‘yxatiga kiritildi (foto)