08:01 / 18.02.2020
1 085

Xitoy AQSHni “xakerlar imperiyasi” deb atadi

Xitoy AQSHni “xakerlar imperiyasi” deb atadi

Gen Shuan Foto: Artem Ivanov/TASS
Xitoy vakili onlayn-brifingda OAVda AQSH va Germaniya maxsus xizmatlari Shveysariyaning Crypto AG kompaniyasi niqobi ostida o‘tkazgan katta ko‘lamli ayg‘oqchilik faoliyati haqidagi xabarlarga shunday izoh berdi.

Faktlar AQSH xalqaro kiberhududa eng yirik ayg‘oqchi davlat va tom ma’noda xakerlar imperiyasi ekanligini navbatdagi marta isbotladi. Ularning yashirincha tinglashlari o‘zboshimchalik va qonunga amal qilmaslik darajasiga yetdi”, deb aytgan diplomat.

Ular har kuni butun dunyo bo‘ylab 5 mlrd telefon qo‘ng‘irog‘ini eshitadi, 10 yildan ko‘proq vaqtdan beri Germaniya kansleri Angela Merkel telefonini tinglab keladi, har yil Xitoydagi 3 mlnta kompyuter ustidan nazoratni egallab oladi va 3,6 mingdan ko‘proq saytiga troyan dasturlarini kiritadi. Shu bilan birga ular o‘zlarini kiberhujumlar qurboni qilib ko‘rsatadi, o‘g‘ri “o‘g‘rini ushla” deb baqirgani kabi tomosha ko‘rsatadi. Bu ahmoqona va tuturuqsiz nayranglardan bo‘lak narsa emas”, deb qo‘shimcha qilgan Gen Shuan.

Esqi qarzlarni yopmasdan, yangilariga botadi. AQSH hali WikiLeaks va Snouden ishi bo‘yicha jahon oldidagi qarzini uzishi kerak”, deb o‘z so‘zlarini yakunlagan xitoylik diplomat.

Shveysariya televideniyesining “Rundshau” dasturi, Germaniyaning ZDF telekompaniyasi va The Washington Post nashri o‘tkazgan jurnalistik tergov natijalariga ko‘ra, AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi va Germaniyaning razvedka xizmati BND 1971 yilda Shveysariyada joylashgan Crypto AG kompaniyasini sotib olgani aniqlangan. O‘sha vaqtlarda kompaniya maxfiy axborotni shifrlash uchun mo‘ljallangan qurilmalarni ishlab chiqarish sohasida yetakchilardan biri bo‘lgan. Aslida esa kompaniya qurilmalari AQSH va Germaniya maxsus xizmatlari ular orqali jo‘natiladigan axborotni o‘qiy oladigan qilib ishlangan bo‘lgan.

AQSH va Germaniyaning ushbu razvedka faoliyati umumiy hisobda 100dan ko‘proq davlat, jumladan Misr, Liviya, Eron, Argentina va Saudiya Arabistonini qamrab olgan. Shveysariyaning neytral davlat ekanligi hisobiga kompaniya qurilmalariga talab katta bo‘lgan. “Rundshau” dasturida, shuningdek, Shveysariyaning yuqori darajadagi harbiy razvedkasi Germaniya va AQSHning bu kirdikorlaridan xabardor bo‘lgani ta’kidlab o‘tilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)