22:55 / 23.02.2020
2 772

Kreml Turkiyani Suriya bo‘yicha kelishuv shartlarini bajarmaganlikda aybladi

Kreml Turkiyani Suriya bo‘yicha kelishuv shartlarini bajarmaganlikda aybladi
Vladimir Putin va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an (Foto: kremlin.ru)
Turkiya 2018 yil sentabrida Sochida tuzilgan Suriya bo‘yicha kelishuvga rioya qilmayapti. Bu haqda «Rossiya 1» telekanalidagi «Moskva. Kreml. Putin» dasturida rossiyaliklar prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov aytib o‘tdi.

Uning qayd etishicha, ikki mamlakat prezidenti Vladimir Putin va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an tomonidan imzolangan kelishuvda Anqara «harbiy kuchlar tarqatib yuborilishi, chegaralar belgilanishi, og‘ir texnikalar olib ketilishi va boshqa shartlar»ni ta’minlashi kerak edi. Kelishuv Idlib viloyatida deeskalatsiya hududi tashkil etish va Suriya hukumati nazoratiga o‘tmay qolgan hududlarda o‘t ochishni to‘xtatishni nazarda tutardi.

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Idlibdagi jangarilar «ajoyib darajada qurollantirilgan» va ularda tushunarsiz tarzda harbiy texnikalar paydo bo‘lib qolgan. «Ular doimiy ravishda askariy anjomlar, o‘q-dorilar va harbiy texnika bilan ta’minlab kelinmoqda», — degan matbuot kotibi. Uning hisoblashicha, Suriya shimolidagi provinsiyada kuzatilayotgan vaziyat «vaziyat normallashganidan darak bermaydi».

Bundan avvalroq Kreml rasmiysi Rossiya Suriya bo‘yicha kelishuv shartlaridan qoniqish hosil qilgani, ammo Idlibdagi vaziyat keskinlasha boshlagach, «qoniqish yakunlangani» haqida aytgandi. Provinsiyadagi vaziyat fevral oyi boshida yomonlasha boshladi, o‘shanda turklarning Taftanaz shahri yaqinida joylashgan kuzatuv postiga artilleriya zarbasi berilishi oqibatida besh nafar turkiyalik harbiy halok bo‘lgandi. Shundan so‘ng, Turkiya Suriya armiyasidagi 115ta nishon bo‘ylab zarbalar yo‘lladi.

20 fevral kuni Turkiya qo‘llab-quvvatlaydigan Suriya muxolifati Bashar Asad armiyasi pozitsiyalariga yurish boshladi. Turkiyaning quruqlikdagi qo‘shinlari Suriya armiyasi mudofaasini yorib o‘tishga qaratilgan hujumlarga artilleriya bilan ko‘mak bermoqda. O‘z navbatida, Rossiyaning Su-24 bombardimonchi samolyotlari guruhi Suriya shimolida ayirmachi kuchlar pozitsiyalariga zarbalar yo‘llamoqda.

Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu zarbalar jangarilar hujumi oldini olish uchun yo‘llangan. Turkiya Mudofaa vazirligi so‘nggi aviazarbalar oqibatida Idlibda yana ikki nafar harbiysi halok bo‘lganini tasdiqladi, ammo bu qurbonlar qaysi armiya aviazarbalari oqibatida berilganiga aniqlik kiritilmadi.

21 fevral kuni Putin va Erdo‘g‘an telefon orqali muloqotida «Idlibdagi vaziyat bo‘yicha maslahatlashuvlarni faollashtirish»ga kelishib olgan. Ankara ma’lumotida aytilishicha, muloqot chog‘ida Erdo‘g‘an Suriya prezidenti Bashar Asad kuchlari ziddiyatda maksimal darajada o‘zini tiyishi kerakligi haqida gapirgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kreml Turkiyani Suriya bo‘yicha kelishuv shartlarini bajarmaganlikda aybladi