10:39 / 24.02.2020
3 493

Janubiy Koreyada koronavirus o‘chog‘iga aylangan diniy tashkilotni yopish talab qilinmoqda

Janubiy Koreyada koronavirus o‘chog‘iga aylangan diniy tashkilotni yopish talab qilinmoqda
Foto: «Shincheonji.kr»
Koreya kasalliklar profilaktikasi va nazorati markazi (KCDC) Janubiy Koreyada COVID-19 koronavirusiga chalinishgan bemorlarning 98 nafari «Iso Sinchxonji cherkovi» nomini olgan diniy guruh a’zo bo‘lganini ma’lum qildi. Bu haqda The Korea Times'ga tayanib Daryo xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, o‘tgan seshanba, ya’ni 18 fevral kuni koronavirusga chalingan 61 yoshli ayol, kasallik alomatlari kuzatilganiga qaramay Tegudagi diniy oqim guruhi yig‘ilishlarida to‘rt marta ishtirok etgan. Tegu hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, 9-dan 16 fevralgacha bu kabi tadbirlarda 9 ming nafarga yaqin odam qatnashgan va ularning hammasi koronavirus bo‘yicha tekshirilmoqda. «Sinchxonji» diniy oqimi 1984 yilda din arbobi Li Man-xi tomonidan tuzilgan, bugungi kunda butun dunyoda 230 mingdan ortiq a’zoga ega.

Seuldan 300 kilometr uzoqlikda janubi-sharqda joylashgan Shimoliy Kyonsan viloyati va Tegu shahrida (aholi soni 2,4 million) virus 111 nafar odamda kuzatilgan. 23 fevral holatiga ko‘ra, Janubiy Koreyada kasallikka chalingan odamlar soni 600 nafardan oshgan. Reuters xabariga ko‘ra, ularning 309 nafari (kasallanganlarning taxminan 55 foizi) «Sinchxonji» diniy marosimlarida ishtirok etgan kishilar. Mutasaddilar har kuni 5 – 6 ming nafar fuqaro koronavirus bo‘yicha tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilayotganini bildirgan.

Foto: The Korea Times
Mamlakatda 12 ta bo‘linmaga ega «Sinchxonji» guruhi cherkov marosim va yig‘ilishlari vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi. Sektaning Tegudagi filiali 19 fevralda yopib qo‘yilgan. «Sinchxonji»ning sobiq a’zosi koronavirusning bu qadar ko‘p odamga yuqishi marosimlar vaqtida odamlarning tizzalab, qo‘llarini bir-birining yeklasiga qo‘ygan holda qo‘shiq kuylashi oqibatida yuz berganini ta’kidlagan. Tegu hokimligi vakillari guruhning 1001 nafar a’zosini tekshirgan, 544 nafar a’zoda koronavirus alomatlari kuzatilgan. Yana 2722 nafar odam koronavirus alomatlari o‘zlarida sezilmaganini bildirgan, 343 nafar odam esa tekshiruvdan bosh tortgan.

«Seul hokimligi shaharda joylashgan «Sinchxonji»ning barcha ob’ektlaridan karantin va dizinfeksiyalash ishlarini olib bormoqda», — deydi Koreya poytaxti hokimi Pak Vonsun.

Kyongi provinsiyasi hokimligi ham hududdagi «Sinchxonji» a’zolari ko‘rikdan o‘tkazilayotganini ma’lum qilgan.

23 fevral kuni «Sinchxonji» vakili diniy guruhning COVID-19 koronavirusiga qarshi kurashda hukumat bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ta’kidlagan.

«Cherkov a’zolari ham infeksiya qurbonlari hisoblanadi, biz Janubiy Koreya fuqarolari shuni unutasliklarni so‘raymiz. Odamlardan bizni tanqid qilishni to‘xtatish va bizdan nafratlanmaslikni so‘rab qolamiz», — deyiladi bayonotda.

Diniy guruh ushbu bayonot orqali Koreya hukumatiga yuborilgan onlayn-petitsiyaga javob qaytargan. Petetsiyada «Sinchxonji» guruhini tarqatib yuborish taklif qilingan (u allaqachon 200 minta imzo to‘plashga muvaffaq bo‘ldi).

«Tegu shahri va Shimoliy Kyonsan viloyatida koronavirusning tarqalishiga «Sinchxonji» oqimining ahloqqa zid harakati va hukumat bilan hamkorlik qilmagani sabab bo‘ldi», — deyiladi petitsiyada. Qonunga ko‘ra, petitsiyani imzolaganlar soni 100 ming nafardan oshsa, prezident administrastiyasi ushbu hujjatda ko‘tarilgan masala yuzasidan rasmiy ma’lumot e’lon qilishi lozim.

Janubiy Koreyada 23 fevral holatiga, koronavirusga chalinganlar soni 600 nafardan oshgan, 6 nafar bemor vafot etgan, 18 nafari tuzalgan va yana 6 ming nafar odamda infeksiya borligi taxmin qilinmoqda.

XXR sog‘liqni saqlash komissiyasi 23 fevral holatiga Xitoyda 2442 nafar fuqaroda 2019-nCoV koronavirusiga chalinish holati kuzatilganini ma’lum qilgan. Butun dunyoda ushbu kasallikka chalinganlar soni 76,9 ming nafar ekani haqida xabar berilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Janubiy Koreyada koronavirus o‘chog‘iga aylangan diniy tashkilotni yopish talab qilinmoqda