00:15 / 26.02.2020
3 156

«Bu yerda boylarni to‘layotgan solig‘idangina ajratish mumkin» - Kanadadagi huquqshunos vatandoshimiz

«Bu yerda boylarni to‘layotgan solig‘idangina ajratish mumkin» - Kanadadagi huquqshunos vatandoshimiz
Rahmadjon Sobirov.
«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasi doirasidagi intervyular davom etadi. Navbatdagi suhbatdoshimiz Kanadaning yirik shaharlaridan biri — Toronto shahrida istiqomat qilib kelayotgan hamyurtimiz Rahmadjon Sobirov bo‘ldi. Qahramonimiz «zarang bargi yurti»da o‘n besh yildan buyon huquqshunos sifatida faoliyat ko‘rsatib keladi.

— Rahmadjon aka, suhbatimiz avvalida siz bilan yaqinroq tanishib olsak?
—2003 yili bakalavr bosqichini Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining «Xalqaro huquq» yo‘nalishi bo‘yicha tamomlaganman. 2003-2004 yillarda Vengriyaning Budapesht shahridagi Markaziy Yevropa universitetida huquq sohasida magistrlik, keyin YEXHTning Qirg‘istondagi Akademiyasida va Avstriyada siyosatshunoslik yo‘nalishida ikkinchi magistrlik darajasini olganman. Bu magistrlik dasturini o‘qish jarayonida YEXHTning Venadagi shtab-kvartirasida Bosh Sekretar ofisida tajriba orttirdim.

O‘qishni nihoyalab, Niderlandiyaning Gaaga shahrida joylashgan Xalqaro jinoiy ishlar bo‘yicha sudida ilk o‘zbekistonlik huquqshunos sifatida ishladim.

Ushbu sud xalqaro genotsid, insoniyatga qarshi jinoyatlar, harbiy va tajavuzkorlik jinoyatlarini sodir etgan shaxslarni javobgarlikka tortish vakolatiga ega. E’tiborlisi, u yerdagi mehnat faoliyatim davomida urush davrida davlatni boshqargan asli kongolik Tomas Lubanga jinoyati ustida ishlashga muvaffaq bo‘lganman. Bu Xalqaro jinoiy sudning ilk sud ishi bo‘lgan edi.

Undan keyin, doimiy yashash uchun Kanadaga ko‘chib o‘tdim. Mamlakatdagi huquqiy tizim farqli bo‘lganligi bois, Yevropa va O‘zbekistonda olgan diplomlarim bu yerda amal qilmagan. Shu sababli Ottava universitetida JD dasturi bo‘yicha 3 yillik huquq yo‘nalishida qaytadan tahsil olib, advokatlik unvoniga sazovor bo‘lganman. Shunday keyin Kanadadagi bir qator yuridik firmalar va korxonalarda hamda bir muddat Buyuk Britaniyaning London shahridagi yirik xalqaro yuridik firmasida ham xizmat qildim.

Hozirda Kanadaning yirik moliyaviy markazlaridan biri — Toronto shahrida 2012 yilda turmush o‘rtog‘im bilan birga tashkil etgan «Sobirovs Law Firm» advokatlik firmasini boshqarib kelyapman.

— So‘zlaringizdan Kanadaga ko‘chib o‘tish sizga bir qadar yo‘qotishlarni ham keltirib chiqarganiga amin bo‘lyapman. Aytingchi, yo‘qotishlar evaziga bo‘lsa-da, nima uchun aynan Kanadaga ketishga qaror qildingiz?
— Qariyb 15 yildan buyon Kanadada istiqomat qilib kelyapman. Ochig‘i, azaldan Shimoliy Amerika qit’asida yashash ishtiyoqim bo‘lgan. Lekin, AQSHda emas. Tabiiyki, Shimoliy Amerika mintaqasida yashash uchun Meksika, AQSH yoki Kanada davlatini tanlashim kerak edi. Men Kanadani tanladim. Bunga sabablardan biri Toshkentda bakalavrdagi davrimda fransuz tilini ham o‘rganganman. Bu yerda esa, aholi asosan ingliz va fransuz tillarida muloqot qilganligi menga qulaylik tug‘dirgan.

Kanada immigrantlar mamlakati sifatida salohiyatli kadrlarni hamisha quchoq ochib kutib olishi, xorijliklarga har doim yaxshi munosabatda bo‘lishi ham yana bir sabablardan biri.

Qolaversa, mamlakatning tabiati chiroyli, ob-havosi toza. Albatta, qiyinchiliklar ham yo‘q emas. Ayniqsa musofirchilik, O‘zbekiston bilan masofaning uzoqligi, yaqinlaringizni sog‘inish hissi qiynamay qolmaydi. Umuman, bu yerga yangi kelgan odamning moslashib ketishi biroz qiyin. Bu tabiiy jarayon. O‘ylashimcha, eng katta qiyinchiliklardan biri – hamma joyda bo‘lgani kabi hayotingizni qaytadan boshlash bo‘lsa kerak.

—O‘zbekiston va Kanada o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri diplomatik munosabatlar yo‘q. Ya’ni, u yerda va bizda ham elchixona yoki konsullik xizmatlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan. Shu nuqtai nazardan agar ikkala davlatda elchixonalar ochilsa, bundan tomonlar qay darajada manfaatdor bo‘ladi?
— Haqiqatda, mamlakatlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri diplomatik aloqalar yo‘q. Rasmiy aloqalar O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va Kanadaning Rossiyadagi elchixonasi orqali amalga oshirib kelinmoqda. Ochig‘i, davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari anchayin sust.

Savolingizga to‘xtaladigan bo‘lsam, o‘ylashimcha, elchixonalar hali beri ochilmaydi. Boisi buning uchun savdo aloqalari har tomonlama rivojlanishi zarur. Markaziy Osiyo mintaqasida Kanada Qozog‘iston bilan anchayin faol iqtisodiy hamkorlikni olib borsa ham kichik bir elchixona xizmati faoliyati yaqin o‘tmishda yo‘lga qo‘yilgan, xolos.

Shuni hisobga olsak, birinchi galda O‘zbekistonda elchixonadan oldin Kanadaning Konsullik xizmati ochilishi mumkin. Buning uchun esa, hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. Nazarimda, hozircha, Kanadaning O‘zbekistondagi manfaatlari kuchli emas. To‘g‘ri, yildan yilga qiziqishlar ortmoqda. Lekin jozibadorlik kasb etmayapti. Bu normal holat. Chunki, masofalar anchayin olis. Kanada ham asosan o‘z mahsulotlarini AQSHga sotadi.

AQSH bilan bog‘liqlik kuchli. Agarda kelgusida ushbu bog‘liqlikni kamaytirish uchun Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan mamlakatimiz bozorlariga e’tibor qaratilsa, hamkorlikdan O‘zbekiston ko‘proq manfaatdor bo‘ladi deb, hisoblayman. Sababi Kanada dunyoning eng yirik iqtisodiy G7 mamlakatlari qatoriga kiradi. Bugungi kunda har tomonlama taraqqiy etib kelmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston tomonining Kanada bilan hamkorlikni yaxshilash bo‘yicha harakatlariga guvoh bo‘ldim. Kanadaliklarga vizasiz rejim yo‘lga qo‘yildi. Bu albatta turizm rivojiga katta hissasini qo‘shadi, deb o‘ylayman.

— Kanadaning taraqqiyot omillarini nimalarda ko‘rasiz va sizningcha ularning qanday tajribalarini O‘zbekistonda joriy etish mumkin?
— Mamlakatning asosiy taraqqiyot omillaridan biri – bu turli davlatlardan eng kuchli, iqtidorli va bilimli insonlarni yig‘ib olganligi va hali hanuz ham har tomonlama salohiyatli kadrlarni quchoq ochib kutib olayotganligida. Undan tashqari, hukumatning ta’limga e’tibori, ilmli insonlarni qadrlashi va rag‘batlantirib borishini aytishim joiz. Buni oliy ta’limdagi sharoitlarda ham ko‘rsa bo‘ladi. Misol uchun, bu yerda mahalliy aholiga oliygohlarga kirish, stipendiya olish muammo emas. Albatta harakatga bog‘liq. Keyin, nazarimda Kanadaning qulay geografik joylashuvi va AQSHdek yirik iqtisodiy davlat bilan qo‘shni bo‘lishi ham rivojlanishida muhim rol o‘ynagan.

Ularning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi tajribalarini o‘rganish mumkin, deb o‘ylayman. Ya’ni mamlakatda qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlarining bir biridan mustaqil ekanligidir. Shu orqaligina korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish mumkin, nazarimda.

Mamlakatda sport bilan shug‘ullanishga katta ahamiyat qaratiladi. Masalan, kanadaliklar sport mashg‘ulotlari uchun sarflagan xarajatlari uchun daromadlaridan, deylik farzandingizning xokkey sport klubiga bersangiz, klubga bergan to‘lovingizdan soliq olinmaydi. Hukumat nazdida, aholining jismonan sog‘lom bo‘lishi tibbiyotga sarflanadigan xarajatlarni kamaytiradi. Chunki, mamlakatda tibbiyot bepul.

Undan tashqari, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida ham turli imtiyozlar mavjud. Masalan, tadbirkorning yillik daromadi o‘rtacha yuz ming dollar bo‘lsa, undan biznes xarajatlari uchun sakson ming dollari sarflansa, tadbirkor qolgan 20 ming dollaridan soliq to‘laydi, xolos.

Shuningdek, Kanada ta’lim tizimida o‘quvchi-talabalarning tanqidiy, tahliliy fikrlashiga alohida e’tibor qaratiladi. Menimcha, O‘zbekiston ta’limida ham turli nazariyalarni yodlatishdan ko‘ra o‘quvchilarga mavjud muammoli masalalarni chuqur tahlil qildirish, unga munosabat bildirish sabab-oqibatlarini o‘rgatish samaraliroq bo‘ladi.

— Kanadiliklar xarakteri haqida nimalar deya olasiz va ular O‘zbekiston haqida bilishadimi?
— Kanadaliklar to‘g‘ri so‘zlikni qadrlashadi. Tabassum qilish ularning doimiy hamrohi. Eng asosiysi, ular hashamga berilmagan xalq. Ya’niki, bu yerdagi eng boy odamlar ham oddiy kiyinadi, oddiy avtomobilda yuradi. Qizig‘i, boylarni ularning to‘layotgan solig‘i orqali bilib olishingiz mumkin. Mamlakatda qolganlarga nisbatan ko‘p soliq to‘layapsizmi, demakki siz boysiz.

Kanadaliklarg O‘zbekiston to‘g‘risida kam bilishadi. Bilganlarini ham qiziq tarixi bor. Bilsangiz kerak, sobiq SSSR va AQSH o‘rtasidagi «sovuq urush» davrida Kanada ikkala taraf uchun diplomat vositachi vazifasini bajargan. Undan tashqari Kanada xokkey bo‘yicha mashhur mamlakat. O‘sha davrda, sobiq SSSR bilan xokkey musobaqalari ko‘p o‘tkazilgan. Taxminan 70 – 80 yillarda kanadaliklar O‘zbekistonga ham kelishgan. Buni asosan kanadaliklarning keksa avlod vakillari bilishadi.

— Xorijdagi huquqshunos sifatida O‘zbekistondagi huquqiy islohotlarga munosabatingiz va yana bu sohada qanday o‘zgarishlar bo‘lishini xohlaysiz?
— Kanada va O‘zbekistonning huquqiy tizimi bir biridan tubdan farq qiladi. Shunday bo‘lsada, O‘zbekistondagi har qanday, u huquqiy bo‘ladimi yoki boshqami, deyarli barcha yangiliklarni kuzatib borishga harakat qilaman. So‘ngi uch yilda sezilarli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Xususan, huquqiy sohada ham juda ko‘p o‘zgarishlar, yangidan yangi qonunlar, normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinyapti. Buning ijobiy va salbiy jihatlari bor.

Ijobiy jihatlaridan — chorak asr davomida O‘zbekistonning huquqiy tizimi isloh qilinishga ehtiyoj paydo bo‘lgan edi va bu bajarilyapti. Ammo, salbiy jihatlaridan biri — shunchalik ko‘p normativ-huquqiy hujjatlar chiqyaptiki, ularning ijrosi, mazmun-mohiyatini anglab yetishga vaqt yetmayapti, nazarimda.

Men xohlardimki, O‘zbekistondagi har qanday islohotlar puxta o‘ylangan va yakuniga yetkaziladigan tarzda amalga oshirilishini.
Yana shuni aytishni istardimki, huquqiy islohotlarda Adliya vazirligining roli yanada oshishi kerak. Rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqib ham har qanday huquqiy islohotlarda adliya organlari tashabbuskor va faol harakatda bo‘lishi lozim.

— Kelgusidagi maqsadlaringiz qanday?
— Shukr, shu kungacha niyat qilgan maqsadlarimga erishib kelyapman. Keyingi besh yil uchun bir qancha rejalarim bor. Ulardan biri, hozirgi kunda Kanadada immigrantlarga huquqiy yordam ko‘rsatuvchi «ImmigrationShop» onlayn platformasi ustida ish olib boryapmiz. Bilasiz, xorijda advokatlik xizmatidan foydalanish qimmat. Bizning platformamiz advokat yollay olmaydigan, lekin Kanadaga immigratsiya qilmoqchi bo‘lganlarga batafsil onlayn kurslar taqdim qiladi va immigratsiya qanday qilinishini o‘rgatadi.

Shu bilan birga, qayerda bo‘lsak ham, O‘zbekistondagi o‘zgarishlarga befarq yashamaymiz. Ochig‘i shu kunlarga yetishimga va muvaffaqiyatlarimda ota-onam, yaqinlarim, ustozlarimning hissasi katta. Shu jihatdan, eng katta maqsadlarimdan biri O‘zbekiston rivojiga hissa qo‘shish, vatandoshlarimga katta-kichik bo‘lsin, ko‘maklashishni xohlayman. Bu borada ham bir necha yangi loyihalarim bor.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Bu yerda boylarni to‘layotgan solig‘idangina ajratish mumkin» - Kanadadagi huquqshunos vatandoshimiz