22:50 / 28.02.2020
4 496

Papa uydan chiqmayapti, virus butun jahonni qamrashi mumkin. So‘nggi ma’lumotlar

Papa uydan chiqmayapti, virus butun jahonni qamrashi mumkin. So‘nggi ma’lumotlar
Foto: New York Post
2019-nCoV koronavirus jahonning barcha mamlakatlariga kirib borishi mumkin. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rasmiysi Kristian Lindmeyer juma kuni ma’lum qildi. Bugun jahonning yana bir qancha davlatlari virusdan zararlanishning ilk holatlari haqida ma’lum qildi, Rim papasi Fransisk tobi qochgani tufayli uydan ishlashga qaror qilgan.

«Kasallik avj olmoqda. Biz anchadan buyon koronavirus juda ko‘pchilikka, agar hammaga bo‘lmasa, yetib borishi ssenariysi haqida ogohlantirib kelmoqdamiz», - dedi JSST vakili Kristian Lindmeyer.

Reuters agentligi hisoblariga ko‘ra, jahon iqtisodiyotining koronavirusdan ko‘rgan zarari besh trillion dollarni tashkil etmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab 2 867 kishi ushbu virus qurboniga aylangan.

Jahondagi vaziyat
Covid-19 ayni vaqtda Antarktidadan boshqa barcha qit’alarga tarqalib bo‘lgan.

Juma kuni Nigeriya va Yangi Zelandiya davlatlari hukumatlari ham virusdan zararlanish bilan bog‘liq ilk holatlar haqida e’lon qilishdi. Virus shimoldagi Islandiyaga ham yetib bordi.

Nigeriya virus yuqishi holati qayd etilgan Sahroyi Kabirdan janubdagi ilk davlat bo‘ldi. Virus Milandan Lagosga uchib kelgan italiyalikda aniqlangan. Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Akinola Abayomining so‘zlariga ko‘ra, ushbu bemorda virusning yengil holati aniqlangan va uning ahvoli barqaror bo‘lib turibdi.

Abayomining so‘zlariga ko‘ra, hukumat u bilan aloqada bo‘lgan boshqa kishilarni ham tekshiradi.

Yangi Zelandiyada virus aniqlangan ilk bemor 60 yoshda. Uning ismi, jinsi va millati ma’lum qilinmagan. U Erondan uchib kelgani va ayni vaqtda Oklend shahrida karantin holatida saqlanayotgani ma’lum.

Mo‘g‘uliston prezidenti Xaltmaagiyn Battulga Xitoydan qaytgach, o‘zini ikki haftaga izolyatsiya qildi. U qo‘shni davlatga safari vaqtida Si Szinpin bilan uchrashgan va Xitoyga yordam tariqasida 30 ming bosh qo‘y sovg‘a qilgan. Battulga Covid-19 koronavirusi tarqalishni boshlaganidan keyin Xitoyga kelgan ilk davlat rahbari bo‘ldi.

Xitoy hukumati so‘nggi bir kunda yana 327 kishida virus aniqlanganini ma’lum qildi. Bu fevral oyida bir kunda aniqlangan bemorlar soni bo‘yicha eng past ko‘rsatkichdir.

Janubiy Koreya virus avj olishi bo‘yicha Xitoydan keyingi ikkinchi davlat bo‘lib qolmoqda. Juma kuni virusdan zararlanganlar soni yana 315 nafarga oshgani va bemorlarning umumiy soni 2337 nafarga yetgani ma’lum qilindi.

Seul aholisi virus yuqtirmaslik uchun noodatiy choralarga qo‘l urmoqda.
Masalan, ushbu suratda ko‘rsatilgan uy egasi liftni chaqirishda tish tozalagichdan foydalanishni taklif etgan.
[/sup]
Ozarboyjonda ham Erondan kelgan rossiyalikda koronavirus aniqlandi.

Gruziyada virusdan zararlanishning ikkinchi holati haqida ma’lum qilindi. Tbilisi Infeksiya shifoxonasi direktori Tengiz Sersvadzening so‘zlariga ko‘ra, bu Italiyada oilasi bilan sayohat qilgan 31 yoshli ayoldir. Birinchi holatda Erondan Ozarboyjon orqali Gruziyaga kelgan erkakda virus aniqlangandi. Ayni vaqtda Janubiy Osetiya Gruziya bilan chegarani to‘liq yopgan.

Niderlandiyada virusdan zararlanishning ikki yangi holati aniqlandi. Bir tashxis Amsterdamda, ikkinchisi mamlakat janubidagi Tilburg shahrida qayd etilgan. Hukumatning ma’lum qilishicha, bu ikki bemor bir-biriga aloqador emas. Ularning ikkisi ham ayni vaqtda karantinga joylashtirilgan.

Shveysariya hukumati koronavirus tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida 1000 kishidan ortiq odam ishtirokidagi ommaviy tadbirlarning o‘tkazilishiga vaqtinchalik taqiq joriy etdi. Shu jumladan, mamlakatda har yil o‘tkaziladigan, jahon avtomobil sanoatidagi eng nufuzli Geneva Motor Show avtoshousi ham qoldirildi. Bu safargi Jeneva avtosaloni 5—15 mart kunlariga rejalashtirilgandi.

Britaniyada koronavirusdan zararlanishning yangi uch holati qayd etildi va mamlakatda virusdan zararlanganlarning jami soni 19 kishiga yetdi. Yaponiyada Buyuk Britaniya fuqarosi vafot etdi, u Diamond Princess kruiz layneridan evakuatsiya qilingandi - u kemaning virusdan halok bo‘lgan ilk xorijlik yo‘lovchisi bo‘ldi, bungacha besh yaponiyalik vafot etgandi.

Rim papasi uydan ishlamoqda

[sup]Papa Fransisk chorshanba kuni dindorlar bilan uchrashgandi / GETTY IMAGES

Rim papasi Fransisk qator marosimlarni bekor qildi va o‘zini noxush his qila boshlagani tufayli uydan ishlamoqda. Shu hafta boshida xizmat vaqtida papada shamollash alomatlari sezilgandi.

83 yoshli pontifik xizmat vaqtida yo‘talgan va terisini artgan. Xizmatdan oldin Fransisk dindorlar bilan gaplashib, ularning qo‘lini siqqandi.
Assoshieyted press agentligining e’tibor qaratishicha, papa Fransisk diniy marosimlarni bekor qilishi juda kam kuzatiladigan holatdir.
Vatikan bayonotida 2019-nCoV koronavirusi yoki u chaqiradigan Covid-19 kasalligi haqida eslab o‘tilmagan.

Vatikanni qurshab olgan Italiya Yevropadagi koronavirus tarqalishi o‘chog‘i bo‘lib turibdi. 23 fevral kuni mamlakatda favqulodda holat joriy etildi. Ko‘plab operatorlar Italiya sayohat turlari sotishni to‘xtatgan, Britaniyaning EasyJet loukosteri ushbu mamlakatga reyslarni qisman bekor qilgan.

So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Italiyada ayni vaqtda 655 kishi virusdan zararlangan va 17 kishi qurbon bo‘lgan.

Belarus va Litva
Belarus sog‘liqni saqlash vazirligi eronlik talabada 2019-nCoV koronavirus aniqlangani haqida ma’lum qilgan. U 22 fevral kuni Bokudan Minsk shahriga uchib kelgandi. 27 fevral kuni o‘tkazilgan test natijalari unda virusdan zararlanish holatini tasdiqladi.

Talaba Minsk infeksiya shifoxonasiga joylashtirilgan.

Tatyana Zenkovich
Eronlik talaba o‘qiydigan Belarus milliy texnika universitetida o‘qishning individual dasturiga o‘tilgan.
Ushbu talaba do‘stlari bilan kvartirada yashagan; ularning barchasi tibbiy kuzatuv uchun shifoxonaga joylashtirilgan.
Qo‘shni Litvada ham 2019-nCoV koronavirusidan zararlanishning ilk holati haqida ma’lum qilindi.

Litva Sog‘liqni saqlash vazirligi 24 fevral kuni Italiyaning Verona shahridan qaytib kelgan 39 ayol kasallanganini aniqlagan. Bemor Shyaulyayedagi shifoxonaga joylashtirilgan. Tibbiyot xodimlarining ma’lum qilishicha, unda belgilar kuchsiz va tana harorati yuqori emas.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Papa uydan chiqmayapti, virus butun jahonni qamrashi mumkin. So‘nggi ma’lumotlar