19:43 / 04.03.2020
5 799

Xitoyda koronavirusni qanday davolashmoqda?

Xitoyda koronavirusni qanday davolashmoqda?
Foto: AFP
Covid-19 koronavirusi yoyilishi 14 mamlakatda hozirgacha 3215 odamning hayotiga zomin bo‘ldi. O‘lim holatlari Xitoydan tashqari, Avstraliya, Eron, Ispaniya, Italiya, AQSH, Tailand, Tayvan, Fransiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Iroq, San-Marino va Filippinda qayd etilgan — bu mamlakatlarda jami 234 kishi halok bo‘lgan.

Biroq, ayni paytga kelib koronavirus infeksiyasi bilan zararlangani rasman tasdiqlangan 50 691 kishi muvaffaqiyatli davolandi.
14 kundirki sog‘ayayotgan bemorlar soni yangi qayd etilgan holatlarga nisbatan oshib bormoqda.

Shu bilan birga, dunyo olimlarining bor kuch bilan harakat qilishlariga qaramay, virusga qarshi vaksina hamon mavjud emas.

Bir vaqtning o‘zida AQSH va boshqa mamlakatlardagi bir nechta kompaniyalar sichqonlar va dengiz cho‘chqalari ustida tajriba o‘tkazishmoqda, ammo vaksinani odamda sinab ko‘rish aprel oyidan erta yuz bermaydi va uning samaradorligini tasdiqlash hamda barcha byurokratik rasmiyatchiliklar bajarilishiga faqat yil oxiriga borib erishilishi mumkin.

Xo‘sh, qanday qilib bemorlar shu qadar muvaffaqiyatli davolanmoqda?

Umumiy strategiya: arbidol
Koronavirus epidemiyasi boshlangandan buyon ko‘plab dorilar sinab ko‘rildi — asosan simptomatik yo‘l orqali, ya’ni kasallikning o‘ziga emas, balki uning tipik ko‘rinishlariga qarshi.

Shuni ta’kidlash kerakki, Covid-19’ning o‘ziga xos alomatlari yo‘q — bu ma’noda kasallik shamollash yoki gripp kabi boshqa respirator virusli infeksiyalardan unchalik farq qilmaydi va u xuddi shu tarzda o‘pka yallig‘lanishi ham aylanishi mumkin.

Deyarli barcha bemorlarda isitma, umumiy holsizlik rivojlanadi, ularning 60 foizida quruq yo‘tal boshlanadi. Taxminan bemorlarning uchdan bir qismi mushak og‘rig‘i va nafas qisilishidan shikoyat qiladi, vaholanki bu alomatlar kasallik boshlanganidan keyingi qariyb beshinchi kuni paydo bo‘ladi. Bosh va tomoq og‘rig‘i faqat bir necha bemorda kuzatilgan.

Fevral oyi o‘rtalarida Lancet tibbiy jurnalida yo‘tal, titroq yoki tomoq og‘rig‘idan shikoyat qilayotgan bemorlarni davolash uchun shaxsiy algoritmini ishlab chiqqan xitoylik shifokorlarning xati nashr etildi. Umumiy qon tekshiruvi va ko‘krak qafasi kompyuter tomografiyasidan so‘ng, bemorlar virusli pnevmoniya va koronavirusning o‘ziga tekshiriladi.

Agar natija salbiy bo‘lsa, bemorga standart antibiotiklar buyuriladi — azitromitsin yoki amoksitsillin. Agar ijobiy bo‘lsa, bemor izolyatsiya qilinadi va respirator ftorxinolonlar va arbidol bilan davolanadi.

Og‘ir holatlarda, agar qon kislorod bilan to‘yinganligi 93 foizdan pastlasa, muolajaga odatda chidamli infeksiyani davolash uchun ishlatiladigan nemonoksatsin va sintetik antibiotik linezolid qo‘shiladi.

Eksperimental davolash
Yuqorida aytib o‘tilganidek, ushbu dorilarning barchasi kasallikning faqatgina umumiy belgilarini yo‘q qilishga qaratilgan. Covid-19’dan maxsus terapiya kursi mavjud emas, ammo uni yaratish ustida jadal ishlanmoqda.

Fevral oyi o‘rtalarida xitoylik shifokorlar koronavirus bilan samarali kurashishda xloroxin yordam berishini aniqlashdi — bu preparat bezgakning oldini olish va davolash uchun keng qo‘llanadi. Endi uni Covid-19 bilan og‘rigan bemorlarni ham davolash bo‘yicha rasmiy tavsiyalarga kiritish so‘ralmoqda.

Yana bir nechta dorilar klinik sinovlardan o‘tmoqda. Ulardan biri umifenovir (arbidolning o‘zginasi): shifokorlar uning koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda qanchalik samarali ekanligini aniqlashga harakat qilishmoqda.

Boshqa ikki potensial dori — OIV kasallarini davolash uchun ishlatiladigan lopinavir va dastlab Ebola bezgagi hamda Marburg virusini davolash uchun ishlab chiqilgan remdezivir.

Foto: EPA
Davo topishiga mutlaqo umid qolmagan bemorlarni qutqarish uchun xitoylik shifokorlar qo‘llagan so‘nggi chora bu boshqa tuzalgan bemorlardan olingan qon plazmasi in’eksiyasidir.

Aynan ushbu usul 2003 yilda SARS atipik pnevmoniyasining og‘ir holatlarini davolashda qo‘llangan va juda muvaffaqiyatli bo‘lgan. Shu munosabat bilan, 2014 yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Ebola isitmasi va bir yil keyingi MERS virusini davolash uchun bunday in’eksiyalardan foydalanishni tavsiya etdi.

An’anaviy tibbiyot
Koronavirusning tasdiqlangan barcha holatlarining 85 foizidan ko‘pi Xitoyda qayd etilgan. Shunday qilib, kasalxonaga yotqizilgan bemorlarning deyarli barchasiga odatiy dori-darmonlar bilan bir qatorda, an’anaviy xitoy tibbiyoti (AXT) preparatlari buyurilgan.

Umuman olganda, Xitoyning Fan va texnologiyalar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Covid-19 infeksiyasi borligi tasdiqlangan 60 mingdan oshiq kishi AXT bilan davolash kursidan o‘tgan.

Mahalliy ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida har ikkala turdagi davolanishni o‘tkazgan bemorlar faqat «odatiy» dori-darmonlarni qabul qilganlarga nisbatan yaxshiroq tuzalishmoqda. Masalan, Xanchjou shahrida og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan 88 yoshli bemor shu tarzda davolangan.

Foto: EPA
AXT davolash formulasi Guanchjou shahridagi sakkizinchi xalq kasalxonasida ishlab chiqilgan, Guandun viloyati Fan va texnologiyalar vazirligi tomonidan tan olingan va mintaqaviy hokimiyat tomonidan rasman tasdiqlangan.

Xanchjoudagi yuqumli kasalliklar kasalxonasining AXT bo‘limi boshlig‘i Yu Szyanxuaning Xitoyning CCTV telekanaliga aytishicha, uning bemorlari ikkita an’anaviy dorilarni qabul qilishadi: biri o‘pkada balg‘amdan xalos bo‘lishga yordam beradi, boshqasi yallig‘lanish bilan kurashadi.

Covid-19 bemorlarini asosiy terapiya bilan bir qatorda Sinfey paydu (Qingfei Paidu) aralashmasi bilan davolash ayniqsa samarali bo‘lmoqda, deya Pekin shifoxonalaridan birining bosh shifokori Van Ronbinning so‘zlarini keltiradi Sinxua agentligi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoyda koronavirusni qanday davolashmoqda?