12:26 / 05.03.2020
2 829

Idlibdagi "tupik". Putin va Erdo‘g‘an muzokaralaridan natija bo‘ladimi?

Idlibdagi "tupik". Putin va Erdo‘g‘an muzokaralaridan natija bo‘ladimi?
Turkiya prezidenti matbuot xizmati / AP / Scanpix / LETA
Bugun, 5 mart kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskvada Idlib masalaci bo‘yicha uchrashadi. Butun dunyoning nigohi qaratilgan mazkur uchrashuvda ikki prezident 2018 yil 17 sentabr va 2019 yil 22 oktabrdagi «Sochi kelishuvlari»dan keyingi eng muhim sammitni o‘tkazishadi. Turkiya stolga sulh uchun o‘tiradi va u rejim harakatlarini to‘xtatish chaqirig‘i bilan chiqadi.

Turkiyaning Idlibda kutgan eng asosiy niyati – sulh. Rossiyadan rejim hujumlarini to‘xtatishini istayotgan Anqara «Bu masla biz uchun eng muhimidir», degan fikrini ifoda etadi. Idlibda tashkil etilgan 12ta kuzatuv punkti operatsiyalardan xoli bo‘ladi, degan majburiyat Rossiyaga yana bir bor eslatiladi.

Rossiya «Sochi kelushuvi»ning «mintaqadagi o‘zgaruvchan sharoitlar» doirasida yangilanishini istamoqda. U «ishonchli hudud maydonining kamaytirilishi», muxolifat va Turkiya Idlibning 40 foiziga teng keluvchi yangi hududida qolishi lozimligi haqidagi fikrini ilgari surishda davom etmoqda. Biroq Rossiya bu borada yangi taklif bilan stolga chiqishi ham mumkin, deb taxmin qilinmoqda.

Putinning matbuot xizmati rahbari Dmitriy Peskov biroz avvalroq Erdo‘g‘an bilan muzokaralarda Moskva «Sochi kelushuvi» shartlarida qat’iy turishi, Suriyaning hududiy yaxlitligini himoya qilishi va Damashqni terrorchilar bilan kurashda qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirgandi.

Rossiya, shuningdek, M4-M5 avtomagistrallarining ham ishonchli holga keltirilishi, bu hududda Turkiya bilan qo‘shma patrul xizmati olib borish istagi ham kun tartibida turibdi. Uchrashuvda, shuningdek, Liviyadagi o‘zgarishlar, Xalq mudofaasi bo‘limlari-Kurdiston ishchi partiyasi (YPG-PKK) bilan kurash va S-400 bilan bog‘liq o‘zgarishlar ham ko‘rib chiqiladi.

Shanba kuni Erdo‘g‘an Putin bilan telefon orqali muloqotida, undan Turkiyani Suriya prezidenti Bashar Asad rejimi bilan xoli qoldirishni so‘ragani haqida aytgandi.

«Men Putinga kecha «Sizning u yerda (Suriyada) nima ishingiz bor? Qarshimizdan chekiling, bizni rejim [Asad] bilan xoli qo‘ying», dedim. Ishoning, biz nima qilish kerak bo‘lsa qilamiz, dedi turklar rahbari va turk harbiylari u yerga rus harbiylari kabi Asad taklifi bilan emas, Suriya xalqi iltimosi bilan kirganini qo‘shimcha qildi.

Bunga javoban Peskov Rossiya bu hududda Suriyaning qonuniy hukumati so‘rovi bilan harakatlanishi, shunday ekan, rus harbiylari bu mamlakatda bo‘lishi qonuniy ekanini ta’kidladi.
«Suriyadagi boshqa davlatlarning harbiylari xalqaro huquq normalari va tamoyillariga zid ravishda bo‘lib turishibdi», degan Peskov.

Kreml avvalroq ham Anqarani «Sochi kelishuvi» shartlariga rioya qilmaganlikda ayblagandi. Bu kelishuvga ko‘ra, aynan Anqara Idlibdagi deeskalatsiya hududida joylashgan qurolli guruhlarni qurolsizlantirishi kerak edi.

Idlibdagi vaziyat 27 fevral kuni Suriya aviatsiyasi zarbalari oqibatida o‘nlab turk harbiylari halok bo‘lishi ortidan yanada keskinlashdi. Turkiya Mudofaa vaziri Xulusi Oqar bu hodisani «turk harbiylariga pastkashlarcha hujum» deb atadi va o‘sha kuniyoq «Bahor qalqoni» nomli amaliyot boshlandi.

Shundan so‘ng turk harbiylari Idlib hududida Suriya aviatsiyasi samolyotlarini o‘qqa tutishga kirishdi, suriyaliklarning ikkita qiruvchi samolyoti urib tushirildi, shundan so‘ng Suriyadagi rossiyalik harbiylar guruhi ham Turkiya aviatsiyasining Suriya osmonidagi parvozlari xavfsiz bo‘lmasligi haqida ogohlantirdi.

Bi-bi-si rus xizmati Yaqin Sharq masalasi bo‘yicha ekspertlardan Putin va Erdo‘g‘an so‘nggi kunlardagi voqealarni va keskin bayonotlardan keyin Idlib masalasida kelishuvga erishish imkoniyatlari qandayligi, umuman, Suriya masalasida ikki tomonni ham qanoatlantiradigan qanday yechim borligi bo‘yicha fikr oldi.

Irina Zvyagelskaya, Rossiya fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining bosh ilmiy xodimi:
Menga shunday tuyuldiki, Turkiyaning turli rasmiylari bergan keskin bayonotlarni jiddiy qabul qilish kerak emas. U yerda o‘ziga xos siyosiy madaniyat va mahalliy an’ana bor, qarshi tomonga imkon qadar tahdidli fikrlar bildirish kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, Erdo‘g‘anning maqsadlaridan biri - ichki siyosatdagi auditoriyasida o‘zini kuchli va mustahkam ekanini namoyish etishdir.

Lekin agar bu gaplarni jiddiy qabul qilsak ham, Erdo‘g‘an Rossiya bilan keskin mojaro boshlay olmaydi - bunday qilish mumkin emas.

Rossiya va Turkiya manfaatlari faqatgina Suriyaning Idlibida to‘qnashmayapti. Erdo‘g‘an uchun ikki tomonlama munosabatlar katta ahamiyatga ega. U yerda Rossiya Turkiya bilan milliardlab dollarlik shartnomalar tuzmoqda, ularga AES qurib bermoqda, Turkiya orqali butun Yevropaning energiya ta’minotini boshqara oladigan qilib gaz quvurlari tortilmoqda. Qolaversa, rossiyalik sayyohlarning Turkiya turizmiga keltiradigan foydasi beqiyos (yiliga 7 millionga yaqin rossiyalik turist), shuningdek, Turkiya qishloq xo‘jalik mahsulotlarini Rossiya bozorlariga sotadi.

Umuman, ikki mamlakatni qalin iqtisodiy aloqalar va siyosiy manfaatlar bog‘laydi. Idlib tufayli bu munosabatlarni buzishni hech kim istamaydi. Agar murosaga umid bo‘lmasa, 5 mart kungi uchrashuv ham tashkillashtirilmagan bo‘lardi.

Erdo‘g‘an albatta kerak vaqtda to‘xtashni biladigan o‘yinchi.

Mixail Magid, Yaqin Sharq bo‘yicha ekspert:
Rossiya va Turkiya Suriya bo‘yicha kompromissga kelolsa ham bu uchinchi davlat ishtirokida bo‘ladi. Rossiya va Turkiya manfaatlari bir-biriga zid kelmoqda, ular ikki dushman tomonni qo‘llab-quvvatlashmoqda, shunday ekan kelishish faqat uchinchi tomon hisobidan bo‘lishi mumkin.

Bu uchinchi tomon Asadning o‘zi ham, Suriya muxolifati ham, katta ehtimol bilan esa kurdlar bo‘lishi ham mumkin, chunki Turkiya Suriya shimoli-sharqidagi kurdlar yashovchi hududlar ustidan nazoratni kengaytirish evaziga Idlibdagi harbiy harakatlarini to‘xtatishga rozi bo‘lishi mumkin.

Sochi kelishuviga keladigan bo‘lsak, bu kelishuv shartlariga deyarli amal qilinmadi. Ko‘rib turganingizdek, bu shartlar qandaydir hal qiluvchi qarorga olib kelmadi. Idlibda o‘t ochishni to‘xtatish sulhi doimiy ravishda buzib kelinmoqda, natijada ayni vaqtda u yerda yangi eskalatsiya paydo bo‘lgan.

So‘nggi kunlarda Turkiya Suriyadagi harakatlarini kuchaytirishda davom etmoqda, ular havo kengliklarida hukmronlik qilishmoqda va Asadning harbiylarini yo‘q qilishda davom etishmoqda, Rossiya esa bunga yo‘l qo‘yib beryapti.

Idlib NATOdagi eng kuchli ikkinchi armiyaga egalik qiladigan Turkiyaga yondosh joylashgan, Rossiya esa bu yerda kichikkina kontingent joylashtirgan, bu yerdagi harbiylar Rossiyaning Suriyadagi asosiy bazalaridan juda uzoqda. Shunday ekan, kuchlar muvozanati Rossiya foydasiga emas, bu esa Turkiya juda uzoqqa borishiga imkon beradi.

Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Suriya muxolifatchi kuchlari.
Bu kuchlar Sarakibni qaytarib olganidan ko‘p vaqt o‘tmay chekinishga majbur bo‘ldi / GETTY IMAGES

Konstantin Truyevsev, Rossiya fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining katta ilmiy xodimi:
Rossiya va Turkiya jiddiy klinch holatiga kirishdi, ammo eslash kerakki, Erdo‘g‘an Suriya shimoli-sharqiga kirganida vaziyat dramatik tarzda rivojlanadigandek tuyulgandi. Ammo o‘tgan yil oktabrida Sochidagi uchrashuv shuni ko‘rsatdiki, vaziyatni hal qilish mumkin.

Vaziyat shunday nuqtaga yetib kelganki, endi urush kengayib ketishi mumkin, ammo bu hech kimga kerak emas. Shu tufayli, men ma’lum kelishuvga erishiladi, deb o‘ylayman.

Katta ehtimol bilan, Suriya harbiylari hozirgi pozitsiyalarida qolishadi, turklar esa terrorchilarni ochiqdan-ochiq qo‘llashni bas qilishadi, Idlibning qolgan qismi esa turklar va ularning ta’siridagi bo‘linmalar ixtiyorida qoladi. Bu hozir yuzaga kelgan vaziyatni muzlatishi mumkin, ammo hozirda men boshqa bir yechim ko‘rmayapman.

Idlibdagi vaziyat hozirda pozitsion urush fazasiga kirgan: bugun bir tomon bir hududni urush qilib olsa, ertaga boshqasi bir hududni egallaydi. Masalan, turklar «Hayot Tahrir ash-Shom» bilan birgalikda Al-Gab vodiysini egallashdi, suriyalik harbiylar esa Sarakibga kirishdi.

Ikki tomondan biri to‘liq ustunlikka ega bo‘lolmagan holatda harbiy harakatlar pozitsion urushga aylanadi. Bu esa ziddiyat olovini susaytiradi.

Kirill Semenov, Rossiya xalqaro ishlar bo‘yicha kengashi eksperti:
Hozir shunday vaziyat yuzaga kelganki, kompromissga kelishdan boshqa yo‘l yo‘q.

Rossiya Asadga butun Idlibni qaytarishga yordam berish va turk harbiylarini chekintirishni qanchalik istamasin, so‘nggi voqealar rivoji shuni ko‘rsatmoqdaki, buning imkoni yo‘q. Hujumni davom ettirishga bo‘lgan barcha urinishlar Asad armiyasining katta yo‘qotishlariga olib kelmoqda. Holbuki, Asad kuchlari hali turk harbiylari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashgani ham yo‘q.

Boshqa tomondan, Turkiyada ham Sochi kelishuvida belgilangan chiziqlarga qaytish imkoniyati yo‘q. Muxolifat kuchlarining muvaffaqiyatli hujumlaridan keyin ham Asad kuchlari vaziyatni to‘g‘rilay olmoqda, bunga Sarakibda ham guvoh bo‘ldik.

Albatta, Erdo‘g‘an quruqlik qo‘shinlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Asad armiyasiga qarshi tashlashi mumkin, ammo bu katta yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin va u bunday qaror qabul qilishi ehtimoldan yiroq.

Moskvada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha qandaydir kelishuvga erishilsa ham, bu ham avvalgi memorandumlardan farqli ravishda barqarorroq bo‘ladi va unga amal qilinadi, chunki Turkiya armiyasi shu yerda.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Idlibdagi "tupik". Putin va Erdo‘g‘an muzokaralaridan natija bo‘ladimi?