07:30 / 19.03.2020
4 365

«Vaksinani odamlarda sinash boshlandi. Yaxshi yangiliklar bo‘lishiga umid qilaman!..»

«Vaksinani odamlarda sinash boshlandi. Yaxshi yangiliklar bo‘lishiga umid qilaman!..»
Foto: Xabar.uz
Xabaringiz bor, O‘zbekistonda ham koronavirus kasalligi qayd etildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda kasallikka chalinganlar soni 18 nafarni tashkil etmoqda.

Afsuski, mamlakatimizda karantin e’lon qilinganligi ortidan, yurtdoshlarimizda turli mish-mishlarga ishonish va ortiqcha sarosimaga tushish holatlari uchrab turibdi. Xalqimizda «qo‘rqqanga qo‘sh ko‘rinadi» degan naql bejizga aytilmagan. Ishontirib aytish mumkinki, barchamiz birgalikda karantin va gigiyenik qoidalarga to‘la amal qilishimiz mazkur pandemiyadan betalafot chiqishimizga yordam beradi.

Shu bilan birga, ta’kidlash o‘rinliki, dunyoning deyarli barcha davlatlarida ushbu kasallikka qarshi kurash ketmoqda. Bu borada oldinga siljishlar bor. Xususan, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya davlatlarida virus tarqalishining eng xavfli pallasi ortda qolgani va kasallikka chalinganlarning ko‘pchilik qismi sog‘ayib ketayotganligi bo‘yicha xabarlar berilmoqda.

Shuningdek, AQSH tadqiqotchilari tomonidan koronavirusga qarshi ilk vaksina sinovdan o‘tkazilayotganligi yuzasidan ham ma’lumotlar tarqaldi. Shu munosabat bilan, ayni vaqtda Vashington shahrining Kolumbiya okrugida yashab kelayotgan jurnalist vatandoshimiz Behzod Mamadiyev bilan bog‘landik. Suhbatdoshimiz qariyb 11 yildan buyon AQSHda istiqomat qiladi.

– Behzod aka, xabaringiz bor, koronavirus pandemiyasi dunyo bo‘ylab keng tarqalmoqda. Xususan, buning ortidan AQSHda favqulodda holat e’lon qilindi. Mamlakatda ayni vaqtdagi vaziyat qanday?
– Ayni paytda, AQSHda virus yuqtirganlar soni 6000 kishidan oshdi. Deyarli barcha shtatlarda ta’lim muassasalari yopilgan. Turli konferensiya, sport o‘yinlari va ommaviy tadbirlar keyinga surildi.

Xususiy sektor bilan birgalikda virusni aniqlash markazlari, test jihozlarini ko‘paytirish ishlari faol olib borilyapti. Boshida tekshirish ishlarini faqat federal hukumatga qarashli markazlar amalga oshirayotgan edi. Endilikda bu ishlarga xususiy sektor ham jalb qilindi.

– Amerikaliklarning kayfiyati qanday?
– Kayfiyatlar turlicha. Boshida biroz sarosimaga tushish holatlari bo‘ldi. Ammo, hozirgi kunda ko‘chalarda vahimani sezmayapman. Yuziga niqob taqib olganlar ham juda kam. Sirasini aytganda, hayot bir maromda davom etyapti.

– O‘zbekistonda ham virus bilan kasallanganlar qayd etildi. Jarayonlar borasida qanday fikrdasiz?
– O‘zbekistondagi jarayonlarni kuzatib borishga harakat qilyapman.

Afsuski, O‘zbekiston ham Sovid-19 koronavirusi mavjud mamlakatlar ro‘yxatiga rasman qo‘shildi. Yaxshi yangilik shuki, bu ancha kech sodir bo‘ldi. Ammo, O‘zbekiston koronavirusga qarshi kurashda boshqa davlatlar tajribasini chuqqurroq o‘rganishi kerak.

Qanday choralar ko‘rildi? Bu orada qanday xatoliklarga yo‘l qo‘yildi? Va hakazo...
Masalan, virus tarqalishini samarali to‘xtatish bo‘yicha muvaffaqiyatga erishgan davlatlar ham bor. Bularning asosiylari – Xitoy va Janubiy Koreya.

1,5 mlrd aholiga ega Xitoyda 13 mart kuni bor-yo‘g‘i 11 ta yangi holat aniqlangan, shulardan yettitasi chet eldan kelganlar va to‘rttasi mahalliy aholi vakillari ekan. Demak, mamlakat virus ustidan g‘alaba qozondi, deyish mumkin.

Janubiy Koreyada vaziyat yaxshilanishni boshladi. Mart boshida bir kunda 1000 tagacha yangi bemor aniqlanayotgan edi. Hozir bu raqam 100 taga tushdi. Ya’ni, epidemiya sekinlashyapti. O‘ylashimcha, virus qancha erta aniqalansa va unga qarshi keskin choralar joriy qilinib, ularga hech qanday istisnosiz qat’iy rioya qilinsa, virusni to‘xtatish ehtimoli shuncha oshadi.

Kecha, ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusga chalingan o‘zbekistonlik bemorning ism-sharifi, hatto yashash manziligacha bo‘lgan ma’lumotlar to‘liq berilgan xabarlarga ko‘zim tushdi. Butun dunyoda ushbu virusga chalingan insonlar shaxsi, hatto jinsi sir saqlanmoqda. Ular haqida ma’lumotlarning tarqalishi – bu mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat. Fursatdan foydalanib, O‘zbekistondagi ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarini bemorlar shaxsiga oid ma’lumotlarni tarqatishdan tiyilishga chaqirgan bo‘lardim.

Shuningdek, ayrim yurtdoshlarimiz tomonidan sarosimaga tushish ortidan bozorlar va do‘konlarda ortiqcha xarid amalga oshirilayotgani va eng ajablanarlisi, poytaxt Toshkentdan viloyatlarga qatnovchi taksichilarning yo‘l haqlarini haddan ziyod ko‘tarib olishayotganligini eshitdim. Ochig‘i, bularning hech biri o‘zbekchiligimiz, umuman tarbiyamizga xos xislatlar emas.

Shu o‘rinda aytib o‘tmoqchiman, o‘rtoqlar koronavirus o‘tib ketadi! Bu darajada vahimaga berilmaylik, ammo xushyorlikni ham yo‘qotmaylik.

Ma’lumot uchun, virus yuqtirganlar orasida 40 yoshgacha bo‘lganlarda o‘lim holati 0,2 foiz, 50 yoshgacha bo‘lganlar orasida 0,4 foiz. 70 dan 80 yoshgacha bo‘lganlar orasida esa, 8 foiz ekanligi aniqlangan.

Virusning zarari shunchalik kam bo‘lsa, davlatlar va mutaxassislarning bunchalik qattiq choralar ko‘rishining sababi esa, hozircha bu bedavo va yuqumli kasallik. Biroq, shu kunlarda AQSH tadqiqotchilari tomonidan virusga qarshi vaksinani odamlarda sinash boshlandi. Tez kunlarda yaxshi yangiliklar bo‘lishiga umid qilaman.

Yana bir bor, vatandoshlarimizdan ehtiyot choralarini ko‘rishni, lekin aqlga zid darajadagi vahimalarga berilmaslikni so‘rayman.
Quyida suhbatdoshimiz tomonidan Vashingtondagi ayni jarayonlar tushirilgan fotolavhalar bilan tanishishingiz mumkin.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Vaksinani odamlarda sinash boshlandi. Yaxshi yangiliklar bo‘lishiga umid qilaman!..»