00:13 / 27.03.2020
7 855

Janubiy Koreya qanday qilib koronavirus epidemiyasini jilovlay oldi?

Janubiy Koreya qanday qilib koronavirus epidemiyasini jilovlay oldi?
Foto: AP
Janubiy Koreya COVID-19 epidemiyasi bilan birinchilardan bo‘lib to‘qnash keldi, ammo bu yerda kasallik tarqalishi boshqa mamlakatlardagiga nisbatan sekinroq kechmoqda. Forbes bu mamlakatda amalga oshirilayotgan choralar xususida so‘z yuritdi.

Koreyada kasallanish bilan bog‘liq ilk holat 21 yanvarda qayd etilgandi, keyin bemorlar soni o‘sa boshladi va 29 fevralda bir kunda 900ta yangi bemor aniqlandi, bemorlarning umumiy soni esa 3 mingdan oshib ketdi.

Janubiy Koreya koronavirus epidemiyasiga birinchi marta duch kelayotgani yo‘q: 2015 yil may-iyun oylarida mamlakat MERS–CoV virusiga qarshi kurashishiga to‘g‘ri kelgandi. MERS’ga chalingan dastlabki bemor Bahrayndan qaytgan 68 yoshli koreyalik biznesmen edi. Kasallik yuqtirish bilan bog‘liq holatlarning 44 foizi bemorlarning yetarlicha darajada izolyatsiya qilinmaganligi oqibatida yuz berdi. Natijada epidemiyaning asosiy o‘choqlari kasalxonalar bo‘ldi. Ikki oy ichida MERS yuqtirganlar soni 186taga yetdi, 38 kishi vafot etdi, 16 993 kishi karantinga olindi.

MERS epidemiyasi mamlakat sog‘liqni saqlash tizimining zaif nuqtalarini ko‘rsatib berdi: koronavirusga chalinishni dastlabki bosqichdayoq aniqlik va tezlik bilan aniqlash tizimining mavjud emasligi, bemorlarni izolyatsiya qilish choralariga amal qilmaslik (8 shifokor va 15 hamshira kasallik yuqtirib oldi), tibbiyot xodimlari va hukumatning yetarli darajada tayyor emasligi.

2020 yilda Janubiy Koreya yangi va jiddiyroq sinovga - COVID-19 koronavirus epidemiyasiga duch keldi. Mamlakat bu safar samarali choralar ko‘ra oldi. 26 mart holatiga bu yerda bemorlar soni 9241tani tashkil etmoqda, 131 kishi vafot etdi, 4144 kishi sog‘ayib ketdi.

Janubiy Koreya hukumati ko‘rgan chora-tadbirlar natijasida kasallik yuqtirish holatlarini sezilarli ravishda kamaytirishga erishildi, asosiysi, o‘limlar soni juda kam. Yosh guruhiga taqsimlansa, bemorlarning 27 foizi — 20-30 yoshlilar, 24 foizi — 30-50 yoshlilar, 19 foizi — 50-60 yoshlilar, 20 foizga yaqini — 60-80 yoshlilar va 4,4 foizi —80 yoshdan kattalar. Bemorlarning 61,3 foizini ayollar tashki etadi.

Janubiy Koreya hukumati koronavirusga qarshi kurashdagi asosiy tamoyil shaffoflik va kasallikni barvaqt aniqlash ekanligini ma’lum qildi. Shaffoflik siyosati kasallik yuqtirish holatlari borasida ochiqlikni ko‘zda tutadi. Kasalligi tasdiqlanganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, koronavirusga tahlil topshirganlar, tuzalgan va vafot etganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Koreya sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi maxsus markaz tomonidan jamlanadi va keng jamoatchilikka ma’lum qilinadi.

Bemorga raqam beriladi va u ochiq manbalarda mana shu raqam ostida qayd etiladi. Bemorning bank kartalari, yashash va ish joyi, borgan joylari to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida koronavirusga chalingan ehtimoliy bemorlar “xaritasi” tuziladi. N raqami ostidagi bemor to‘g‘risidagi ma’lumot u bilan oxirgi marta muloqot qilganlarga SMS-xabar shaklida jo‘natiladi. Hozirda barcha kasallikka chalinganlar epidemiya o‘chog‘iga qarab shartli “klaster”larga bo‘lingan. Bunday “klaster”lar 10ta bo‘lib, epidemiya o‘chog‘i aniqlanmagan yana bir “klaster” mavjud.

Virusni dastlabki bosqichdayoq sifatli va tez aniqlash koronavirusni davolashda muhim ahamiyatga ega. Janubiy Koreya kompaniyalari qisqa vaqt ichida koronavirusni dastlabki bosqichdayoq aniqlash imkonini beruvchi test majmualarini ishlab chiqdi. Jumladan, Seegene kompaniyasining testlari bir vaqtning o‘zida 100 kishini tekshirish imkonini beradi. Kompaniya haftasiga 10 ming dona test ishlab chiqaradi – bir haftada bir million kishini tekshirish mumkin.

Tekshiruv jarayonini osonlashtirish uchun hukumat ko‘chma tibbiyot punktlarini ochdi, fuqarolar avtomobilidan tushmasdan o‘zlarini tekshirtirishlari mumkin. Kasallik simptomlari mavjud yoki bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlar tahlil topshirishi shart. Kasallik aniqlangan taqdirda uni kasalxonaga joylashtirish yoki joylashtirmaslikni shifokor belgilaydi. Kasallik yengil shaklda o‘tayotganlar uy karantiniga joylashtiriladi. Kasallik tashuvchilarni izolyatsiya qilish uchun Samsung, LG kompaniyalari o‘z binolarini (mehmonxonalar, o‘quv markazlari) ajratib berdi. Shu tarzda Janubiy Koreyada kasalxonalarga tushadigan bosimni kamaytirishga erishildi.

Janubiy Koreyada koronavirusga qarshi kurashning muhim omillaridan yana biri fuqarolik mas’uliyati va hamjihatlikning yuqori darajada ekanligi hamdir. Koreyaliklar sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiya qilgan barcha choralarga og‘ishmay amal qilmoqda: hamma niqob taqmoqda, gigiyena qoidalariga rioya qilmoqda, umuman olganda, o‘z sog‘liklariga mas’uliyat bilan yondashmoqda. O‘z navbatida, mamlakat hukumati shaffoflikka amal qilgan holda hokimiyat va jamoatchilik o‘rtasidagi ishonch va o‘zaro hamjihatlikni oshirmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Janubiy Koreya qanday qilib koronavirus epidemiyasini jilovlay oldi?