17:55 / 27.03.2020
11 369

Qozog‘istonda koronavirusga chalingan qiz kasallik haqida ilk bor ochiq gapirdi

Qozog‘istonda koronavirusga chalingan qiz kasallik haqida ilk bor ochiq gapirdi
Foto: KTK
Qozog‘istonda KTK telekanali koronavirusga chalingan qizdan kasallik haqida eksklyuziv intervyu oldi, deb yozmoqda Tengrinews. Takidlanishicha, avvalroq kasalxonaga yotqizilganlardan birortasi kasallik haqida gapirib berishni xohlamagan.

Intervyu bergan qiz Alina Janzakova bo‘lib, u Olmaotada infeksiya aniqlangan 40 kishidan biridir. Uning aytishicha, COVID-19’ni reyslar bekor qilingani sababli Gruziyadan Belarus orqali Qozog‘istonga qaytib kelayotganda parvoz vaqtida yuqtirgan bo‘lishi mumkin.

«Biz samolyotda yo‘talayotgan bemor ayolni ko‘rgan edik. Unda tashxis tasdiqlandimi-yo‘qmi, bilmayman. Lekin bizning Minsk—Olmaota samolyotida ikki nafar kasallangan bor edi. Dugonam bilan birga uchgandim, agar virus yuqtirgan bo‘lsak, ko‘p odamlar bilan aloqa qilmaslik uchun bitta taksiga o‘tirdik. Men o‘zimni uyda izolyatsiya qildim», — deydi qiz.

Olmaotaga uchib kelganidan keyin qiz shifokorlar u bilan bog‘lanib, bortda koronavirusga chalinganlar bor-yo‘qligini ma’lum qilishini kutgan. Biroq unda kasallik alomatlari vaqtliroq boshlangan.

«Mendagi dastlabki alomatlar — quruq yo‘tal, qichishish va o‘pkamda, ko‘ksimda — biroz achishish bo‘lgan. Boshlanishida issig‘im chiqmadi, hozir ham yo‘q. Haroratim 35,8 bo‘lib turibdi va biror marta o‘zgarmadi. Kecha kechasi soat ikkida menda koronavirus borligi tasdiqlanganini xabar berishdi», — deya xotirlaydi qiz.

Ikki kundan so‘ng yo‘tal va tomoqdagi og‘riq o‘tib ketdi, — deydi Alina.

Hozir u o‘zini yaxshi his qilmoqda. Uni virusga qarshi vositalar, OIV bilan kasallanganlarga beriladigan dorilar, ya’ni immuniteti past bo‘lganlar qabul qiladigan dorilar bilan davolashmoqda. Qizni tashvishga solayotgan yagona narsa, kimgadir virus yuqtirib qo‘ygan bo‘lishidir.

«Bundan juda tashvishdaman. Bunday bo‘lishini xohlamas edim. Palatada ikki kishi bilan yotgandim. Ular menimcha 100 foiz kasallik yuqtirib oldi. Chunki biz 5 kun davomida bir edik. Ularga javob berib yuborishgan. Menimcha, ularni qaytarib olib kelishadi, ular virus yuqtirgan. Keyin meni boshqa palataga olishdi. U yerda ham 2—3 kishi bor edi», — deydi qiz.

Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 112 ta holat qayd etilgan. Kasallanganlarning ko‘pchiligi Nur-Sulton va Olmaotada.

Qozog‘istonda 27 mart holatiga ko‘ra, koronavirusga chalinganlar soni 120 nafarga yetdi. 26 mart kuni koronavirus bilan bog‘liq birinchi o‘lim holati qayd etilgan.

Mamlakatning Nur-Sulton va Olmaota shaharlarida 17 mart kunidan kasallik tarqalishining oldini olish uchun karantin e’lon qilindi. Kechasi jamoat transporti to‘xtatildi, yirik savdo markazlari va nooziq-ovqat do‘konlar yopildi, shaharlar sektorlarga ajratildi va unga bog‘liq ravishda aholining harakati cheklandi. Qozog‘istonda ommaviy tadbirlar bekor qilindi, maktab o‘quvchilari ta’tilga ertaroq chiqdi, davlat organlariga xorijga xizmat safariga chiqish taqiqlandi. Fuqarolarga qo‘l berib ko‘rishmaslik tavsiya qilindi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qozog‘istonda koronavirusga chalingan qiz kasallik haqida ilk bor ochiq gapirdi