12:28 / 28.03.2020
3 637

Koronavirus: Italiya nega ko‘p qurbon bermoqda?

Koronavirus: Italiya nega ko‘p qurbon bermoqda?
GETTY IMAGES
Xitoydan keyin Eron koronavirusning yangi «o‘chog‘i»ga aylangandi. Eronda sanoqli kunlarda minglab odamlar virusni yuqtirib oldi. U vaqtda yevropaliklar hech narsani o‘ylamay bemalol ko‘chalarda bayram qilib yurgandi.

To‘satdan bu ofat Yevropaga yopirildi. Virus butun qit’aga tarqala boshladi va qisqa muddatda Italiya koronavirus bilan kasallanganlar bo‘yicha Eronni «quvib o‘tib» ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. Eng yomoni Italiyada koronavirusdan halok bo‘layotganlar soni kasallanganlarga nisbatan foiz hisobida Xitoy va Erondagidan ancha ko‘p. «Buzoqlar o‘lkasi»da koronavirusdan vafot etganlar soni 9 mingdan oshib ketdi. Bu Xitoyda vafot etganlardan qariyb ikki yarim baravar ko‘p degani.

Italiyada koronavirus tufayli vafot etayotganlar soni yanada ko‘p bo‘lishi mumkin. Sababi hukumat faqat rasmiy ro‘yxatga olingan kasallar orasida vafot etganlarning hisobi bo‘yicha ma’lumot beryapti. Virus sabab ro‘yxatga olinmay vafot etayotganlar ham bo‘lishi mumkin. «Covid-19 virusidan bir kishi vafot etsa, yana uch kishi hech qanday testsiz uyda pnevmoniyadan jon bermoqda», deydi Bergamo shahri meri Jorjo Gori.

Nega aynan Italiyada kronavirus ortidan o‘lim holati ko‘payib ketdi? Bu savol barchani o‘ylantirmoqda.

Getty Images
26 mart kuni Bergamoda 32 ming odam koronavirus infeksiyasini yuqtirgani ma’lum bo‘ldi. Birgina dushanba kunining o‘zida yana 2 mingdan oshiq odam virus yuqtirgani va 400 nafar odam vafot etgani qayd etildi. So‘nggi kunlarda epidemiyaning o‘sish sur’ati biroz pasaydi, ammo Italiya umumiy amaliyot vrachlari federatsiyasi matbuot kotibi Paola Pedrinining aytishicha, mamlakatda vaziyat hanuz yomonligicha qolmoqda.

«Virus yuqtirganlarning ko‘pchiligi rasmiy statistikaga kirmagan bo‘lishi mumkin, chunki hammada ham koronavirusga qarshi test o‘tkazilmagan va ular kasallikka chalingan holda odamlar orasida yurgan bo‘lsa, hem kim bilmaydi. Odamlarni yoppasiga testdan o‘tkazish amaliyotini avvalroq boshlaganimizda, virusga chalinganlar, halok bo‘lganlar rasmiy ma’lumotlarda hozirgidan 5-10 barobar ko‘p bo‘lishi ham mumkin edi», deydi Paola.

27 mart holatiga ko‘ra, Italiyada koronavirusga chalinganlar soni 86 mingdan oshdi. Agar Paola xonimning hisob-kitobi to‘g‘ri bo‘lsa, Italiyada Covid-19 virusini yuqtirganlar soni dunyodagi qolgan hamma mamlakatlar bemorlari sonidan ko‘p bo‘lishi va hatto million nafarga yetgan bo‘lishi ham mumkin.

Covid-19 virusi Italiyada ilk marta 20 fevralda Lombardiya provinsiyasidagi Kodono shaharchasida aniqlangan edi. O‘shanda butun dunyo bo‘ylab ushbu virusni 70 ming nafar odam yuqtirgan va ularning 90 foizi Xitoyda edi. Oradan bir oy vaqt o‘tgach, birgina Italiyaning o‘zida virus yuqtirganlar soni 50 ming nafardan oshdi, ulardan 4 ming nafari vafot etdi.

Virus bilan kasallanganlar sonining bu qadar keskin oshib ketishi sababini 20 mart kuni bir guruh italiyalik olimlar tushuntirib berishdi. Ular o‘tkazgan tadqiqotlar natijasi shuni ko‘rsatdiki, Lombardiya provinsiyasida ilk koronavirus aniqlangan paytda ko‘cha-ko‘yda, jamoat joylarda aniq tashxis qo‘yilmagan va allaqachon virusni o‘zi bilmagan holda yuqtirgan odamlar bemalol yurgan. Olimlarning tusmol qilishicha, o‘shanda har bir virus yuqtirgan odam kamida uch kishiga bu xavfli infeksiyani yuqtirib ketavergan.

Italiyada kasallik aniqlangan bemorlarning o‘rtacha yoshi 63 yoshni tashkil etmoqda. Ular orasida bir oylik chaqaloqdan tortib 101 yoshli ayolgacha bor. Virusga chalinganlarning yarminigina kasalxonaga yotqizishning iloji bo‘lgan. Keyinchalik ularning har besh nafaridan biri ahvoli og‘irlashgani sabab reanimatsiyaga olingan.

Italiyalik olimlarning hisobotida virus bu mamlakatga qachon kirib kelgani haqida aniq gap aytilmagan, zero endi uni aniqlashning amalda imkoni yo‘q. Olimlar virus ilk aniqlangan 20 fevraldan ancha avval kirib kelganini aytish bilan kifoyalanishdi.

GETTY IMAGES
Filadelfiya universiteti professori biolog Enriko Buchchining taxminicha, koronavirus Italiyaga o‘tgan yil dekabr oyi o‘rtalarida kirib kelgan. Buchchi o‘z faktlarini ilmiy blogiga ham joyladi.

Professor o‘z tahlillarida bugun virus avj olgan Kodono shaharchasi yaqinidagi Pyachensa shahrida dekabrning so‘ngi kunlarida 40 nafar kishi yengil shamollash bilan bir vaqtning o‘zida murojat qilganini misol qilib keltirdi. Bu haqda mahalliy matbuot ajablanish bilan xabar ham bergan, lekin hukumat jiddiy e’tibor bermagan. Professorning fikricha, ana o‘shandayoq koronavirus Italiyaga kirib kelib bo‘lgandi.

Fevral oyi oxiriga kelib pnevmoniyadan davolangan bemorlar tanasida koronavirus alomatlari topildi va bu professor Buchchining shubhalarini tasdiqladi. Professor bu odamlar koronavirusni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti virusga hali nom berib ulgurmasidan ilgari yuqtirganini aytdi.

Vaqt o‘tishi bilan Italiyada ikki oy davomida yashirincha tarqab yurgan va bekinib yotgan bu virus mamlakat boshiga bolg‘a bo‘lib urildi.

Genetik tahlillar shuni ko‘rsatyaptiki, virus Italiyaga ilk marta Xitoydan kirib kelgan. Virus ko‘plab mamlakatlarga bir vaqtning o‘zida, o‘tgan yil dekabrdayoq kirib borgani ehtimoli yuqori. Koronavirus Italiyada o‘simlik urug‘i unumdor tuproqqa tushgani kabi tez tarqalib ketdi.

GETTY IMAGES
Shundoq ham so‘nggi yillarda Italiyada oddiy gripp tufayli vafot etish holati Yevropaning boshqa mamlakatlarga nisbatan ikki baravar oshiq edi. O‘tgan yil noyabrda grippdan vafot etish ko‘rsatkichlari bo‘yicha italiyalik vrachlarning xulosasi e’lon qilingan va unga ko‘ra 2013-2017 yillar oralig‘ida Italiyada gripp tufayli qariyb 70 ming nafar odam halok bo‘lgan.

Birgina 2016-2017 yil qish faslida har 100 ming odamdan 40 nafari gripp tufayli vafot etgan. Taqqoslash uchun, dunyoda har yili 100 ming odamdan 10 nafari ko‘krak saratonidan, 20 nafari bezgakdan, 25 nafari sildan, 44 nafari OITSdan vafot etadi.

Italiyada koronavirus bilan kasallangan va vafot etganlarning ko‘pligiga bir nechta sabablar bor.
Birinchi sabab bu – aholining o‘rtacha yoshi bilan bog‘liq.

«Italiyada koronavirus tufayli vafot etish ko‘rsatkichlari yuqoriligini kutilmagan hodisa deb bo‘lmaydi. Bu mamlakatda immuniteti past bo‘lgan yoshi keksa kishilar ko‘p», deyiladi italiyalik olimlar hisobotida. Bugun Italiyada koronavirusga chalinganlarning o‘rtacha yoshi 63 yoshni tashkil etmoqda. Masalan, Germaniyada bu ko‘rsatkich 45 yoshni tashkil etadi.

Ikkinchidan, Italiyada antibiotiklarni ko‘p iste’mol qilishadi. Antibiotiklar viruslarga ta’sir qilmaydi, ammo og‘ir bemorlarning ahvolini yomonlashtirib, chidamli infeksiyalarning tanada urchishiga sabab bo‘ladi.

Statistikaga ko‘ra, italiyaliklar antibiotiklarni Yevropaning boshqa davlatlari aholisiga qaraganda bir yarim barobar ko‘p iste’mol qiladi. Hatto italiyalik fermerlar ham chorva mollari uchun Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga nisbatan antibiotiklardan ko‘proq foydalanishadi.

Chidamli infeksiyalar Italiya kasalxonalarida normadagidan ikki barobar ko‘p uchraydi. Yuqorida aytilganiday, koronavirus Italiyada unumdor tuproqqa urug‘ sepilganday bo‘ldi.

Italiyada virus keng tarqalishiga futbol o‘yinlari o‘z vaqtida to‘xtatilmagani ham sabab bo‘ldi. 19 fevral kuni Milanda YECHL pley-off bosqichi doirasida «Atalanta» va «Valensiya» uchrashuvi o‘tkazilgandi. Bu o‘yinga Bergamodan ko‘plab muxlislar jamoat transporti orqali kelgan. O‘shanda Milandagi o‘yingohga 50 ming nafar muxlis yig‘ilgan va ular orasida koronavirusga chalingan odamlar ham bo‘lgan.

Italiyadagi koronavirusga chalingan ilk bemor - Alzano Lombardoda shu o‘yinning ertasiga virus aniqlangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Koronavirus: Italiya nega ko‘p qurbon bermoqda?