12:33 / 29.03.2020
3 630

Yaponiya virusni qanday nazoratda ushladi?

Yaponiya virusni qanday nazoratda ushladi?
Foto: Reuters
Butun dunyoni qamrab olgan koronavirus Yaponiyani ham chetlab o‘tmadi. 29 mart holatiga ko‘ra, mamlakatda 1693 kishi virus yuqtirgan va ulardan 52 nafari halok bo‘lgan. To‘g‘ri, buni kam deb bo‘lmaydi, ammo vaziyat bundan ham yomonroq bo‘lishi mumkin edi. Xitoyga yaqin joylashgan bu davlatda virus yanvardayoq tarqala boshlagandi. Lekin yapon xalqining yashash tarzi virus zarari kattaroq bo‘lishiga yo‘l qo‘ymadi.

Qurbonlar ko‘p bo‘lishi mumkin edi...
Ayni vaqtda virusdan eng ko‘p fuqarosini yo‘qotgan davlat Italiya bo‘lib turibdi. Mamlakatda virusdan zararlanishning 92 mingdan ortiq holati qayd etilgan. Ulardan 10 mingdan oshig‘i halok bo‘ldi. Italiyada ko‘p odam vafot etayotganining asosiy sabablaridan biri sifatida mamlakatda qariyalar soni ko‘pligi keltirilmoqda. Ammo aholisi orasida qariyalar soni ko‘pligi bo‘yicha dunyoda Yaponiya yetakchi hisoblanadi. Kunchiqar yurtda 130 millionga yaqin odam yashaydi. Ularning 36 milliondan ko‘pi 65 yoshdan katta insonlar. 70 yoshdan oshganlar soni esa 27 millionni tashkil qiladi.

Italiyada 65 yoshdan kattalar aholining 22 foizini tashkil qilsa, Yaponiyada bu ko‘rsatkich 31 foiz atrofida. Italiya aholisi (61 million) Yaponiyanikidan (130 million) ikki barobar kam. Ya’ni, Yaponiyada keksa yoshdagi kishilar soni Italiyadagiga qaraganda ancha ko‘p. Kunchiqar yurtda erkaklar o‘rtacha 80, ayollar esa 84 yil umr ko‘radi. Shunday bo‘lsa-da, virus Yaponiyaga katta talafot keltira olmadi.

Yana bir omil, Yaponiya virus tarqalgan Xitoy bilan juda qalin aloqalarga ega. Bu ikki mamlakat o‘rtasida bordi-keldi ham shunga yarasha ko‘p. Yanvar oyida Yaponiyaga 925 ming xitoylik borgan, fevralda esa 89 ming. Mantiqan olib qaraganda, Yaponiyada qariyalar ko‘pligi va Xitoydan bunchalik ko‘p odam kelgani virusning aql bovar qilmas darajada ko‘payib ketishiga olib kelishi kerak edi, ammo bunday bo‘lmadi. Nega?

Qonga singgan tozalik
Koronavirus sababli deyarli barcha mamlakatlarda odamlarga qo‘llarini yuvib yurish, niqob taqish kabi tavsiyalar berilmoqda. Ammo bular Yaponiyada odatga aylanib bo‘lgan. Bir faktga e’tibor bering, yaponlar koronavirus paydo bo‘lishidan avval yiliga 5,5 milliard dona niqob ishlatishgan. Bu har bir fuqaroga o‘rtacha 43 donadan niqob to‘g‘ri keladi degani. Jamoat transportida yursangiz, juda ko‘p niqob taqqan odamlarni ko‘rish mumkin edi. Yaponlar uchun har kuni cho‘milish, qo‘lni nam sochiqchada artish, imkon bo‘lishi bilan qo‘lni yuvish kundalik odatga aylanib bo‘lgan.

Yaponlar qo‘l berib ko‘rishmaydi. Ular o‘z odatiga ko‘ra ta’zim bilan salomlashadi. Bu esa virus yuqish ehtimolini kamaytiradi. Virus juda ko‘p holatlarda qo‘ldan qo‘lga o‘tadi.
Yaponiyada yashayotgan biolog Vladimir Belousov Yaponiyada virus juda keng tarqalib ketmaganining juda oddiy sabablarini keltirdi.

Gigiyena, niqob va ovqat. Nimaga Yaponiyada karantin yoki favqulodda holat e’lon qilinmayapti?
Mamlakatda uch hafta avval karantinga chiqarilgan maktablar yana ochilmoqda. 1 aprel kuni (Yaponiyada odatiy o‘quv yilining boshlanish vaqti) yapon o‘quvchilari odatiy tarzda maktabda o‘qishni boshlaydi. Hozir dunyoda gigiyenaning jadal targ‘ibot jarayoni ketmoqda. Butun boshli mamlakat prezidentlari odamlarga qo‘lingizni yuving, qo‘lingiz bilan yuzingizga tegmang, qo‘l berib ko‘rishmang, quchoqlashmang, deb aytmoqda. Yaponiyada esa hammasi boshqacha. Keling bir boshidan sanaymiz.

1. Gigiyena. Yaponiyada bo‘lganlar bilishadi, bu yerda odamlardan, umuman hech narsadan hid tarqalmaydi. Albatta, qandaydir hid seziladi va bu odatda odamlar sepgan yengil atir hidi bo‘ladi. Chunki yaponlarda kuniga uch marta dush qabul qilish oddiy holat (kamida ikki marta). Imkon tug‘ilganda qo‘lni yuvish ham odatga aylangan.

2. Yaponlar tez-tez kiyimlarini almashtirishadi.Ich kiyimlarini esa kuniga bir necha martagacha yangilashadi.

3. Odamlarga tegish beodoblik hisoblanadi. Qo‘l berib ko‘rishish, quchoqlashish juda yaqin odamlar o‘rtasidagina kuzatiladi. Har qanday holatda salomlashish uchun ta’zim ishlatiladi.

4. Oraliq masofa. Yaponlar hayotning har jabhasida oraliq masofani ushlashga odatlangan. Do‘kondagi navbatda, jamoat transportida, bankomat oldida hech kim qulog‘ingiz tagida nafas olmaydi. Agar imkon bo‘lsa, 1 metrdan ko‘proq oraliq masofa saqlanadi.

5. Sanitar tozalash.[/b] Qandaydir virus xavfi chiqqan vaqtda emas, umuman butun yil, kun davomida Yaponiyada hamma yer tozalab turiladi. Jamoat joylari, jamoat transportlari, odam ko‘p to‘planadigan yerlar doim tozalab, yuvib turiladi.

[b]6. Hojatxonalar.
Butun mamlakatda hojatxona tekin va ular aql bovar qilmas darajada toza. Har qanday binoda toza hojatxonaga kirib yuvinib olishingiz, kiyimlaringizni, hatto ich kiyimlaringizni almashtirib olishingiz mumkin. Ular kiyim almashtirish uchun yetarli darajada keng (shu o‘rinda Yaponiyada jamoat joylaridagi deyarli hamma hojatxona unitazlari isitilishini aytish kerak - tarj.).

7. Hamma do‘konlarda qo‘l yuvish uchun rakovina va suyuq sovun bor.

8. Do‘konlardagi barcha yeguliklar selofan qopchalarga o‘ralgan bo‘ladi. Hatto sabzavotlar bitta-bitta o‘rab qo‘yiladi. Shokolad olsangiz, u avval germetik selofan bilan, keyin yaltiroq qog‘oz bilan o‘ralgan bo‘ladi.

9. Yaponlar kasal bo‘lsa, albatta niqob taqadi. Buning uyat tomoni yo‘q. Hech kim uni qo‘lini bigiz qilib ko‘rsatmaydi.

10. Yaponlar boshqa mamlakatlarga borishni xushlamaydi. Ularga dunyo xavfli bo‘lib ko‘rinadi.

11. Yaponiyada yeguliklar sifati juda baland va ular qisqa vaqtli yaroqlilik muddati bilan chiqariladi. Yaponiyada yeguliklar sifatiga talab baland, chunki ular pishirish yordamida kam taom tayyorlaydi. Shu sabab yeguliklar sifati shunchalik balandki ularni ikkilanmay xom holatda yeyish mumkin. Yeguliklarga ularni xom holatda yeyish mumkin deb yozib ham qo‘yiladi.

12. Yaponlar juda ko‘p harakat qilishadi. Ular doim sport bilan shug‘ullanishi katta yoshda ham tetik bo‘lishini ta’minlaydi.

13. Yaponlar orasida semiz odamni deyarli uchratmaysiz. Hatto katta yoshlilar orasida ham. Ayniqsa semiz ayolni deyarli ko‘rmaysiz.

Tomohiro Ohsumi/Getty
Bir so‘z bilan aytganda, butun dunyo karantin choralari deb qattiq talab qilayotgan narsalar yaponlar uchun oddiy hayot tarzidagi ehtiyoj. Bu yerda yashab yana bir narsaga guvoh bo‘ldim, Yaponiyaga kelgan yevropalik ayollar uzoq umr ko‘radi va tengdoshlaridan yoshroq ko‘rinadi. Aytmoqchimanki, yapon ayollarining yosh ko‘rinishi gen bilan bog‘liq emas. Butun sharoit (havo, oziq-ovqatlar, hayot tarzi, kosmetika hammasi) hammasi birlashib Yaponiyada yashayotgan odamlarga ta’sir qiladi, deya postini yakunlagan biolog Belousov.

Chindan yaponlardagi tartib-intizom, tozalik bu xalqni ko‘p jabhada namunaga aylantirgan. Yapon filmlarida odamlar niqobda yurishi, bir-biri bilan egilib salomlashi, qaysi binosini ko‘rsatmasin, maxsus libosdagi odamlar uni tozalab yurgani bizga g‘alati ko‘ringan bo‘lishi mumkin, ammo bugun o‘sha yaponlar hayot tarzidagi oddiy yumushga aylanib ketgan ishlar butun dunyoga tarqalgan virusning oldini olish uchun eng to‘g‘ri chora bo‘lib turibdi va yaponlar virussiz ham kundalik hayotda qilib yurgan ishlari boshqa jamiyatdagilarga majburlab o‘rgatilib bosh tortganlarga jarima belgilanmoqda.

Bizda ham tozalik doim qadrlangan. Bugun ayniqsa gigiyenaga, toza yashashga urg‘u berilmoqda. Umid qilamiz, koronavirus tezda yurtimizdan ko‘tariladi va u bilan birga har xil tanani tanaga tekkizib ko‘rishish, majlisbozlik, ma’rakabozlik kabi odatlar ham ketadi-da, o‘rniga shamollaganda niqob taqib yurish, tez-tez qo‘lni yuvish, doim ho‘l sochiqdan foydalanish, hamma yerni toza saqlash kabi yaxshi odatlar qoladi...

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yaponiya virusni qanday nazoratda ushladi?