09:19 / 30.03.2020
2 833

Koronavirusni yozning jaziramasi o‘ldira oladimi?

Koronavirusni yozning jaziramasi o‘ldira oladimi?
Foto: Getty Images
Yuqumli kasalliklarning aksariyati yil fasliga qarab oshib-kamayib turadi. Masalan, gripp ham koronavirus singari sovuq oylarda paydo bo‘ladi. Qorin tifi esa yozda urchiydi. Qizamiq mo‘’tadil iqlimli mamlakatlarda yozda yo‘qolsa, tropik mintaqalarda quruq fasllarda keskin ko‘payadi.

Shu sababli, COVID-19 bilan bog‘liq holatda ham bugun jahonda ko‘pchilik ana shunday mavsumiylik kutayotganining hech ajablanarli joyi yo‘q, deb yozadi BBCga asoslanib Kun.uz nashri.

Dekabr oyining o‘rtalaridan boshlab virus Xitoyda shiddat bilan tarqala boshlaganidan buyon u chegaralarni yorib o‘tdi va bugun AQSH hamda Yevropada kasallanganlar soni kun sayin ko‘payib bormoqda.

Virusning eng yirik tarqalishlaridan ayrimlari sovuq havo hukm surayotgan mintaqalarda ro‘y berdi. Shu sababli, odamlarda yoz kelgach pandemiya chekinadi, degan umid paydo bo‘lgan. Biroq, ko‘plab ekspertlar yozgi harorat virusni o‘ldiradi, deb ishonavermaslik kerakligidan ogohlantirishmoqda.

Bunday ehtiyotkorlik ma’lum bir asosga ega.
COVID-19 chaqiruvchi virus (uning rasmiy nomi SARS-CoV-2) – tadqiqotchilar uchun o‘ta yangi. Olimlarda hozircha uning faolligiga mavsumdan mavsumga qarab o‘zgarishini tasdiqlovchi statistik ma’lumotlar yo‘q.

2003 yilda unga o‘xshash SARS virusini tezda jilovlashga muvaffaq bo‘lingan, shu sababli bu virusga ham yil fasllari qanday ta’sir qilishi borasida ma’lumot kam.

Biroq, insonlar uchun yuqumli bo‘lgan ayrim boshqa kornaviruslarga qarshi kurashish tajribasi COVID-19 alal-oqibatda mavsumiy kasallikka aylanishi yoki yo‘qligini tushuntirishda asqotadigan ayrim ilmoqlarni taqdim etadi.

Foto: Getty Images
Shimoliy yarimsharda yoz kelishi bilan koronavirusni yuqtirish darajasi pasayishidan ko‘pchilik umidvor
Edinburg universitetining yuqumli kasalliklar markazida ishlovchi Keyt Tumplton tomonidan 10 yilcha avval o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, koronaviruslarning uch turi «sezilarli mavsumiy xarakter» namoyish etgan. Ya’ni, ular gripp xarakteriga ega bo‘lib, dekabrdan aprelgacha bo‘lgan sovuq oylarda bo‘y ko‘rsatgan.

Immun tizimi zaiflashgan patsiyentlardan olingan to‘rtinchi koronavirus esa o‘zini oldindan taxmin qilib bo‘lmaydigan darajada tutgan.

COVID-19 ham mavsumiy bo‘lishi mumkinligi borasida ayrim shamalar bor. Yangi kasallikning jahon bo‘ylab baravj tarqalishi virus sovuq va quruq sharoitlarni yaxshi ko‘radi, degan taxminga borish uchun asos bo‘ladi.

Hozircha e’lon qilinmagan, biroq koronavirus tarqalgan jahonning 500ta shahridagi ob-havo taqqoslangan tahlilga ko‘ra, virusning tarqalishi havo harorati, shamolning tezligi va namlik darajasiga bog‘liqligini ko‘rsatmoqda.

Yana bir hozircha e’lon qilinmagan tadqiqotga ko‘ra, COVID-19ning kamroq qayd etilgan holatlari nisbatan yuqori harorat bilan bog‘lanmoqda. Biroq unda ta’kidlanishicha, birgina ob-havoning o‘zi virusning tarqalishi borasidagi barcha savollarga javob bera olmaydi.

Navbatdagi (u ham e’lon qilinmagan) tadqiqot mualliflarining taxmin va bashorat qilishlaricha, kontinental iqlim (sovuq qish va issiq yoz)ga ega mintaqalar virus uchun eng zaif hududlar bo‘ladi. Zaiflik buyicha keyingisi— qurg‘oqchilikka moyil mintaqalar.

Tropiklar yangi kaskalliklarga nisbatan boshqa joylarga nisbatan chidamliroq, deyishmoqda bu tadqiqot mualliflari.

Sxema bo‘yicha emas
Virusning mavsumdan mavsumgacha faolligi haqida ma’lumotga ega bo‘lmasdan turib, olimlar yil bo‘yicha nimalar sodir bo‘lishi borasida o‘z taxminlarida kompyuter modellashtirishiga tayanishmoqda.

Endemik koronavirus kasalliklarining mavsumiy ko‘rinishini COVID-19 harakatlariga ekstrapolyatsiya qilish — juda murakkab masala. Endemik viruslarning mavsumiyligi turli sabablarga ko‘ra bo‘lishi va u har doim COVID-19 pandemiyasiga mos tushavermasligi ham mumkin.

Pandemiyalar ko‘pincha oddiy yuqumli kasalliklar avj olishining mavsumiy sxemalariga bo‘ysunmaydi. Masalan, 1918-20 yillarda «ispanka» grippi yuqishining cho‘qqisi yoz oylariga to‘g‘ri kelgan. Gripplarning aksariyatida avj olish qishda ro‘y beradi.

«Biz ertami-kechmi COVID-19 endemik kasallikka aylanishini kutmoqdamiz, — deydi Shvetsiyaning Karolin instituti virusologi Yan Albert. — Agar unda mavsumiylik paydo bo‘lmasa, juda taajjublanarli bo‘ladi. Biroq, mavsumiylik xarakteri virusning pandemiya sharoitida tarqalish xususiyatida aks etishi juda katta so‘roq ostida. Biz buni hozircha aniq bilmaymiz, lekin bu jihatni e’tibordan qochirmaslik kerak».

Xullas, biz boshqa koronaviruslar haqida bilganlarimizning joriy pandemiyaga qarshi qo‘llamoqchi bo‘lsak, juda ehtiyot bo‘lishimiz kerak.

Foto: Getty Images
Biroq, nega boshqa koronaviruslar mavsumiy xarakterga ega va nega bizga umid bag‘ishlamoqda?
Koronaviruslar — qobiqli deb ataluvchi viruslar oilasi bo‘lib, ular yopishqoq, yog‘dan iborat membranaga ega va undan tojni eslatuvchi shoxchalar turtib chiqqan.

Boshqa qobiqli viruslarni tadqiq etilishi o‘sha qobig‘i ularni boshqa qobiqsiz virusga qaraganda harorat oshishidan asray olmasligini ko‘rsatgan.

Sovuq sharoitlarda qobiq rezinaga o‘xshash holatga tushib qotadi, go‘yoki qozonda to‘nglab qolgan moydek. Bu esa virus organizmdan tashqarida bo‘lganida uni himoyalab, uzoqroq vaqt yashashi uchun sharoit yaratadi.

Shu sababli qobiqli viruslarning aksariyati yorqin ifodalangan mavsumiy xarakterga ega.

Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, SARS-Cov-2 qattiq sirtlar (masalan, plastik va metall)da 21-23 daraja issiqda, nisbiy 40 foiz namlikda 72 soatgacha yashashi mumkinligi ko‘rsatgan.

Bu virus boshqa harorat va namlikda qanchalik yashovchan ekanini hali aniqlash kerak, biroq boshqa koronaviruslar ustida olib borilgan tadqiqotlar ular Selsiy shkalasi bo‘yicha 4 darajada 28 kungacha yashashi mumkinligini ko‘rsatgan.

COVID-19 chaqiruvchi koronavirusning eng yaqin qarindoshi va 2003 yilda avj olgan SARS ham quruq va sovuq sharoitlarda o‘zini yaxshi his qilgan. Harorat oshgani sayin virusning umri qisqara borgan.

«Iqlimning roli shundan iboratki, u organizmdan tashqarida bo‘lgan virusning barqarorligiga ta’sir o‘tkazadi — masalan, yuqtirgan kishi aksa urganda u havoga uchishi yoki turli sirtlarga tushish asnosida», — deya tushuntiradi atrof-muhit o‘zgarishi oqibatlarining biologik xilma-xillikka ta’sirini o‘rganayotgan Madriddagi tabiiy fanlar milliy muzeyi xodimi Migel Arouxo.

«Virus organizmdan tashqarida barqarorligini qanchalik uzoq saqlab qola olsa, uning insonlarga yuqishi va epidemiya chaqirishi xususiyati shunchalik yuqori bo‘ladi. Jahondagi COVID-19 avj olgan eng yirik o‘choqlar aynan sovuq va quruq havo hukmron bo‘lib turgan mintaqalardir», — deydi ekspert.

«Insonlarning o‘zini tutishi — virus qanday tarqalishini anglash uchun kalitdir»
Migel Arouxoga ko‘ra, COVID-19 ham boshqa koronaviruslar singari harorat va namlikka sezgir bo‘lsa, bu kasallik jahonning turli mintaqalarida turli fasllarda avj olaveradi.

«Ikki virus o‘zini o‘xshash tutishini kutish uchun asoslar bor, — deydi u. —Lekin bu tenglamada o‘zgaruvchilar soni bitta emas. Virus odamdan odamga yuqadi. Muayyan joyda qancha ko‘p odam bo‘lsa, ular bir biri bilan qanchalik ko‘p aloqa qilsa, shunchalik infeksiya ko‘p tarqaladi. Insonlarning o‘zini tutishi — virus qanday tarqalishini anglash uchun kalitdir».

AQSHning Merilend universiteti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, virus sayyoramizing Selsiy bo‘yicha harorat 5 darajadan 11 darajagacha, nisbiy namlik past bo‘lgan shaharlari va mintaqalarida tarqalgan.

Biroq, tropiklarda ham kasallikka chalinganlar yetarli. Virusning Osiyoda tarqalishi yaqinda Harvard meditsina akademiyasi mutaxassislari tomonidan tahlil qilinganida, bu pandemik koronavirusning sezgirligi ob-havo sharoitlariga nisbatan pastroq bo‘lishi aniqlangan.

Olimlarning hisoblashicha, Xitoyning sovuq va quruq Jilin va Heylongjiang provinsiyalarida, shuningdek Xitoyning Guangsi hamda Singapur davlati kabi tropik mintaqalardagi yuqtirganlarning tezda o‘sib borishi – bahor va yoz fasllarida havo harorati va namlik darajasining oshib borganligi yuqtirish holatlari sonining kamayishiga olib kelmaydi, degan xulosa uchun asos bo‘la oladi.

Tadqiqotchilarga ko‘ra, kasallikni yengish uchun har bir davlatning sog‘liqni saqlash tizimini jiddiy ravishda kuchaytirish kerak.
Gap shundaki, virusning tarqalishi shunchaki uning atrof-muhitda jon saqlay olish xususiyatiga nisbatan ko‘proq omillarga bog‘liq.

COVID-19 singari kasalliklarni insonlar tarqatadi. Virusning tarqalish tezligi yilning u yoki bu faslida aynan ularning o‘zini tutishiga bog‘liq.

Foto: Getty Images
Masalan, Yevropada qizamiq kasalliklarining yuqish holati ko‘payishi o‘quv yilining boshlanishiga to‘g‘ri keladi. Holatlar yozda — o‘quvchilar ta’tilga chiqqan chog‘da pasayadi.

Xitoycha yangi yil (25 yanvar)ni nishonlash chog‘ida insonlarning ulkan migratsiyasi COVID-19ning Uhandan Xitoyning boshqa shaharlariga, so‘ngra butun jahon bo‘ylab tarqalishida asosiy rolni o‘ynagan.

Bundan tashqari, ob-havo bizning immun tizimimizga ta’sir ko‘rsatadi va uni infeksiyalar oldida zaiflashtiradi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, bunda organizmimizdagi D vitamini darajasi ham muhim rol o‘ynaydi. Qishda, quyosh nuridan bahra olinmaydigan faslda biz ko‘proq yopiq binolarda kun o‘tkazamiz, organizmimiz D vitaminini kamroq ishlab chiqaradi.

Lekin, bu gripp kabi kasalliklarning mavsumiy xarakterini tushuntirib bera olmasa kerak. Sovuq havo immun tizimimizni zaiflashtirishi ham tasdiqlangan fakt emas. Ayrim tadqiqotlar buni tasdiqlasa-da, boshqa izlanishlar aynan sovuq havo ko‘proq hujayralarni organizmni infeksiyalardan himoya qilishga safarbar etishini isbotlagan.

Biroq, bizning kasalliklarga chidamsizligimizga namlik juda katta ta’sir o‘tkazishi haqida jiddiy isbotlar bor. Quruq havo o‘pkamiz va nafas yo‘llarini infeksiyalardan tabiiy yo‘l bilan himoya qiluvchi, organizmda ishlab chiqariladigan shilliq miqdorini kamaytiradi.

«Bizni ikkinchi to‘lqin chulg‘ab olsa, hayron bo‘lmayman»
Xitoylik olimlar Uhanda COVID-19dan ro‘y bergan 2300ta o‘lim holatini tadqiq etib, ularni namlik, harorat va inson o‘lgan kundagi havoning ifloslanish darajasi bilan taqqoslab chiqishdi.

Bu tadqiqot hali ilmiy jurnallarda e’lon qilinmagan, lekin undanko‘rinishicha, harorat va namlik yuqori bo‘lgan kunlari o‘lim darajasi past bo‘lgan.

Bundan tashqari, xitoylik olimlar mazkur tadqiqotda haroratning sutkalik farqi yuqori bo‘lgan kunlarda o‘lim darajasi juda yuqori bo‘lganini ham qayd etishgan.

Biroq, shuni ta’kidlash joizki, bu tadqiqot ham asosan kompyuterda modellashtirishga asoslangan. Bunday bog‘liqlik borligini jahonning boshqa mintaqalarida ham tasdiqlash kerak.

Pandemiyaga sabab bo‘lgan virus yangi bo‘lganligi sababli, yuqtirganidan so‘ng tuzalib ketganlar hisobga olinmasa, kimdadir unga nisbatan immunitet borligining ehtimoli past. Bu esa koronavirus tarqalishi, yuqishi va kasalliklar keltirib chiqarishi bilan endemik viruslardan farqlanishini bildiradi.

Virusning jahon bo‘ylab tarqalishida yo‘lovchi aviaqatnovlar asosiy vositani o‘tadi, deydi Fransiyaning salomatlik va meditsina tadqiqotlari instituti ilmiy direktori Vittoriya Kolizza. Biroq alohida olingan hamjamiyatda uning tarqalishiga aynan insonlar o‘rtasidagi kontaktlar sabab bo‘lgan.

Insonlar o‘rtasidagi kontaktlarning bartaraf etilishi yuqish sur’atlarini sekinlashtiradi. Jahonning ko‘plab davlatlari hukumatlari oziq-ovqat do‘konlari, dorixonalardan boshqa jamoat joylarini tashrif uchun yopib, fuqarolarni uyda qolishga chaqirib, aynan shunga erishmoqchi.

Foto: Getty Images
Agar COVID-19ga chalinish holatlari yoz oylariga kelib pasaysa, kasallik yo‘q bo‘lib ketmasligi, yil so‘ngiga borib yana bo‘y ko‘rsatishi mumkin.

«Hozircha COVID-19 mavsumiy xarakterga ega ekanligi noma’lum, — deydi Kolizza. — bu yerda insonlarning o‘zini tutishi ham o‘z rolini o‘ynashi mumkin».

Biroq, uning ogohlantirishicha, virusni to‘xtatish uchun yetarli choralar ko‘rilayotgani haqida ta’kidlash uchun hali barvaqt.

Agar COVID-19 hollari oldimizda turgan oylarda chindan ham kamaya boshlasa, bunga bir qator sabablar bo‘lishi mumkin: shaharlarni izolyatsiya qilib, yopilganligi, aholi immunitetining o‘sib borishi. Professor Albertning kompyuter modellashtirishiga ishonadigan bo‘lsak, kasallikning mavsumiy xarakterga egaligi ham shu qatorda bo‘lishi mumkin.

«Agar yil fasli chindan ham ta’sir o‘tkaza olsa, u bizga boshqa ikki sababning real ta’sirini ko‘rishda xalaqit qiladi, — deb ogohlantiradi professor Albert. — Qat’iy cheklov choralari ko‘rilgan mamlakatlarda odamlar kasallik yuqtirib olish xavfiga kamroq duchor bo‘lishadi, lekin kech kuz va qishda kasallikning ikkinchi to‘lqini bizni chulg‘ab olsa, men hayron bo‘lmayman».

Hattoki COVID-19 ma’lum bir mavsumiylikka ega bo‘lgan taqdirda ham u yozda butunlay yo‘qolib ketmaydi. Biroq, bizning ayni kunlardagi kasallikni yuqish darajasini pasaytirishga bo‘lgan urinishlarimiz juda foydali bo‘lib chiqishi mumkin.

«Bugun virusning portlash darajasida tarqalishining oldini olish uchun biz qo‘yayotgan qadamlar iqtisodiy nuqtayi nazarda biz uchun qimmatga tushmoqda, biroq ular pandemiyaning yozda rivojlanishini keyinga siljitadi, — deydi professor Albert. — Agar bu virusda mavsumiylik xislati bo‘lsa, bu choralar sog‘liqni saqlash tizimlariga kelgusida unga qarshi turishga tayyorlanib olish uchun fursat beradi».

Ehtimol, bugun jahonda koronavirusga qarshi ayovsiz va og‘ir kurashda aynan vaqt zaxirasi juda yetishmayotgandir.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Koronavirusni yozning jaziramasi o‘ldira oladimi?