15:06 / 06.04.2020
2 324

Italiyadagi vaziyat. Hukumat bundan so‘ng qanday yo‘l tutmoqchi?

Italiyadagi vaziyat. Hukumat bundan so‘ng qanday yo‘l tutmoqchi?
Italiya bugungi kunda Yevropadagi asosiy virus o‘choqlaridan bo‘lib turibdi. Ayni paytda mamlakatda virus bilan kasallanganlar soni qariyb 129 mingni, vafot etganlar soni 16 mingga yaqinni, sog‘ayganlar esa 21 mingdan ortiqni tashkil qilmoqda. Italiya ushbu qo‘rqinchli raqamlar bilan dunyo koronavirus reytingida 3-o‘rinda bormoqda.

Xo‘sh, mamlakatda vaziyatning bu qadar izdan chiqishiga qanday omillar sabab bo‘ldi? Hukumat bundan so‘ng qanday yo‘l tutmoqchi? Quyidagi maqolada shu kabi bir qator savollarga javob topishga urinib ko‘ramiz.

Komendantlik soati bekor qilinadi
Mamlakatda bir yarim oydan beri davom etayotgan karantindan so‘ng qurbonlar kamayib, koronavirus grafigi va nihoyat yotiq ko‘rinish ola boshladi. Buning ortidan hukumat Pasxa bayramining ertasiga komendantlik soatini bekor qilishga qaror berdi. Shunga qaramay, ilmiy qo‘mitaning ko‘rsatmalari qat’iy: basharti uydan chiqilgan taqdirda ham ijtimoiy masofa saqlanishi, jamoat joylarida niqob taqilishi shart.

O‘zlarini masxara qilinganday his etishmoqda
Italiya xalqi bir tomondan diniy bayram shukuhini his qilishga umidvor bo‘lib turgan bo‘lsa, boshqa tomondan g‘azabnok hamdir: do‘st deb bilgan mamlakatlari eng qiyin damlarda yolg‘iz tashlab qo‘ygani va bu inqirozni boshqa rivojlangan davlatlardan avval boshdan kechirganliklari tufayli o‘zlarini go‘yo masxara qilinganday his etishmoqda. Holbuki, bugun Angliya va AQSHda ham inqiroz butun bo‘y basti bilan o‘zini namoyon etmoqda. Bunday his-tuyg‘ular bilan ertaga – pandemiyadan so‘ng sog‘liqni saqlash sektori, iqtisodiyot, xalqaro siyosiy munosabatlar, shuningdek, xalqlar orasidagi o‘zaro ishonch qanday tiklanadi – bu ham bir muammo.

Sog‘liqni saqlash sektori zaiflashib qolgandi
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng ko‘plab mamlakatlar qatori Italiya ham har taraflama farovon va to‘kis davlat bunyod etgandi. Sog‘liqni saqlash sektori ham inqiroz yuzaga kelishidan avval ushbu farovon davlatning faxr-u iftixori edi. Ammo tibbiyot xodimlarining ulkan fidokorligiga qaramay, epidemiya sharoitida sohadagi ba’zi kamchiliklar yuzaga qalqib chiqdi.

Aytish joizki, 90-yillardan e’tiboran sog‘liqni saqlash sektori g‘oyat zaiflashib qolgandi. 2017 yil milliy sog‘liqni saqlash sektori (52 foizi davlat tasarrufida) jami mingta muassasaga ega bo‘lib, ular taxminan 191 ming yotoq sig‘imiga ega edi. Bu raqam har ming kishiga 3,6 krovat to‘g‘ri kelishini anglatadi. Qolaversa, shifoxonalarning sig‘imi Yevropa Ittifoqi o‘rtalamasining mingdan 5 qismini tashkil etishini hisobga olsak, yetishmovchilik ko‘lami qay darajada ekani oydinlashadi. O‘n yil oldin o‘rtacha yotoq hajmi har ming kishiga 4,3tani tashkil qilgan bo‘lsa, 1998 yilda bu ko‘rsatkich 5,8ta edi. Ya’ni aholining keksayib borishiga qaramay, sog‘liqni saqlash sohasida yotoqlar soni jiddiy ravishda kamayishi kuzatilgan.

Davlat xususiy sektorga ishongandi, ammo...
Davlat budjetini kuchaytirish siyosati doirasida xususiy sektorning sarmoyalariga ishonib, davlat kasalxonalariga ajratilishi ko‘zda tutilgan mablag‘lar qisqartirib kelindi. O‘z navbatida xususiy sektor ham serdaromad sohalarga e’tibor qaratib, bu kabi inqirozlar paytida eng ko‘p ehtiyoj tuyuluvchi reanimatsiya bo‘limlariga yuqori xarajatlar tufayli sarmoya kiritishdan uzoq vaqt tiyilib keldi. Natijada bugun Italiyada har 100 ming fuqaroga atigi 13ta reanimatsion to‘shak to‘g‘ri kelmoqda. Taqqoslash uchun, Turkiyada har 100 ming fuqaroga 40 yotoq sig‘imi bor va bu davlat bu borada Yevropa mamlakatlari orasida birinchi o‘rinda turadi.

Kechiktirishlar odatiy holga aylanib qolgandi
Yuqoridagi raqamlar Italiya o‘z sog‘liqni saqlash tizimiga investitsiya kiritish maslasini tezlashtirishi lozimligini ko‘rsatmoqda. Biroq so‘nggi oylarda kuzatilayotgan infratuzilma yetishmovchiligi va shunga mos ravishda yuzaga kelgan avariyalar, davlat investitsiyalarining kam ekanini va kechikishi odatiy holga aylanib qolganini tasdiqlamoqda. Masalan, yarim orolning eng yirik shaharlaridan biri bo‘lgan Neapoldagi metro liniyasi iqtisodiy o‘sish boshlangan 1960-yillarda rejalashtirilgan edi, ammo uni qurish 1976 yilgacha qolib ketdi. Metroning birinchi qismi mamlakat farovonlik darajasi yuqori bo‘lgan bir paytda – 1993 yilda foydalanishga topshirilgan esa-da, uning qolgan qismi iqtisodiy turg‘unlik bilan tavsiflanuvchi kelgusi oylarda yakunlanishi kutilmoqda.

Afsuski, Italiyadagi bunday holat odatiy holga aylanib bormoqda. Qolaversa, Sovid-19 bilan bog‘liq achchiq tajriba ham ushbu tendensiyani yo‘qotish uchun zarur madaniy, huquqiy va iqtisodiy o‘zgarishlar yasashga qodir bo‘lmasligi mumkin.

Sog‘liqni saqlash tizimi va «regionalizm»
Italiyaning demokratik konstitutsiyaviy rejimi 20 mintaqaga avtonomiya beradigan «regionalizm»ga asoslanadi. Garchi sog‘liqni saqlash sektori milliy muvofiqlashtirish bilan bog‘liq esa-da, aslida, u hududlarning javobgarlik doirasidadir. Shuning uchun ham imkoniyat va investitsiyalar bo‘yicha mintaqalar o‘rtasida jiddiy tafovutlar mavjud. Virusdan eng ko‘p zarar ko‘rgan Lombardiya mintaqasining sog‘liqni saqlash sektori, aslida, mamlakatda eng yaxshilaridan biri bo‘lsa-da, qanday natija kuzatilgani barchaga yaxshi ma’lum. Tibbiyot xizmatlari eng yomon bo‘lgan Sitsiliyada hokim orolni materik bilan bog‘laydigan barcha dengiz yo‘llarini yopib, mintaqani himoya qilishga harakat qilmoqda.

«Yashil» chiroqlar yoqildi, biroq...
Bugungi kunda bozorga borish va xarid qilish imkoni yo‘qligi sababli talabda jiddiy pasayish kuzatilmoqda. Bundan tashqari, fabrikalar yopilgani yoki xalqaro aloqalar zanjiri uzilib qolgani sabab ta’minot kamayishi, shu tariqa iqtisodiyot qisqarishi kutilmoqda. Shubhasiz, ushbu vaziyatdan eng ko‘p zarar ko‘radiganlar qatlam kam daromadli fuqarolardir. Davlat inqiroz sharoitida tirikchilik muammosining oldini olish uchun moliyaviy yordam ko‘rsatmoqda. Yevropa Ittifoqi ham moliyaviy intizom siyosatidan voz kechdi va budjet taqchilligini qo‘llab-quvvatlash uchun nihoyat «yashil» chiroqlarni yoqdi. Biroq siyosatdagi ushbu tarixiy o‘zgarishlarga qaramay, karantindan so‘ng kompaniyalarning moliyaviy holati havas qilgulik darajada bo‘lmasligi aniq.

Qit’aning global mavqeyiga putur yetmoqda

Carlo Bressan / AA
Italiyalik Mario Dragi raislik qilgan davrda Yevropa Markaziy banki (YESB) a’zo davlatlarning qarzlarini sotib olib, uni barcha Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga «sochib» yuborgandi. Hozir ham xavfni bo‘lishish uchun shunga o‘xshash amaliyot talab qilinmoqda. Italiya siyosatchilari Yevropa Markaziy bankining yevrobond yoki koronabond deb nomlangan obligatsiya chiqarish talabini salbiy qabul qilishdi. Ushbu masalalar bo‘yicha Ittifoqning 10 a’zosi (jami yalpi ichki mahsulotning 60 foizini tashkil etadi), Germaniyadan alohida harakat qilib, Italiyaning talablarini birinchi marta qo‘llab-quvvatlashdi. Biroq Shimoliy Yevropa mamlakatlari, ayniqsa, Germaniyaning e’tirozlari tufayli Yevropa komissiyasi ilgari ham kuzatilgani kabi bu yo‘nalishda ham zudlik bilan biror qarorga kela olmadi. Ushbu chuqur kelishmovchiliklar alaloqibat qochqinlar inqirozi yoki Liviya muammosi kabi Sovid-19 inqirozida ham qit’aning global mavqeyiga putur yetkazmoqda.

«Agar Yevropa o‘lsa, bu o‘limning sababi uning harakat qilmagani bo‘ladi»
Rossiya o‘zining global kuchini tiklashga harakat qilar ekan, Italiyaga harbiy parad bilan tonnalab materiallar va biologik kurash bo‘yicha mutaxassislarni yubordi. Ayniqsa, Kuba yoki Albaniya kabi gegemonlikka da’vo qilmaydigan ikki mamlakatning mos ravishda 35 va 30 nafar ko‘ngilli shifokorlarni yuborgani, shu bilan bir vaqtda gullab-yashnayotgan qo‘shni davlatlarning yordamga qo‘l cho‘zmagani kishini o‘yga toldiradi. To‘g‘rirog‘i, Italiya tibbiy muassasalarining ishini yengillashtirish uchun Sovid-19 tashxisi qo‘yilgan italiyalik bemorlarni o‘z kasalxonalariga qabul qilgan Germaniya nima uchun Rossiya, Kuba va Albaniya kabi Italiya jamoatchiligida effekt yarata olmadi?

Italiya jamoatchiligi so‘nggi yillarda Yevropa Ittifoqiga shubha bilan qarovchi o‘ng qanot populist partiyalarni qo‘llab-quvvatlar ekan, Yevropa ham zarur paytda Italiyaga sovuq muomala qilgani, birdamlikni namoyish qilmagani muhim ahamiyatga ega. Biroq Yevropa mamlakatlari Italiya yoki O‘rta yer dengizidagi har qanday mamlakatning iqtisodi zaiflashishi butun Yevropa mamlakatlarida ta’sir ko‘rsatishini juda yaxshi bilishadi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Italiya matbuotiga bergan intervyusida «Agar Yevropa o‘lsa, ushbu o‘limning sababi uning harakat qilmagani bo‘ladi», deb aytdi. Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte ham minimal darajadagi aloqaga ega bir Yevropani ko‘rishni istamayotganini, bil’aks, kelgusida Yevropa birdamlik va suverenitetda bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Davlatlashtirish siyosati o‘zini qanchalik oqlashi mumkin?
Boshqa tomondan, Germaniya kabi davlatlar yemagan somsalariga pul to‘lashni, iqtisodi zaif davlatlarning muvaffaqiyatsiz moliyaviy siyosati badalini to‘lashni istashmayapti. Aslida, ular o‘zini xudbinlarcha tutyapti, deb aytib bo‘lmaydi. Ammo bugungi kunda Italiyaning davlat qarzi 2 trillion 443 milliard yevroni tashkil etmoqda va shuning uchun ham uning ushbu og‘ir sharoitda yolg‘iz harakat qilish qobiliyati nihoyatda cheklangan. Mazkur inqirozdan keyin tez-tez ko‘rilishi kutilayotgan davlatlashtirish siyosati ham yana bir xavf tug‘dirishi aniq.

Davlat tasarrufiga olinadigan kompaniyalar orasida inqiroz davomida hech bir parvoz amalga oshira olmagan «Alitalia» aviakompaniyasi birinchi navbatda turibdi. Biroq yillar davomida moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan milliy aviakompaniya Yevropa Ittifoqi tomonidan amalga oshirilgan ko‘plab qutqaruv rejalariga qaramay, inqirozdan avval ham jar yoqasiga kelib qolgandi. Davlat tasarrufiga o‘tkazish yoki davlat sherikligi, shubhasiz, inqirozning iqtisodiy ta’sirini kamaytirishning muhim vositasi bo‘lsa-da, agar davlatning qo‘llab-quvvatlovi kompaniyalarga yanglish beriladigan bo‘lsa, mamlakatning shundoq ham cheklangan resurslari behuda sarf bo‘ladi.

Yevrodan voz kechish – populistik harakatlarning bo‘sh va’dasidir
Oldin ham chuqur kelishmovchiliklar kuzatilgan YEIning mavjudligi haqida endi hech kim savol bermayapti. To‘g‘ri, Yevropa Ittifoqi ichida erkin harakatlanish ittifoqning ajralmas bir elementi hisoblanadi, biroq hozir undan deyarli naf yo‘q. 1999 yilda muomalaga kiritilgan yevro Italiya kabi moslashuvchan valyuta siyosatiga ko‘nikib qolgan davlatlarni cheklasa-da, inqiroz sharoitida zarur moliyaviy barqarorlikni ta’minlashda yevro juda muhim ahmiyatga ega. Shu sababli, yevrodan voz kechish populistik harakatlarning bo‘sh va’dasi bo‘lib qolaveradi.

O‘sha payt chora ko‘rish mumkin edi...
Ayni damda xalqaro munosabatlardagi kelishmovchiliklardan tashqari, xalqlar o‘rtasidagi ishonchsizlikni ham jiddiy e’tiborga olish lozim. Dekabr oyida Xitoyda virusga chalinish bilan bog‘liq ilk xabarlar chiqqan paytda Italiyada ilk bor noodatiy pnevmoniya holatlari ro‘y bergandi. 7 yanvar kuni Milandagi shifoxonalarda pnevmoniya bilan bog‘liq kasallanish holatlari yillik o‘rtacha ko‘rsatkichdan 50-80 foizga ortib ketgani ma’lum qilingandi.

O‘sha haftalarda virus emin-erkin tarqalgani aniq. O‘sha payt milliy va xalqaro institutlar bunga qarshi chora ko‘rishlari mumkin edi. Ammo Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) taqdim etgan ma’lumotlarga asoslanib, Italiya Sog‘liqni saqlash vazirligi xalqaro sayohatlarga, xususan, Xitoy bilan sayyohlik va savdo aloqalariga hech qanday cheklovlar joriy etmadi. Boshqa Yevropa davlatlari singari Italiya ham yuqori xarajatli choralar ko‘rishga botinmadi.

Italiyaliklar epidemiya yakunlanishidan umidvor
Yaqinlashib kelayotgan Pasxa bayramida Venetsiya markazida joylashgan San-Rokko cherkovining eshiklari ochiladi. Biroq hech kim marosimda ishtirok etolmaydi. Cherkovdagi mashhur Tintoretto freskalarini hayrat va hayajon bilan tomosha qiluvchi sayyohlar ham bu kunlarda atrofda ko‘rinmasligi aniq.

Italiyaliklar epidemiya San-Rokko xotirlanadigan 15 avgust kechasiga qadar tamoman tugashini, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va xalqaro siyosiy aloqalarda epidemiya tufayli kelib chiqqan muammolar yechim topishini, odamlar yana bir-birlariga ishonch bildirishini umid qilishmoqda.

Otabek Tillayev tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Italiyadagi vaziyat. Hukumat bundan so‘ng qanday yo‘l tutmoqchi?