07:07 / 08.04.2020
2 028

Koronavirus: Yaponiyada favqulodda holat, AQSH va Fransiyada minglab o‘lim holatlari

Koronavirus: Yaponiyada favqulodda holat, AQSH va Fransiyada minglab o‘lim holatlari
Foto: Reuters
Dunyoda yana nimalar sodir bo‘ldi? Quyida koronavirus tarqalishi bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlar.

Eng og‘ir vaziyat - Ispaniya va AQSHda
Ispaniyada so‘nggi bir kunda yana 743 kishi koronavirus qurboniga aylandi, holbuki dushanba kuni 637 o‘lim qayd etilgan va bu mamlakatda 24 mart kunidan buyon eng quyi ko‘rsatkich bo‘lgandi.

So‘nggi kunlarda qurbonlar va zararlanganlar soni kamayishi kuzatilgandi, sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi kundagi o‘sish ko‘rsatkichlarini bu miqdor dam olish kunlaridagi holatlarni ham o‘z ichiga olishi bilan izohladi. Ayni vaqtda jami qurbonlar soni 14 mingga yaqinlashdi - dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkich.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Ispaniyada koronavirusdan zararlanish holatlari ham o‘sgan: mamlakatda yana 5 mingga yaqin kishi kasallangani aniqlangan va jami miqdor 140,5 mingdan oshgan. Sog‘liqni saqlash vaziri Mariya Xose Siyerra buni ham dam olish kunlaridagi holatlar qo‘shilishi bilan izohlagan. Ayni vaqtda Ispaniya kasallanish holatlari soni bo‘yicha AQSHdan keyingi ikkinchi o‘rinda joylashgan.

Seshanba kuni Nyu-York shtati kasallanganlar soni bo‘yicha Italiyani ortda qoldirdi. Seshanba kungi ma’lumotlarga ko‘ra, shtatda koronavirusdan zararlanganlar soni 139 mingga yaqin. AQSHda qayd etilgan jami holatlar - 386,5 ming kishi.

Seshanba kuni Nyu-Yorkda pandemiya boshlanganidan buyon eng ko‘p o‘lim qayd etildi - bu shtatda bir kunda 731 kishi vafot etdi. So‘nggi kunda mamlakatda jami 1529 o‘lim qayd etildi va pandemiya boshlanganidan buyon jami o‘limlar soni 12400ga yetdi.

Bu haftada AQSH koronavirus bilan bog‘liq barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha - o‘limlar soni, kasallanishlar soni va reanimatsiya bo‘limlari to‘lishi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etishi kutilmoqda. Bu haqda ABC telekanali efirida Oq uy shifokorlar jamoasining sobiq a’zosi, terapevt va admiral Brett Griguar aytib o‘tdi.

Viskonsin shtati hukumati karantinga qaramasdan Demokratik partiya praymerizini o‘tkazishga qaror qabul qildi. Shtat gubernatori, demokrat Toni Evers saylovlarni bir oy keyin o‘tkazish haqida favqulodda farmonini imzolagandi, ammo dushanba kuni Oliy sud uning qarorini bekor qildi.

Natijada saylovlar cheklangan formatda o‘tkazildi - Miluoki shahridagi 180ta saylov uchastkasidan faqat 5tasi ochildi - saylovchilar ijtimoiy masofa saqlagan holda ovoz berishdi.

Yaponiya: favqulodda holat va biznesga yordam
Yaponiyada favqulodda holat joriy etildi - to‘g‘ri, bu mamlakatda qat’iy karantin choralari joriy etilishini anglatmaydi. Jamoat transporti faoliyat ko‘rsatishda davom etadi, fuqarolar harakatiga cheklov o‘rnatilmaydi.

Ammo favqulodda holat joriy etilishi hukumatga istalgan vaqtda shunday choralar qo‘llash vakolatini beradi. «Barchasi sizning harakatlaringizga bog‘liq», - dedi bosh vazir Sindzo Abe va odamlarni o‘zaro masofa saqlashga chaqirdi.

Getty Images
Favqulodda holat 6 prefekturada va poytaxt Tokio shahrida joriy etiladi. Shu tariqa, bu mamlakat aholisining 44 foiziga taalluqli bo‘ladi.

Abe koronavirus epidemiyasini mamlakat Ikkinchi jahon urushi davridan buyon duch kelgan «eng jiddiy inqiroz» deb atagan va budjetdan iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun taxminan trillion dollar (108,2 trillion iyen yoki 990 mlrd dollar - Yaponiya YAIMining 20 foizi) ajratishga farmoyish bergan.

Kasallik tufayli Yaponiyadagi yozgi Olimpiya o‘yinlari bir yil keyinga qoldirildi. Abe zaruratga ko‘ra olimpiya o‘yinlari uchun qurilgan ob’ektlarni shifoxonaga aylantirish mumkinligini aytib o‘tgan.

Seshanba kuni hukumat tomonidan qabul qilingan inqirozga qarshi choralar paketi virus tufayli moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan oilalarga 300 ming iyendan (2750 dollar) ajratishni ko‘zda tutadi. Kichik va o‘rta biznes kompaniyalariga ham to‘lovlar ajratiladi. Pandemiyadan katta zarar ko‘rgan kompaniyalarga esa nol stavkali kreditlar va soliq imtiyozlari taqdim etiladi.

Yaponiya boshqa mamlakatlarga qaraganda koronavirusdan nisbatan kam zarar ko‘rgan, ayni vaqtga kelib mamlakatda virusdan zararlanishning 3906 holati qayd etilgan, 92 kishi vafot etgan va 592 kishi sog‘aygan.

Yevropa:
Seshanba kuni Fransiyada qo‘shimcha karantin choralari joriy etildi. Chorshanba kunidan Parijda yashovchilarga soat ertalabki 9dan kechqurungi 7gacha ko‘chada yugurish taqiqlanadi. Bu haqda Parij shahri meriyasi va politsiya boshqarmasining qo‘shma qarori qabul qilingan. Dam olish kunlarida Parij ko‘chalarida va bozorlar atrofida odamlar to‘planishi kuzatilgan.

5 aprel kuni Parij ko‘chalaridagi holat / GETTY IMAGES
Fransiyada qat’iy karantin choralari 16 mart kunidan kiritila boshlagandi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda virusdan zararlanganlar soni 110 mingga yaqinlashdi, so‘nggi bir kunda 1417 kishi olamdan o‘tdi va jami qurbonlar soni 10328taga yetdi.

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson tunni Londondagi Sent-Tomas shifoxonasining intensiv terapiya bo‘limida o‘tkazdi. 55 yoshli Boris Jonsonga ehtiyot chorasi sifatida sun’iy nafas oldirish apparati kerak bo‘lib qolishi mumkinligi inobatga olinib, u jonlantirish bo‘limiga o‘tkazilgan.

Seshanba kuni Dauning-Stritdagilar bosh vazir o‘zini yaxshi his qilayotgani va hozircha u sun’iy nafas oldirish apparatiga ulanmagani haqida ma’lum qildi, ammo u kislorod niqobi orqali qo‘shimcha nafas olmoqda.

Britaniyalik siyosatchilar ijtimoiy tarmoqlar orqali Jonsonga ruhan dalda bo‘lishmoqda. Sobiq bosh vazir Jeyms Kemeron Jonsonni «baquvvat yigit» deb atadi va u tez orada sog‘ayib ishga qaytishiga ishonch bildirdi.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko hamon shoshilinch choralar qo‘llashga shoshilmayapti. U Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga quloq solmay kelayotgan sanoqli davlat rahbarlaridan biridir. U hatto eng oddiy karantin tartiblari joriy qilmagan va o‘zi ham ijtimoiy masofa saqlash tartibiga rioya qilmayapti: mart oyi oxirida belaruslar prezidenti hokkey o‘ynagandi.

«Odamlarni kvartiraga qamab qo‘yish - bir kunda amalga oshadigan ish. Ertagayoq harbiylarni shaharga kiritamiz, barchani safar qilamiz - ko‘chaga hech kim chiqa olmaydi. Kafolat beraman. Siz shuni istaysizmi? Siz buni kurash uslubi deb ataysizmi? Men esa yo‘q», dedi u seshanba kuni koronavirus tarqalishi xavfiga tayyorlanish bo‘yicha hisobotni tinglaganidan keyin.

Poytaxtdagi infeksiya shifoxonasining bosh shifokori o‘rinbosari Svyatoslav Velgin esa belaruslarni «juda og‘ir aprel» kutayotgani to‘g‘risida ogohlantirdi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Belarusda 861 kishida koronavirusdan zararlanish holati qayd etilgan. Bemorlarning 54 nafari sog‘aygan va 13 kishi vafot etgan.

«Kasallik butun dunyo bo‘ylab jadal tarqalmoqda. Bizda ham vaziyat og‘ir, ammo vahimaga tushish kerak emas. Hozir biz aprel og‘ir o‘tishini prognoz qilishimiz mumkin, ammo hammasini vaqt ko‘rsatadi. Muhimi, kasallar soni ko‘tarilib ketmasligidir», deya Svyatoslav Velginning so‘zlarini keltirgan BЕLTA agentligi.

Polshada esa prezidentlik saylovlariga hozirlik ko‘rilmoqda. Seshanba kuni hukumatdagi «Huquq va adolat» partiyasi parlamentga masofadan turib ovoz berish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etdi.

Polshada jamoat joylari dezinfeksiya qilinmoqda / Getty Images
Seshanba kuni Polsha bosh vaziri o‘rinbosarlaridan biri, sobiq Adliya vaziri Yaroslav Govin iste’foga chiqqani ma’lum bo‘ldi, u hukumatni bu qaror uchun tanqid qilgandi.

Hukumatdagi partiya amaldagi prezident Andjey Dudani qo‘llab-quvvatlaydi. Ammo Sog‘liqni saqlash vazirligi qarshilik qilsa, saylov to‘g‘risidagi qonun loyihasi parlamentda qabul qilinmasligi ham mumkin.

Birorta o‘limsiz kun
6 aprel kuni Xitoyda ilk marta koronavirusdan o‘lim holati qayd etilmadi (bir kun avval ikki kishi vafot etgandi). Koronavirus tarqalishi o‘chog‘i bo‘lgan ushbu mamlakatda o‘tgan kuni koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq 32 holat qayd etildi (bir kun avval 39 holat edi) va bu holatlarning barchasida virus xorijda yuqtirilgan. Yangi virusdan eng ko‘p jabr chekkan Xubey provinsiyasida esa shu kuni birorta zararlanish holati qayd etilmagan.

Uhandan ilk poyezd bilan chiqqan yo‘lovchilar / AFP
XXR Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy hukumati 22 yanvardan buyon har kuni yangi o‘lim holatlari to‘g‘risida ma’lumot berib kelayotgandi.

23 yanvarda Xubey provinsiyasida qat’iy karantin joriy etilgandi. Ikki oy davomida ushbu hudud markazi, 11 million kishi yashaydigan Uhan shahridan chiqish va unga kirish taqiqlandi. Shahar bilan temir yo‘l orqali va aviaaloqalar to‘xtatilgan, odamlarga uydan chiqish taqiqlangandi.

Seshanba kuni hukumat Uhan butunlay ochilganini ma’lum qildi. Endilikda bu shahardagilar tashqariga erkin chiqishi mumkin.

Eronda kasallanganlar soni keskin o‘sdi. So‘nggi 24 soatda bemorlar soni 2089 nafarga oshdi.
Shu bilan birgalikda o‘lim holatlari nisbatan kamroq - 7 aprel kuni 133 kishi vafot etdi, pandemiya boshidan buyon - 3872 kishi. Ayni vaqtga kelib mamlakatda koronavirusdan zararlanish holatlari jami 62,5 ming eronlikda qayd etilgan.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Koronavirus: Yaponiyada favqulodda holat, AQSH va Fransiyada minglab o‘lim holatlari