12:55 / 08.04.2020
2 745

Tramp Oy resurslaridan foydalanishga ruxsat berdi. Ular kimga tegishli?

Tramp Oy resurslaridan foydalanishga ruxsat berdi. Ular kimga tegishli?
AQSH prezidenti Donald Tramp dushanba kuni Oy va Quyosh tizimidagi boshqa sayyoralardagi resurslardan tijoriy maqsadda foydalanish huquqini beradigan farmonni imzoladi. Bu resurslar kimga tegishli o‘zi?

Roskosmosda Trampni kosmik hududga daxl qilishda ayblashdi. Tramp imzolagan hujjatda kosmos insoniyatga tegishli emasligi va amerikaliklar koinotda tadqiqotlar o‘tkazish, undagi resurslardan tijoriy maqsadda foydalanish huquqiga ega bo‘lishi kerakligi keltirilgan. AQSH Davlat departamenti va boshqa tegishli idoralarga xalqaro darajadagi kerakli muzokaralar o‘tkazib, kelishuvlar imzolash topshirig‘i berilgan.

Tramp imzolagan hujjatda AQSH 1979 yil BMT bosh assambleyasida davlatlarning Oy va boshqa koinot makonlaridagi harakatlari to‘g‘risidagi kelishuvni tan olmasligi aytilgan. 41 yil oldin imzolangan bu hujjatda, xususan, Oy va undagi resurslar kimgadir emas, umuminsoniyatga tegishli boylik ekani aytilgan.

«AQSH Marsga odam yuborib, fazogirlarini Oyga qaytarishni reja qilayotgan bir vaqtda bu farmon kosmosdagi suv va boshqa minerallardan foydalanish bo‘yicha siyosatimizni ifodalaydi», deydi AQSH milliy kosmik kengashi ijrochi kotibi Skott Peys.

Roskosmos bosh direktori o‘rinbosari Sergey Savelev AQSH rahbariyatini an’analarni buzganlikda aybladi: «Koinotni musodara qilishga da’vo qilib sayyoralar hududini egallashga urinish mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarga ta’sir qiladi».

Roskosmos rahbari Dmitriy Rogozin tvitterda yozishicha, bu farmon orqali «Oy va boshqa kosmik jismlarning AQSHga tegishli ekani»ni ko‘rsatishga urinilgan. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham muhokamaga qo‘shilar ekan, bu masala haqida fikr bildirish uchun avval unga yuridik jihatdan baho berish kerakligini aytgan: «Bu koinotni xususiylashtirishga urinish ekani haqida gapirishim qiyin, lekin baribir g‘alati qaror».

Oy to‘g‘risidagi kelishuv va o‘zlashtirmaslik prinsipi
Xalqaro kosmik huquqlar instituti a’zosi Elina Morozovaning VVS’ga ma’lum qilishicha, bu boradagi asosiy hujjat kosmik jismlarni o‘zlashtirmaslik prinsipi hisoblanadi, ammo koinotdagi resurslar masalasi ancha murakkab.

«Bu borada ikkita asosiy qarash mavjud: birida koinotni o‘zlashtirmaslik prinsipi undagi resurslarga ham aloqadorligi aytiladi. Ya’ni, koinotdagi resurslarni tijoriy maqsadlarda ishlatish mumkin emas, ulardan faqat ilmiy tekshirish ishlarida foydalanish kerak. Ikkinchi qarashni qo‘llovchilarning fikricha, o‘zlashtirmaslik prinsipi koinot resurslaridan foydalanmaslikka aloqador emas», deb tushuntirdi Morozova.

«Oyga da’vo qilish» borasida esa ikkita hujjatga qarash mumkin: Birinchi hujjat 1967 yilda AQSH, SSSR va Britaniya tomonidan imzolangan Oy va boshqa kosmik jismlarda ilmiy tekshirish olib borishdagi harakatlar kelishuvi. Ikkinchi hujjat esa 1979 yilda imzolangan Oy va boshqa osmon jismlarida harakatlar bo‘yicha kelishuv. Bu kelishuvning obro‘si kamroq desa bo‘ladi, chunki uni ratifikatsiya qilgan 18 mamlakat ichida birorta «katta yettilik» yoki BMT Xavfsizlik Kengashiga a’zo davlat bo‘lmagan.

Har ikki hujjatning maqsadi Oydan tinchlik yo‘lida foydalanish bo‘lgan. Masalan, 1967 yilgi kelishuvda «Oy va boshqa osmon jismlari hech qanaqasiga milliy manfaatlar uchun xizmat qilmasligi» belgilab qo‘yilgan. Kelishuvni AQSH ham imzolagan.

Ko‘rib turganingizdek, xalqaro huquq normalari Oydagi resurslardan foydalanish uchun AQSHga imkon bermaydi. Hozircha deb turaylik, chunki Tramp Davlat departamentiga xalqaro muzokara o‘tkazish borasida ko‘rsatma berdi. AQSH uchun esa imkonsizdek ko‘ringan ishlarni bajarish yangilik emas...

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp Oy resurslaridan foydalanishga ruxsat berdi. Ular kimga tegishli?