22:08 / 08.04.2020
2 678

Germaniyada koronavirus yuqtirganlar ko‘paysa-da, o‘lim darajasi past. Bunga qanday erishilmoqda?

Germaniyada koronavirus yuqtirganlar ko‘paysa-da, o‘lim darajasi past. Bunga qanday erishilmoqda?
Foto: GETTY IMAGES
Germaniyada infeksiyani yuqtirish xavfini kamaytirish uchun ba’zi klinikalarda koronavirusga test avtoturargohlardayoq olinmoqda.
135 mingdan ortiq holat aniqlangan Italiyada 17 ming kishi vafot etdi, 140 ming kishida virus aniqlangan Ispaniyada esa 14 ming kishi hayot bilan vidolashdi. Fransiyada holatlar soni 110 ming kishiga yaqinlashmoqda, o‘lim ko‘rsatkichi 10 mingdan ortib ketgan.

Xo‘sh, Germaniyada COVID-19 bemorlarining hayoti qanday saqlab qolinmoqda?

Mamlakatga koronavirus kirib kelishidan oldinoq test yaratilgan
Germaniyada koronavirusning ilk qurbonlari haqidagi xabar 9 mart kuni paydo bo‘ldi. Haynsbergda 78 yoshli chol vafot etdi, Essenda esa 89 yoshli kampir. Har ikki shahar Shimoliy Reyn-Vestfaliya yerlarida joylashgan, bu yerda o‘sha vaqtda yangi koronavirus bilan zararlanganlar soni 484 nafarga yetgandi. Butun mamlakat bo‘ylab 1112 kishiga tashxis qo‘yilgan edi.

Bundan bir yarim oy avval, 27 yanvarda Bavariyada avtomobil ehtiyot qismlari bilan savdo qiluvchi Webasto kompaniyasida ishlovchi 33 yoshli erkakda koronavirus tasdiqlangan edi. Bemor bungacha shanhaylik hamkasbi bilan aloqa qilgan, bungacha uning oldiga SARS-CoV-2 o‘chog‘i bo‘lgan Uhanda yashovchi ota-onasi kelib ketgan bo‘lgan. Shunday qilib jahonda ilk bor Xitoydan tashqarida qarindosh bo‘lmagan insonlar o‘rtasida virusning yuqtirilishi qayd etilgan edi. Virusning Germaniyaga ilk «tashrifi» ham shu edi.

Ertasi kuni Webasto kompaniyasining yana uch xodimida koronavirus topildi. Ikki kun o‘tgach, Bavariya yerining boshqa shaharlarida istiqomat qiladigan shu kompaniyaga ishlovchi ikki erkak va ulardan birining rafiqasida ham testning ijobiy natijasi qayd etildi. 11 fevralga kelib kompaniyaning yana bir qator xodimlari va ularning oila a’zolari zararlangani ma’lum bo‘ldi.

Undan ham avvalroq — 2020 yilning boshida, virus hali Xitoyni tark etmagan kunlarda nemis mutaxassislari inson organizmida koronavirus borligini aniqlab beruvchi test ustida ish boshlashgan edi. Yanvar oyi o‘rtalariga kelib Berlinning Sharite kasalxonasi qoshidagi virusologiya institutida ilk testni yaratishdi. Olimlar jamoasiga 2003 yilda SARS koronavirusini aniqlash uchun tahlil ishlanmasi bilan shug‘ullangan institut direktori Kristian Drosten boshchilik qilgan. Endi u pandemiya masalalari bo‘yicha mamlakatdagi eng nufuzli inson.

Doktor Drosten har kuni COVID-19’ning xususiyatlaridan hikoya qiluvchi yarim soatlik podkast olib boradi. Bu format millionlab tinglovchilarni jalb qildi, ayrimlar allaqachon uni kansler lavozimiga ko‘tarish kerak, degan takliflarni berishmoqda.

Ko‘plab hamkasblaridan farqli o‘laroq, u koronavirus tarqalishi xavfini baholashda pessimistlik namoyish etib, Germaniya aholisining 70 foizi kasallikni yuqtirib olishini ta’kidlab kelmoqda. Boshqa tomondan, Drosten mamlakatda qabul qilinayotgan choralarga ijobiy baho bermoqda.

O‘z podkastlaridan birida Drosten o‘z fuqarolarini himoya qilish uchun alohida choralarni juda erta qo‘llagan, shu sababli «ishlar nisbatan yaxshi ketmoqda». Lekin virusologiya instituti rahbariga ko‘ra, kasallanishning yangi to‘lqini vaziyatni yomonlashtirmasligiga biror kafolat yo‘q.

«Kasallikni bartaraf qilganlik uchun hech kim maqtab o‘tirmaydi — u hali sodir ham bo‘lgani yo‘q. Biz hozir aynan nimani bartaraf etganimizni ham bilmaymiz. Hozir odamlarga boshqa davlatlarda nimalar bo‘layotganini kuzatish kerakligini eslatishga to‘g‘ri kelmoqda. Ko‘plar ta’til chog‘ida ayni paytda jiddiy muammolar kuzatilayotgan Ispaniya va Italiyaga borgan. Bundan tashqari, bizning yuqori samarali tibbiyotimizga o‘xshash tizimda choralar kerakli vaqtdan bir necha hafta keyin joriy etilsa nimalar sodir bo‘lishini anglash uchun yaqin haftalar ichida AQSHdagi voqealar rivojiga e’tibor qaratish kerak bo‘ladi», — deydi Drosten.

Koronavirus masalalari bo‘yicha kansler Angela Merkelga maslahat berayotgan Drostenning hisoblashicha, eng boshida vrachlar patsiyentlarni ko‘plab tashxislash yo‘liga o‘tgani ham Germaniyaga yordam bergan. Eng birinchi holatlar aniqlangan Myunxendagi kasallanish ustidan nazorat va tarqalishining oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlarni u «muvaffaqiyat tarixi» deb atamoqda. O‘sha dastlabki bosqichda laboratoriyalar patsiyentlarda koronavirus bor-yo‘qligini aniqlash borasida tezkor tadqiqot o‘tkaza olgan, vrachlar esa kasallanganlarni izolyatsiya qilish bo‘yicha tezkor qarorlar qabul qilgan.

«Tashxislashning sekinligi, uning ayrim joylarda yo‘qligi to‘g‘risidagi shikoyatlarga qaramasdan bizning imkoniyatlarimiz boshqa davlatlardagidan ko‘proq. Bizda tashxis qo‘yish istalgan joyga nisbatan yaxshiroq o‘tkazilayotgan bo‘lishi mumkin», — deb hisoblaydi Dorsten.

Germaniyada ham boshqa davlatlardagi singari vrachlar maska yetishmasligidan shikoyat qilishmoqda. Suratda — ilgari avtomobil kompaniyalariga mahsulot yetkazgan tekstil kompaniyasi himoya maskalari tikishga o‘tgani tasvirlangan. Foto: AFP

Kuniga 50 ming test
Germaniyada har kuni koronavirusga qarshi 50 mingta test o‘tkaziladi. Mamlakat bu ko‘rsatkich bo‘yicha Yevropada yetakchi hisoblanadi. Xuddi shu natija o‘lim darajasi kamligiga asosiy sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Bundan tashqari, Germaniya insonda koronavirusga qarshi antitanachalar borligini aniqlovchi testlar ham o‘tkazadi. Tekshiruv organizm bu muayyan virus bilan «tanish» yoki yo‘qligini ko‘rsatadi. Test natijalariga ko‘ra, vrachlar nafaqat immun javobning borligi (yoki yo‘qligi)ni, shuningdek uning kuchini aniqlashadi, demakki zararlanish nechog‘lik oldin yuz berganini ham. Salbiy javob inson to‘liq sog‘lom va atrofdagilar uchun zararsiz ekanini anglatmaydi, u hanuz virus tarqatuvchi bo‘lishi mumkin.

Britaniyada masalan kuniga 12 mingta test o‘tkaziladi: garchi hukumat testdan o‘tkazishni kuniga 100 mingga yetkazish zaruriyati haqida takrorlab kelayotgan bo‘lsa-da, hozircha bu raqamga yaqin ham kelingani yo‘q.

Nemis olimlari esa hukumatni ogohlantirib turishibdi: virusga qarshi muvaffaqiyatli kurashish uchun yanada ko‘proq test olinishi kerak. Ayni paytda Germaniya haftasiga 500 mingta test o‘tkaza olishi mumkin, lekin muvaffaqiyatni mustahkamlash va tarqalishning oldini olish uchun olimlar haftasiga million kishini testdan o‘tkazish kerak, deyishmoqda. Ya’ni kuniga 200 ming test — shu holatda ham boshqa davlatlar bu masalada Germaniyani namuna sifatida ko‘rishmoqda.

Professor Drosten tashxislash sekin amalga oshirilayotgani va mamlakatning ayrim qismlarida undan foydalanib bo‘lmafyotganini aytganda adashmagan edi. BBC Germaniyaning turi hududlarida ishlayotgan o‘ndan ortiq tibbiyot xodimlari bilan suhbatlashgan va testlar hammaga birdek tarqatilmayotgani tasdig‘ini topgan.

Vrachlardan biri shunday degan:
«Harorat ko‘tarilganda, yo‘tal tutganda va nafas olishda qiyinchiliklar vujudga kelganda vrachga yoki shifoxonaga murojaat qilish emas, ma’lum raqamga qo‘ng‘iroq qilish kerakligini barcha biladi. Bu vrachlar xizmati raqami bo‘lib, bemor bilan gaplashib uning oldiga borish yoki «tez yordam» jo‘natishni hal qilishadi. Vrach testdan o‘tkazish uchun yo‘llanma beradi, test natijasi bilan bemor klinikaga — bizning huzurimizga keladi. Ya’ni, test faqat kasallik alomatlari yuzaga chiqqach qilinmoqda. Bu testlar ham klinikaning o‘zida amalga oshirilmaydi. Bemor mashinadan tushmasdan ma’lum bir joyga boradi, mashinadan tushmasdan test topshiradi», — degan u.

Frayburglik boshqa tez yordam xizmati umumiy amaliyot vrachi Aleksey Lyadov (ism-familiya o‘zgartirilgan)ning aytishicha, koronavirus alomatlaridan tashqari, bemor testdan o‘tishi uchun yuqtirganlardan biri bilan aloqa qilgan bo‘lishi ham kerak.

Kasallar erta aniqlanadi
Germaniyada COVID-19’dan 2 mingdan ziyod inson vafot etdi. Ularning o‘rtacha yoshi 82da, deb xabar bermoqda Robert Kox instituti.
Yoshlar avvalgidek, shoshilinch choralarga ko‘p ham muhtojlik sezmayapti. Agar shunaqasi ro‘y bersa, ularda ikki va undan ortiq boshqa surunkali kasalliklar — masalan, astma, sarkoidoz, gormonal nuqsonlar yoki autoimmun muammolar bo‘ladi, deydi vrach Aleksey Lyadov. Bunday holatda koronavirus og‘irlashtiruvchi bo‘lib xizmat qiladi.

Pandemiyaga qarshi kurashda Germaniyaning joriy muvaffaqiyatlarini qanday tushuntirasiz, degan savolga Lyadov shunday javob berdi:
«Birinchidan, bizda boshqa mamlakatlarning tajribasiga tayanildi: biz o‘z vaqtida choralar ko‘rdik, masalan, pandemiya avj olishidan avval klinikalarda shunday kasallar uchun bo‘limlar tashkil qilindi. Ikkinchidan, Germaniyada deyarli barcha patsiyentlar sug‘urtalangan va qisqa muddatda oilaviy vrachga murojaat qila olishadi. Italiyada esa, patsiyentlardan ayrimlariga ko‘ra, oilaviy vrachga murojaat qilish sira ham oson ish emas».

Nordershtedt shahrida ishlayotgan hamshira Anna Arinova nemislarning intizomini e’tirof etgan.
«Nemislar juda intizomli. Ular aytilgan hamma narsani qilishadi. Qo‘l yuvilsin deyilsa, kuniga 400 martalab yuvishlari mumkin. Dezinfeksiya qilish buyurildimi — qilishadi», deydi u.

Chindan ham, Germanida koronavirus davrida eng qat’iy choralar kiritilgan: bu yerda ko‘plab davlatlarda bo‘lganidek, ikki kishidan ortiq to‘planish mumkin emas, maktab va restoranlar yopilgan, alohida yerlar yanada qat’iyroq taqiqlar joriy etishgan, lekin umuman olganda, mamlakatda odamlarga uylaridan biroz sayr qilish va ishga borish uchun chiqish taqiqlanmagan.

Vrachlarning fikricha, qolgan omillar ham yakuniy natijaga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Aleksey Lyadovning aytishicha, masalan Rossiyada sog‘liqni saqlash tizimidagi muhim muammo profilaktika tadbirlarining amalda to‘liq yo‘q qilinganligidir.

«Hozir koronavirus tufayli ko‘pchilik o‘zining surunkali kasalliklaridan xabar topmoqda. Astma kabi kasalliklar yillar davomida shakllanadi, toki insonning mazasi batamom qochmagunicha bilinmaydi. Buning uchun Germaniyada chek (tekshiruv) o‘tkaziladi: 35 yoshdan so‘ng har ikki-uch yilda odamlar tekshiriladi, garchi o‘zini yaxshi his qilayotgan bo‘lsa ham», — deydi vrach.

Unga ham, bemorga ham allaqachon oshkor bo‘lgan bu ma’lumot COVID-19’ga chalinganda tezkor harakat qilish va qaror qabul qilishda yordam beradi.

Niqobsiz shifokorlar
Germaniyada ham zararlanish holatlari juda yuqori bo‘lgan boshqa joylardagi kabi vrachlar uchun individual himoya vositalari yetishmasligi muammosi saqlanib turibdi.
Vrachlar o‘z e’tirozlarini bildirayotgan bo‘lishsa-da, Germaniya ko‘p ko‘rsatkichlar bilan Yevropada yetakchiligicha qolmoqda.

Intensive Care Medicine ilmiy jurnali Germaniyada reanimatsiya krovatlari Yevropa davlatlari ichida eng ko‘pi ekanini sanab o‘tgan: har 100 ming kishiga 29,2. Italiyada bu ko‘rsatkich 12,5.
Bundan tashqari, Germaniyada 25 mingta o‘pkaga havoni sun’iy yuborish uskunalari bor. Britaniyada ular 8 mingta, Italiyada 5 mingta. Germaniya bunday apparatlardan yana 10 mingtasini buyurtma qilgan va tez orada ular ishlab chiqarilib yetkazilib beriladi.

«Bu virusdan kutiladigan eng katta xavf — u shifoxonada yoki qariyalar uyida paydo bo‘lgani. Biz aholining eng ojiz qatlamini yaxshiroq himoya qilishimiz, ularning orasida virus tarqalishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Masalan, qariyalar uyida butun personalni 4-7 kunda bir marta tekshirib turish kerak», — deydi Bonn universiteti OITV tadqiqotlari va virusologiya instituti direktori Hendrik Shtreyek.

Uning qo‘shimcha qilishicha, «COVID-19 hayotimizga bostirib kirmoqda. Har bir kishi yuqtirgan biror odamni taniydi. Yuqtirganlar soni oshayotganiga qaramasdan klinikalarimizda hali joy borligini yaxshi belgi. Demak, tizimimiz ko‘p narsaga qodir. Baxtimizga, hozircha bemorlarimizning qay birini qutqarishimiz, qay biriga esa yordam bera olmaslik borasida ikkilanishga duchor bo‘lmadik».

«Germaniya kamida hozirgi vaqtda boshqa mamlakatlarga nisbatan o‘lim darajasini past ushlab turgani — haqiqat. Biz buning aniq sababini bilmaymiz. Buning sabablari ko‘p bo‘lishi mumkin, masalan ulardan biri — ta’sir qilgan yosh guruhlari. Germaniyada qariya insonlar virusga ko‘p duchor bo‘lishmagan, kasallik asosan ta’tilda chang‘i uchishdan qaytgan yoshlar o‘rtasida tarqalgan. Bundan tashqari, ahvoli jiddiy bo‘lgan inson olamdan o‘tishi uchun ma’lum bir vaqt talab etiladi. Biz hozircha yo‘lning boshidamiz», — degan BBC’ga Robert Kox institutidan Mariyeke Degen.

Optimistik statistik ma’lumotlarga qaramasdan, Germaniya vrachlari kasallik hali o‘z cho‘qqisiga yetib bormaganini tan olishmoqda. Shuning uchun kasalxonalar tayyorgarlik ko‘rmoqda, masalan, rejali operatsiyalar bekor qilinmoqda, aprelt oyi oxirlarida krizis ehtimoli kutilmoqda.

Degenning ta’kidlashicha, Germaniya hozircha yo‘lning boshida va «muvaffaqiyat tarixi» haqida so‘z ochishga hali erta.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Germaniyada koronavirus yuqtirganlar ko‘paysa-da, o‘lim darajasi past. Bunga qanday erishilmoqda?