00:43 / 10.04.2020
3 006

Dunyoda bemorlar bir yarim milliondan oshdi, AQSH va Britaniyada bemisl qurbonlar

Dunyoda bemorlar bir yarim milliondan oshdi, AQSH va Britaniyada bemisl qurbonlar
Foto: Getty Images
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, butun dunyoda koronavirusdan zararlanish holatlari soni bir yarim milliondan oshgan (1 mln 582 mingdan oshiq), 95 mingga yaqin kishi ushbu kasallikdan vafot etgan, 348 mingdan ortiq kishi sog‘aygan. Covid-19’dan eng ko‘p jabrlangan davlat AQSH bo‘lib qolmoqda: bu yerda bemorlar soni 454 mingdan oshdi, 16 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi.

AQSHda chorshanba kuni ham, qatorasiga ikkinchi kuni qariyb 2 ming kishi koronavirusdan zararlanish oqibatida vafot etdi. Amerika hukumati virusdan zararlanishning eng yuqori nuqtasidan o‘tilishi yaqin ekaniga umid qilmoqda, prezident Donald Tramp esa «tunnel oxirida yorug‘lik ko‘rinayotgani»ni aytib o‘tgan.

Bu vaqtda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adxanom Gebreisus barcha mamlakatlarni vaziyatni siyosiylashtirmasdan, virusga qarshi birgalikda kurashishga chaqirmoqda.
Avvalroq Tramp JSSTni koronavirus pandemiyasi haqida e’lon qilishni juda kechiktirishda va asosiy e’tiborni Xitoydagi vaziyatga qaratishda ayblab chiqqandi.

Britaniyada bir kunda qariyb 900 qurbon
Ayni vaqtda koronavirusdan zararlanish tufayli shifoxonaga yotqizilgan bosh vazir Boris Jonson o‘rniga vaqtincha hukumatni boshqarayotgan Tashqi ishlar vaziri Dominik Raab mamlakatda virus pandemiyami bilan bog‘liq so‘nggi ma’lumotlarni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, Buyuk Britaniyada Covid-19 yana 881 kishini hayotdan olib ketdi va mamlakatda koronavirusning jami qurbonlari soni 7 978 nafarga yetdi. Virusdan zararlanish holatlari 60 mingdan oshgan.

Payshanba kungi o‘limlar soni chorshanba kungidan kamroq - o‘tgan kuni 938 kishi koronavirus qurboniga aylangandi.

Raabning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlar soni bundan keyin ham o‘sishda davom etishi mumkin, ammo 23 mart kuni hukumat tomonidan joriy etilgan karantin choralari vaziyatga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Uning aytishicha, bu choralar Britaniya virus avj olishi cho‘qqisidan o‘tmaguncha saqlab qolinishini ma’lum qilgan. Vazir hozircha cho‘qqidan o‘tilmagani, lekin umidlar paydo bo‘lgani, chunki shifoxonalarda sun’iy nafas olish apparatiga ehtiyoj sezayotgan bemorlar sonida yuqori tempda o‘sish kuzatilmayotganini qayd etib o‘tgan.

Raab matbuot anjumanini bosh vazir Boris Jonsonning ahvoli haqida ma’lumot berish bilan boshlagan. «U hamon intensiv terapiya bo‘limida qolmoqda, ammo uning ahvoli yaxshilangan, kayfiyati ham yaxshi», degan Dominik Raab.
Moliya vaziri Rishi Sunak ham Jonson «to‘shakda o‘tirgan holda tibbiy xodimlar bilan muloqot qilayotgani» to‘g‘risida aytib o‘tgandi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Jonson intensiv terapiya bo‘limidan oddiy palataga o‘tkazilgan.
Keyingi hafta boshida hukumatning navbatdan tashqari yig‘ilishida 23 mart kuni joriy etilgan karantin choralari qayta ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Ayni vaqtda bu choralar yumshatilishi yoki kuchaytirilishi haqida aniq gap yo‘q. Hukumat fuqarolarni Pasxa ta’tili vaqtida tavsiyalarga qat’iy amal qilishga chaqirmoqda, dam olish kunlarida mamlakatda havo 25 darajagacha isishi kutilmoqda, bunday havoda esa britaniyaliklar ko‘chaga intilishi kuchayishi mumkin.

Britaniya politsiya yaqin ikki hafta davomida ko‘chalar va xiyobonlarda karantin tartiblariga amal qilinishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilishi haqida ogohlantirgan.

Bu vaqtda Uelsda karantin muddati uzaytirildi, Shotlandiyaning birinchi vaziri Nikola Sterjen esa o‘zini ihotalash rejimi yana bir necha hafta davomida saqlanib turishini ma’lum qildi.

Kembrij gersogi, shahzoda Uilyam va gersoginya Keyt Middlton Lankashirdagi Casterton Primary Academy maktabiga videoqo‘ng‘iroq amalga oshirishdi va ota-onalari ayni vaqtda muhim sohalarda - Milliy sog‘liqni saqlash xizmati, supermarketlar va transport agentliklarida xizmat qilayotgan bolalar bilan muloqot qildi. Ayni vaqtda mamlakatdagi barcha o‘quv muassasalari yopilgan, maktabga faqat muhim sohalarda ishlayotganlarning farzandlari kelishi mumkin.


Ruminiya: tug‘ruqxonada infeksiya
Ruminiya hukumati mamlakat g‘arbidagi Timishoara shahrida yangi tug‘ilgan 10 nafar chaqaloqda koronavirus aniqlangach jinoiy ish ochdi. Taxmin qilinishicha, chaqaloqlar tug‘ruqxona xodimlaridan zararlangan - chunki ularning onalarida Covid-19 bo‘lmagan.

Ruminiyadagi nashrlarda yozilishicha, avvalroq shifoxonaning bir necha xodimida koronavirus aniqlangandi. Tergovchilar virus aniqlangan xodimlar karantinga olingani va ular bilan aloqada bo‘lgan hamkasblari aniqlangani bo‘yicha tekshiruv o‘tkazmoqda.

Ruminiya sog‘liqni saqlash vaziri Nelu Tetaruning so‘zlariga ko‘ra, chaqaloqlarning deyarli barchasi ayni vaqtda uyiga yuborilgan.
Tibbiy xodimlar ommaviy ravishda zararlanishi - Ruminiyadagi jiddiy muammo. Chorshanba kuni mamlakatdagi yana bir shifoxona undagi xodimlarning aksar qismi virusdan zararlangani tufayli karantinga yopilgandi.

So‘nggi kunda mamlakatda virusdan zararlanish bilan bog‘liq yana 441ta holat aniqlandi va jami zararlanganlar soni 5202 nafarga yetdi. Epidemiya boshlanganidan buyon 246 kishi vafot etgan - so‘nggi 24 soat ichida 26 o‘lim.

Dunyoning boshqa mamlakatlaridagi ahvol
Ispaniyada payshanba kuni vafot etganlar soni chorshanba kungidan kamroq bo‘ldi - 747ga 446. O‘z navbatida 8 aprel kuni 6278ta zararlanish holati qayd etilgan bo‘lsa, 9 aprel kuni 4226 kishida virus aniqlandi. Ayni vaqtga kelib Ispaniyada qurbonlar soni 15 mingdan oshgan, zararlanish holatlari 152 mingdan oshiq.

Mamlakat bosh vaziri Pedro Sanches eng yomon davr ortda qolayotgani haqida gapirgan. U mamlakatdagi barcha siyosiy kuchlarni iqtisodiyot tiklanishi uchun birlashishga chaqirgan va 1970-yillarda diktator Frankoning o‘limidan keyingi umumxalq birdamligini namuna qilib keltirgan.

Fransiyada so‘nggi bir kunda Covid-19’dan o‘limlar soni bo‘yicha rekord qayd etildi - 1341 qurbon. Ayni vaqtga kelib mamlakatda koronavirusdan vafot etganlarning jami soni 12 mingdan oshib ketgan, zararlanish holatlari 117 mingdan oshiq. Hukumat karantin choralarini yanada kuchaytirmoqda, ko‘chaga chiqishga faqat ma’lum soatlarda ruxsat berilgan - ertalabki soat 10gacha va 19:00dan keyin.

Italiya aprel oyi oxiriga borib karantin choralarini susaytirishi mumkin. Mamlakat bosh vaziri Juzeppe Konti agar zararlanish holatlari kamayishda davom etsa, choralar yumshatilishi mumkinligini istisno etmagan.

U shuningdek, Yevropa ittifoqi pandemiya sharoitida mutlaqo befoyda tashkilot ekanini, Bryussel koronavirusdan jiddiy zarar ko‘rgan davlatlar, xususan Italiyaning yordam so‘rab yo‘llagan chaqiriqlariga e’tiborsizlik bilan qaraganini qayd etib o‘tgan.

Mamlakatda 9 aprel kuni koronavirusdan o‘lim holatlari 610taga, zararlanish holatlari 4204taga oshdi. Italiya yangi virus qurbonlari soni bo‘yicha yetakchi davlat bo‘lib qolmoqda - 18 279, jami zararlanish holatlari soni 143 mingdan oshgan.

Serbiya hukumati mamlakat aholisiga shu haftaning dam olish kunlarida uydan chiqishni taqiqlagan. Komendantlik soati juma kuni soat 17:00dan dushanba kuni soat 05:00ga qadar davom etadi. Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich o‘zining katta o‘g‘li Danilo koronavirus infeksiyasidan zararlangani va ayni vaqtda shifoxonada ekanini ma’lum qilgan.

Niderlandiyadan yaxshi xabar keldi, Covid-19ga chalingan 107 yoshli ayol sog‘aydi.

Korneliya Rasda 17 mart kuni, 107 yoshga to‘lganining keyingi kunida virus aniqlangandi. Xabarlarga ko‘ra, u cherkovdagi ibodatda zararlangan, o‘sha marosimda qatnashgan 40 kishida virus aniqlangan, ularning 12 nafari vafot etgan.
Korneliya Ras dunyoda koronavirusdan tuzalgan eng yoshi katta kishi bo‘ldi.

Rossiyada payshanba kuni epidemiya boshlanganidan beri eng ko‘p bemor qayd etildi - 1 459, hozircha mamlakatda virusdan zararlanish holatlari - 10 131ta. 76 kishi vafot etgan.

Germaniyada qatorasiga uchinchi kun kasallanish holatlari soni o‘smoqda, bundan avval to‘rt kun davomida bemorlar soni o‘sishi tempi pasayib kelgandi. Payshanba kuni mamlakatda yana 4 974 bemor aniqlangan va jami holatlar soni 115 523taga yetgan. 9 aprel kuni yana 102 kishi vafot etdi va jami qurbonlar soni 2451 nafarga yetdi.

Xitoyda karantin choralari yumshatilishi davom etmoqda, ammo Rossiya bilan chegaradagi Suyfinxe shahrida kasallanish soni osha boshlagani tufayli yangi karantin choralari joriy etildi. Bu yerda Covid-19 bemorlari uchun maxsus 600 o‘rinli yangi shifoxona qurilmoqda.

Bugun XXR hukumati saytida «noma’lum sababga ko‘ra pnevmoniya» tarqalayotgani haqida xabar berilganiga 100 kun bo‘ldi.
O‘tgan vaqt davomida yangi virus odamlar ko‘p to‘plangan sharoitda osonlik bilan tarqalishi ma’lum bo‘ldi.

Payshanba kuni Britaniyaning Guardian nashri pandemiyadan eng ko‘p jabr ko‘rayotgan mamlakatlarda bir xil tendensiya kuzatilayotgani haqida yozdi: zararlanganlarning ko‘pchiligi qaysidir madaniy, diniy yoki sport tadbirida - odamlar ko‘p vaqt davomida bir-biriga yaqin masofada turadigan yig‘ilishlarda qatnashganida zararlangan. Bunday tadbirlarda odamlar qo‘l berib ko‘rishishi, o‘pishib so‘rashishi yoki bir-birlari bilan ichimliklar almashishi mumkin - bu esa zararlanishlar soni keskin oshishiga olib kelgan.

Shu tufayli Yevropa davlatlari bahorgi bayramlar, xususan Pasxa arafasida hushyorlikni oshirgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dunyoda bemorlar bir yarim milliondan oshdi, AQSH va Britaniyada bemisl qurbonlar