10:14 / 26.04.2020
4 427

Uch oyoqli dastur barbod bo‘ldimi: Muhammad ibn Salmon qo‘rqinchli tush ko‘rmoqda

Uch oyoqli dastur barbod bo‘ldimi: Muhammad ibn Salmon qo‘rqinchli tush ko‘rmoqda
Muhammad ibn Salmon Ol Saud/Foto: Erin Schaff/The New York Times
Jahon energiya bozoridagi beqarorlik, Covid-19 epidemiyasi tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy qisqarishlar ortidan neft va hajdan keladigan daromadlar keskin pasayib ketgani Muhammad ibn Salmon tuzgan rejalarni chippakka chiqarmoqda.

Uch oyoqli dastur amalga oshadimi?
Yosh chog‘idayoq podshohlikka nomzod sifatida ko‘rilgan, kelgusida Saudiya Arabistonining podshohi bo‘lishi kutilayotgan valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon milliy va xalqaro kuchlarda o‘ziga nisbatan ishonch uyg‘otish uchun ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishi kerak edi. U taxtga olib boruvchi yo‘l strategiyasini tuzar ekan, harbiy g‘alabalar, iqtisodiy muvaffaqiyatlar va ichki siyosiy islohotlardan tashkil topgan uch oyoqli dasturni ishlab chiqdi. Zotan, harbiy, siyosiy va iqtisodiy sohalardagi yutuqlar Saudiya Arabistoni jamoatchiligini, xususan, yoshlarni hayajonga solishi, Muhammad ibn Salmonning cheksiz hokimiyatni qo‘lga kiritishi uchun zamin hozirlashi lozim edi.

Hali 30 yoshga kirib ulgurmay, siyosiy karerasiga shiddat bilan kirishib ketgan Muhammad ibn Salmon 2015 yilda Yamanga qarshi harbiy harakatlarni, 2016 yilda «Vizion 2030» va 2017 yilda «Mo‘’tadil Islom» loyihalarini e’lon qildi. Agar ushbu loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, harbiy sohada mamlakat g‘alabaga erishgan, iqtisodiyot neftga qaramlikdan qutqarilgan, davlatga sadoqat kuch va pul bilan emas, milliy ong bilan ta’minlangan bo‘lar edi.

Ammo so‘nggi besh yil ushbu maqsadlarga erishish unchalik oson emasligini ko‘rsatdi. Bundan tashqari, ushbu yo‘lda olib borilayotgan shafqatsiz va mojaroli siyosat Saudiya Arabistonini chuqur harbiy, iqtisodiy va ijtimoiy inqiroz jari tomon yetaklab bormoqda. Ayniqsa, mart oyi boshida Muhammad ibn Salmonning Rossiya bilan boshlagan neft urushi natijasida qora oltin narxining tarixiy qulashi Saudiya Arabistoni iqtisodiyotiga og‘ir yuk bo‘lib tushish barobarida davlatning eng muhim ittifoqchisi bo‘lgan Amerika Qo‘shma Shtatlarining qariyb yuz yil davomida saudiyaliklarga saqlagan siyosiy qo‘llab-quvvatloviga ham barham berishi mumkin.

Yaman – hukmdorlarning ko‘p asrlik bosh og‘rig‘i

Yamandagi husiychilar Foto: Reuters
Harbiy muvaffaqiyat arab jamiyatida qirolga sodiqlikning muhim elementlaridan biridir. Saudlar davlat asoschisi qirol Abdulaziz ibn Sauddan keyin porloq harbiy g‘alabaga erisha olgani yo‘q. Shu sababli, Abdulaziz ibn Saudning 1902 yilda Ar-Riyodni bosib olishi, Rashidiy amirligini fath etishi saudiyaliklarning so‘nggi yuz yillikda qo‘lga kiritgan eng muhim va yagona harbiy g‘alabasidir.

Abdulaziz ibn Saud o‘z oilasi bilan Kuvaytda quvg‘inda bo‘lgan payt otasi Abdurrahmon ibn Faysal ibn Turkiy Ol Sauddan ruxsat olmay, bu hujumni yashirincha amalga oshirgandi. 27 yoshidayoq qozongan ushbu ulkan g‘alabasi orqali u Saudiya ulamosi va sulola a’zolarining e’tirofiga sazovor bo‘lgan, shu asno otasi tirikligidayoq ularning qo‘llab-quvvatlovi ostida Saudiya taxti sari yo‘l olgandi.

Yaman – Saudiya Arabistoni o‘tgan asrda duch kelgan eng muhim milliy xavfsizlik tahdidlaridan biridir. Hatto davlat asoschisi Abdulaziz ibn Saud 1953 yilda vafot etayotgan chog‘ bu tahlikaga ishora qilib, avlodlariga «Yamanni zaif tuting», deb maslahat bergandi. Yaman tug‘dirayotgan tahdidlar Saudiya Arabistoni hukmdorlarining ko‘p asrlik bosh og‘rig‘idir. Bobosi Abdullaziz ibn Saud, hatto amakilari Faysal, Faxd va Abdulloh udda eta olmagan, mamlakat ijtimoiy va siyosiy hayotida kuchli tahlika yaratgan Yaman muammosini hal qilish – Muhammad ibn Salmonni xuddi Ar-Riyodni zabt etgan bobosi Abdulaziz ibn Saud singari milliy qahramonga aylantirishi mumkin edi.

Biroq Saudiya Arabistoni harbiy salohiyatini, xalqaro siyosiy tartibni va mintaqadagi raqiblarning harbiy imkoniyatlarini noto‘g‘ri baholash, milliy xavfsizlik masalalarini mamlakat ichkarisidagi taxt kurashi bilan qorishtirib yuborish hech qanday muvaffaqiyatga olib kelmadi, aksincha, iqtisodiy manbalar yemirilishiga sabab bo‘ldi. Ayni paytda nafaqat islom olamida, balki xalqaro maydonda ham saudiyaliklarning obro‘siga jiddiy putur yetkazdi.

Muhammad ibn Salmon eng zamonaviy qurol-aslahalar bilan jihozlangan ikki yuz mingdan ortiq askar timsolida Saudiya Arabistoni harbiy salohiyatiga ishongan edi. Ammo Yaman urushi frontda g‘alaba qozonish uchun askarlar soni va qurol-yarog‘dagi ustunlik zafar qozonish uchun hali yetarli emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Qolaversa, Muhammad ibn Salmon AQSH va G‘arbdagi ittifoqdosh davlatlar xuddi o‘tmishdagi kabi Yaman urushida ham qo‘llab-quvvatlaydi, deb yanglishdi.

G‘arbdagilar unga bu urushda istab-istamaygina cheklangan shaklda yordam ko‘rsatdi, xolos. Yaman kabi muhim milliy xavfsizlik masalasini taxt o‘yinlaridagi vositaga aylantirish alaloqibat harbiy kuchning zaiflashishiga sabab bo‘ldi. Chunki Yamanga qarshi urush qarori qabul qilingan payt Saudiya Arabistoni harbiy imkoniyatlarining tayanchi – milliy gvardiya qo‘mondoni, Muhammad ibn Salmonning amakisi Mutib ibn Abdulla chet elda edi va uning bu boradagi fikri so‘ralmagandi.

Yangi turdagi koronavirus bilan kurashish bahonasida o‘tgan hafta e’lon qilingan bir tomonlama sulh, aytish mumkinki, Yamandan chiqib ketish uchun tashlangan dastlabki qadamdir. Chunki ushbu urushning befoydaligi, iqtisodiyotga ortiqcha yuk ekani ancha paytdan beri Saudiya jamoatchiligi va sulola doiralarida baralla muhokama qilib kelinmoqda. Shu bois ular o‘z milliy qadr-qimmatlariga zarar yetkazmagan holda Yamandan chiqish yo‘llarini izlay boshladilar.

Neft narxlarining tarixiy qulashi
Muhammad ibn Salmon iqtisodiyotning avvalboshdanoq neftga qaramligini, mamlakat siyosiy barqarorligi neft narxlariga ta’sirchan ekanini bilgani uchun ham davlatni qayta tuzish va bu orqali taxtga da’vo qilishni ko‘zladi. Shuning uchun, 2016 yil e’lon qilgan «Vizion 2030» dasturi uch jihatni o‘z ichiga olganligini ta’kidladi: rivojlangan iqtisodiyot, intiluvchan millat va dinamik jamiyat.

AQSHda 2000-yillar boshlarida paydo bo‘lgan «slanetsli gaz» inqilobi, aytish mumkinki, global energiya bozorida Saudiya Arabistoni taxtini larzaga keltiruvchi jarayonni boshlab berdi. Ko‘p yillar davomida siyosiy hokimiyatning eng muhim dastagi bo‘lgan neft daromadlarining pasayishi va hatto so‘nish nuqtasiga yetib kelish ehtimoli, shubhasiz, Saudiya Arabistoni uchun dahshatli ssenariydir.

Muhammad ibn Salmon ulkan energiya zaxirasi va neftning yuqori narxi tufayli yillar davomida jamg‘arilgan mablag‘lardan foydalanib, mamlakatda iqtisodiy o‘zgarishlar yasashga chog‘landi. Shu tarzda, u siyosiy negizning eng muhim tarkibiy qismi – iqtisodiy barqarorlikni ta’minlamoqchi bo‘ldi. Uning rejasiga ko‘ra, Saudiya Arabiston Yaqin Sharq mintaqasining iqtisodiy va moliyaviy markaziga aylanishi kerak edi.

Biroq AQSH va Rossiya kabi gigantlarning global energiya bozorida ortib borayotgan roli va epidemiya sharoitida talabning keskin kamayib ketishi so‘nggi 10 yil ichidagi neft narxlari pasayishining ikkinchi to‘lqiniga yo‘l ochdi. Birinchi to‘lqin 2014 yil iyunda yuz bergandi. O‘shanda narx bir necha oy ichida 110 dollardan ellik foizga pasayib, 50-60 dollargacha tushib ketgandi.

Bugun esa neft narxi 60 dollardan 12-20 dollargacha tushib ketdi. O‘tgan hafta OPEC+ davlatlari tomonidan imzolangan va may oyi boshida kuchga kiruvchi, miqdoriy jihatdan global energiya tarixidagi eng katta ko‘rsatkich – 9,7 million barrellik neft qazib olish qisqartirilishiga qaramay, narxlar so‘nggi qirq yilning eng past darajasida, ya’ni 20 dollar atrofida qolishda davom etdi.

So‘nggi besh yil ichida neft narxining sakson foizgacha pasayishi Saudiya budjetiga juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Qolaversa, Yaman urushi va «Arab bahori» davrida yuzaga kelgan inqilobiy to‘lqinni qaytarish saudiyaliklarning xarajatlarini ko‘paytirib yubordi. Neft zarbasi, ayniqsa, Covid-19 sabab bekor qilingan haj va umra vizalari mamlakatni neftdan keyingi eng muhim ikkinchi daromad manbayidan mahrum qildi. Ikki muqaddas shahar – Makka va Madinaning 1798 yilda Napoleonning Misrga bostirib kirganidan beri ilk marta ibodat uchun yopilishi nafaqat iqtisodiy yo‘qotishlarga, balki saudiyaliklarning islom olamiga da’vo qilgan mafkuraviy rahbarligiga ham ziyon yetkazdi.

ARAMCO muammolar girdobida

Foto: Ian Forsyth / Getty Images
Agar neft narxi hozirgi darajada saqlanib qolsa, Saudiya Arabistoni daromadlari 40 foizga kamayishi aniq. Olti oy oldin dunyodagi eng katta – 1,8 trln dollarlik ommaviy taklif operatsiyasini amalga oshirgan ARAMCO o‘z tarixidagi mislsiz yo‘qotishlarga duch keldi. Saudiya fond birjasining eng muhim kompaniyasi bo‘lgan ARAMCO aksiyalarining qadrsizlanishi so‘nggi uch oy ichida 25 foizdan oshdi. Kompaniyaning moliyaviy qiymati yuz milliardlab dollar yo‘qotib, 1,5 trln dollardan pasayib ketdi.

Zotan, o‘tgan hafta Reuters nashrida «ARAMCO xalqaro moliyachilar bilan 10 milliard dollar kredit olish to‘g‘risida muzokaralar olib boradi» sarlavhali xabar e’lon qilinishi ham dunyodagi eng qimmat kompaniyaning moliyaviy ahvoli haqida xulosa qilish uchun yetarlidir. 2016 yilda e’lon qilingan «Vizion 2030» dasturida 30 foiz qilib belgilangan davlat qarzining chegarasi yaqinda 50 foizga ko‘tarildi, tabiiyki, bu holat Saudiya Arabistonining kelajagiga «oyna tutmoqda».

2019 yil dekabr oyida e’lon qilingan 2020 yil uchun budjetda mamlakat tarixidagi eng katta budjet taqchilligidan kuzatilishi hisoblab chiqilgan edi. Bundan tashqari, ushbu budjet tayyorlanayotganda, neft narxi 60 dollar edi. Neft narxlarining tarixiy qulashi ushbu budjet taqchilligini yanada oshirishi shubhasiz, albatta.

Shuning uchun mart oyida Ar-Riyod ma’muriyati 2020 yil budjetini besh foizga, davlat xarajatlarini 13,2 milliard dollarga, xarajatlarni esa 20 foizga qisqartirish uchun favqulodda rejalar tayyorlayotganini e’lon qildi. To‘g‘ri, neft narxlari keskin pasayib ketishi ortidan iqtisodi inqirozga uchragan davlat faqatgina Saudiya Arabistoni emas. Zotan, Birlashgan Arab Amirliklari ma’muriyati ham yuzaga kelgan moliyaviy inqirozni bartaraf etish uchun 7 milliard dollar qarz olishga majbur bo‘ldi.

AQSHning qo‘llab-quvvatlovi qisqarib boradi

Foto: REUTERS/Kevin Lamarque
So‘nggi 10 yil ichida global energiya bozorida sodir bo‘lgan tub o‘zgarishlar va Covid-19 jarayonidagi iqtisodiy pasayish tufayli neft va ziyorat turizmi daromadlarining keskin kamayishi bundan to‘rt yil oldin Muhammad ibn Salmon rejalashtirgan iqtisodiy muvaffaqiyatni chippakka chiqarmoqda. Haddan tashqari optimistik muhitda rejalashtirilgan va Saudiya budjetiga og‘ir yuk bo‘lib tushgan Yaman urushi va butun Yaqin Sharq mintaqasida olib borilgan aksilinqilobiy siyosat muvaffaqiyat keltirmadi.

2015 yilda Salmon ibn Abdulaziz taxtga o‘tirganida 732 milliard dollarni tashkil etgan davlat zaxirasi to‘rt yil ichida olib borilgan mojaroli siyosat tufayli 239 milliard dollarga kamaydi va 499 milliard dollarga tushib qoldi. Ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun olib borilgan tajovuzkor tashqi siyosat saudiyaliklarning islom dunyosidagi va xalqaro maydondagi obro‘siga jiddiy zarar yetkazdi.

O‘tgan hafta ishlab chiqarishni qisqartirish bo‘yicha kelishuvga erishilganiga qaramay, narxlar kutilgan darajada bo‘lmagani kun tartibiga yangi qisqartirishlarni olib chiqadi. Ayniqsa, fyuchers bozorlarida neft sotila boshlangan 1983 yildan beri kuzatilgan eng yomon kun – 20 aprel bozorda mahsulotlarning ko‘pligi, ortiqcha zaxira to‘planib qolgani AQSH neftining minusga (-40 dollar) tushishiga sabab bo‘ldi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, agar AQSH neftining narxi 20 dollarni tashkil qilsa, 533ta; 10 dollarni tashkil qilsa, 1100dan ortiq AQSH neft kompaniyalari 2021 yil oxiriga qadar bankrotlik e’lon qilishga majbur bo‘ladi. Covid-19 jarayonida ishsizlik darajasi oshishi bilan kurashayotgan AQSH iqtisodiyoti uchun bu zarbani ko‘tarish oson bo‘lmasligi aniq.

Yaqinlashib kelayotgan prezidentlik saylovlari Donald Tramp ma’muriyatiga bosim o‘tkazayotgani, qolaversa, energiya bozoridagi beqaror vaziyat Vashingtonning Muhammad ibn Salmonga nisbatan munosabatini ham o‘zgartiradi. Mart oyi boshidagi OPEC+ sammitida neft urushini boshlanishiga valiahd shahzoda sababchi bo‘lgani ham uning ma’muriyatiga nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy yuk tushishini anglatadi.

AQSH iqtisodiyoti uchun neftdagi arzon narxlarning fakturasi og‘irlashgani sayin, Muhammad ibn Salmonning AQSH ishbilarmon va siyosiy doiralaridagi qo‘llab-quvvatlovi qisqarib boradi. Chunki hozirdanoq AQSH matbuotida Muhammad ibn Salmonning AQSH neft sanoatini yo‘q qilishga qaratilgan siyosati haqida yozila boshlandi.

Bo‘shliqlar yuzaga kelishi mumkin
Saudiya Arabistonidagi so‘nggi voqealar mamlakat ichki siyosatida ham, mintaqaviy miqyosda ham muhim ahamiyatga ega. Mamlakatning ichki siyosatida puturdan ketayotgan hokimiyat uchun kurashlar ham Muhammad ibn Salmonning qo‘lini qisqa qilib qo‘yishi ehtimoli yuqori. Ushbu jarayonda valiahd shahzodaning raqiblar va muxolifatga nisbatan yanada shafqatsiz siyosat olib borishini taxmin qilish mumkin.

Bu o‘rinda Covid-19 jarayoni tufayli vujudga kelgan global iqtisodiy inqiroz va noyabr oyida AQSHda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari natijalari ham valiahd shahzodaning siyosiy martabasi uchun muhim ahamiyatga ega. Neft narxlari qulagan hozirgi salbiy muhitda Muhammad ibn Salmonga Vashington tomonidan berilayotgan yordam ham sezilarli darajada kamayadi. Ayni paytda ham iqtisodiy va siyosiy jihatdan zaiflashgan shahzodaning ichki raqiblari bu jarayonda yangi tashabbuslarni amalga oshirishlari mumkin.

Ustiga ustak, mintaqaviy miqyosda harbiy imkoniyatlarning zaifligi va iqtisodiy qiyinchiliklar mamlakat o‘tmishining zaif nuqtalari – Fors ko‘rfazi, Qizil dengiz va O‘rta Yer dengizi sharqida bo‘shliqlarni yuzaga keltirishi mumkin. Saudiyaliklar ushbu mintaqalardagi o‘z ittifoqchilariga moliyaviy yordam ko‘rsatishda qiynalishlari aniq.

Otabek Tillayev tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Uch oyoqli dastur barbod bo‘ldimi: Muhammad ibn Salmon qo‘rqinchli tush ko‘rmoqda