11:13 / 01.05.2020
2 588

«30–40 yoshlilarda hech qachon bunchalik ko‘p insult ko‘rmaganmiz» — COVID-19 patogenezida yangi burilish

«30–40 yoshlilarda hech qachon bunchalik ko‘p insult ko‘rmaganmiz» — COVID-19 patogenezida yangi burilish
Foto: Jon Gerberg / Washington Post
Shu paytgacha koronavirusning asosiy nishoni o‘pka deb qaralar edi. Endilikda esa vrachlar yangi virus har bir hayotiy muhim organni zararlaydi, degan xulosaga kelishmoqda, deb yozadi Republic.

COVID-19ga oid statistik ma’lumotlarga ko‘ra, kasalxonalarda tobora kovid yuqtirib insultga uchragan nisbatan yosh (30–40 yoshli) bemorlar soni ko‘paymoqda.

Agar avvalroq koronavirusning asosiy nishoni o‘pka deb qaralgan bo‘lsa, endi u yanada dahshatliroq dushmanligi va hayot uchun zarur har bir organ (oshqozon-ichak trakti, buyraklar, yurak va h.k.)ni zararlashi oydinlashmoqda.
Kasallikning biologik mexanizmlari esa hozircha olimlar tushunishi doirasidan tashqarida.

Yaqin kunlargacha COVID-19 tufayli insultlar haqidagi xabarlar juda kam edi, deb yozadi The Washington Post. Xitoyning Uhanida ham ayrim kasallarda insult kuzatilgan, biroq ularning aksariyati jiddiy kasallar va qariyalar bo‘lgan. Ba’zi ekspertlar o‘shandayoq intuitsiyasi bilan bu bog‘liqlikni sezishgan, deydi Pittsburg meditsina markazi nevrologi Sherri Chu.

Endi AQSHdagi uchta yirik meditsina markazlari ushbu fenomen haqida ma’lumotlarni e’lon qilishga tayyorlanmoqda.

Foto: Eduardo Munoz/Reuters
Ularning ma’lumotlari hozircha ancha kamtarona, lekin ular virus bizning tanamizga qanday ta’sir o‘tkazishi haqida yangi axborotlarni bilib olish mumkin. Masalan, koronavirus yuqtirgan nisbatan yosh (va sog‘lom) bemorlarda qon tomirlarida tiqin paydo bo‘lishi (large vessel occlusion, LVO) kuzatilmoqda, uning natijasida miyaning harakat, nutq va qaror qabul qilishga mas’ul sohalari ishdan chiqishi mumkin.

Ko‘plab tadqiqotchilarning fikricha, COVID-19 bemorlarida insultning kuzatilishi qontomirlarda paydo bo‘luvchi tromblarning oqibatidir, ular «oqim bo‘ylab yuqoriga» harakat qilish tendensiyasiga ega: masalan ular boldirdan o‘pkagacha borishi mumkin, so‘ngra o‘pka emboliyasi (o‘pka arteriyasining tromboemboliyasi)ni keltirib chiqaradi — bu COVID-19 bemorlari o‘limining eng mashhur sababi.

Yurak sohasidagi tromblar yurak xurujiga, miyaga yetib borganlari esa insultga sabab bo‘ladi.
Baltimordagi Jons Hopkins kasalxonasi reanimatologi Robert Stivensning aytishicha, insult — tromb hosil bo‘lishining «eng dramatik ko‘rinishi»dir.

Bundan tashqari, u insultga mubtalo bo‘lgan 30 yoshli kovidli bemorlarni borgan sari ko‘proq uchratmoqda va bundan «g‘oyatda taajjubga» tushayotganini aytadi.

Sherri Chuning ta’kidlashicha, tromblar qon tomirlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujumlar natijasida paydo bo‘ladimi yoki «o‘zinikilarga qarab o‘t ochish» — bemorning immun tizimi reaksiyasi natijasimi, hozircha noma’lum.

Uning umid qilishicha, bu savollarning barchasiga javobni 17 mamlakatdagi 68ta tibbiyot muassasasida davolanayotgan bir necha ming kovidli bemorlardagi insult va boshqa nevrologik asoratlarni ilmiy tahlil qilish orqali olish mumkin.

Insultdan tashqari ilmiy doiralarda COVID-19 bemorlaridagi boshqa nevrologik kasalliklar haqida ham gap ochishmoqda. Biroz avval o‘tkazilgan ayrim tadqiqotlarda Giyen – Barre sindromi (inson immun tizimi o‘zining pereferik nervlariga zarar yetkazadigan, asosan katta yoshli erkaklarda uchraydigan kamyob holat) va ensefalitning yakkam dukkam holatlari uchragan.

Xitoy va Fransiyadagi keng qamrovli tadqiqotlar kovidli bemorlarning 36 foizida turli nevrologik alomatlarni ko‘rsatgan.

Foto: Getty Images
Ko‘plab alomatlar yumshoq (bosh og‘rig‘i va bosh aylanishi) ko‘rinishda namoyon bo‘lgan va immunitet reaksiyasi sababli kelib chiqqan bo‘lishi mumkin. Lekin ta’m bilish hissining yo‘qolishi, mushaklarning sustligi, hattoki gallyutsinatsiyalar kabi jiddiy va spetsefik alomatlar ham kuzatilgan.

Mo‘ljalning va diqqatning yo‘qotilishi, harakatlanishning buzilishi kabi holatlar COVID-19ning og‘ir ko‘rinishlarida bo‘y ko‘rsatgan va xabarlarga ko‘ra, tuzalgandan keyin ham namoyon bo‘lgan.

The Washington Post nashriga Jefferson Health tashkiloti neyrojarrohi Paskal Jabburning ma’lum qilishicha, so‘nggi uch hafta mobaynida yirik qon tomirlarida tiqin yuzaga kelgan 12 bemorda SARS-CoV-2 virusi topilgan. Ularning yarmisi 50 yoshdan kichik bo‘lgan va ularda risk omillari qayd etilmagan.

Paskal Jabbur va tadqiqot hammuallifi, Nyu-York universiteti qoshidagi Lagon tibbiyot markazi neyroradiologiya sohasi mutaxassisi Eytan Razning fikricha, COVID-19 bemorlarida kuzatilayotgan insultlar umum qabul qilingan fikrga zid kelmoqda:

«Biz yirik qontomirlarda tiqinlar 60 yoshdan boshlab qariya bemorlarda kuzatiladi, deb hisoblashga ko‘nikib qolgan edik. Biz shu paytgacha 30–40 yoshli insonlarda bu qadar ko‘p insultni kuzatmagan edik».

Eytan Razning taxmin qilishicha, yoshlar qariyalarga nisbatan respirator distress-sindromni yaxshi o‘tkazishadi: «Ular o‘pka bilan bog‘liq muammoni amallab yengishgan, endi boshqa muammolarga duchor bo‘lishmoqda».

Foto: Getty Images
Jabburning ta’kidlashicha, u o‘zining ko‘plab bemorlarida kasallikning g‘alati ko‘rinishlarini kuzatgan. Miyaga yetib boruvchi tromblar ko‘pincha artiyalar (yurakdan a’zolarga qon eltuvchi tomirlar)da paydo bo‘ladi, COVID-19 bemorlarida esa qon quyqalari venalar (artiyaga qarama qarshi qon eltuvchi tomirlar)da kuzatilgan. Boz ustiga, ayrim bemorlarning miyasida bir necha yirik tromblar paydo bo‘lgan va bu juda noodatiy.

«Biz bitta tomirni davolaymiz, hammasi yaxshi ketayotganda bemor miyasining boshqa qismida tiqilgan tromb tufayli insult yuz beradi», — deya o‘z kuzatuvlari bilan o‘rtoqlashgan neyrojarroh.

AQSHdagi eng yirik va qadimiy tibbiyot maskanlaridan biri – Maunt-Sinayda ishlovchi terapevt Jey Mokkoning ta’kidlashicha, uning hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi uch hafta ichida miyadagi yirik qontomirlarida tiqin hosil bo‘lgan bemorlar soni ikki barobarga oshgan va ularning teng yarmisi koronavirus yuqtirib olgan bo‘lgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda faqatgina bemorlar sonining oshishi noodatiy emas. Agar pandemiyaning birinchi to‘lqini asosan yoshi ulug‘ qariyalar, yurak-qontomir kasalliklari, diabet, semizlik va h.k. dardlarga ega insonlarga zarba bergan bo‘lsa, hozirgi bemorlar ancha yosh — o‘rtacha 15 yoshga kichik va surunkali kasalliklarga ham ega emas.

«Statistik nuqtayi nazardan bu insonlarda insult kuzatilishi juda kam ehtimolli», — deydi o‘z karerasini insultni o‘rganish va davolashga bag‘ishlagan vrach.

Mokko bo‘layotgan hodisalarni tahlil qilishdan «shokka tushgan»ini aytadi. COVID-19 va insult o‘rtasidagi bog‘liqlik esa uning xotirasidagi «eng ochiq-oydin va chuqur korellyatsiyalardan biri».

Uning baholashicha, bu «shunchaki tasodif bo‘lib chiqishi o‘rniga, o‘ta kuchli signal» sifatida namoyon bo‘lmoqda.

New England Journal of Medicine jurnalida nashr etilishi kutilayotgan xatda Maunt-Sinayda ishlovchi vrachlar jamoasi 23 martdan 7 aprelgacha kuzatilgan insultga uchragan 5 nafar yosh bemorlar haqida hikoya qilishadi. Bemorlarning yoshi 33, 37, 39, 44 va 49da. Ular alomatlar yuzaga chiqqanda o‘z uylarida bo‘lishgan. Kasalxonaga yotqizilgach, biri vafot etgan, yana ikki nafari hamon davolanishda. Hozircha faqat bir kishining — 33 yoshli ayolning gapira olish ko‘nikmasi tiklangan.

Maunt-Sinayda ishlovchi neyrojarroh Tomas Okslini ko‘plab insonlar salomatlik bilan bog‘liq muammolar yuzaga qalqib chiqqanidan so‘ng ham vrachlarga murojaat qilishni paysalga solishayotgani taajjublantiradi.

Uning hikoya qilishicha, 33 yoshli bir ayol bir hafta davomida boshog‘riq va yo‘taldan aziyat chekkan. Kasalxonaga yotqizilishidan bir sutka avval u tanasining chap tomoni uvishib qolgani va gapirishda qiynalayotganini sezib qolgan. Shunga qaramasdan, u koronavirus tufayli so‘nggi daqiqalargacha tez yordam chaqirishga cho‘chigan. Ular kelganida esa, u allaqachon virusni yuqtirib bo‘lgani oydinlashgan.

Oksli 44 yoshli kovidli bemor bilan bo‘lgan holatni ham eslaydi: u trombni yo‘qotish payida bo‘lganda shu vaqtgacha hech uchratmagan narsani ko‘rgan. Monitorlarda miya ramziy qilib tasvirlanganda, «qora spagettilar bankasi» (qontomirlar tufayli) yanglig‘ ko‘rinadi, tromb esa oq dog‘ ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. U jarrohlik yo‘li bilan o‘sha trombni yo‘qotishga uringanida, apparat ninasi atrofida shu vaqtning o‘zida yangidan yangi tromblar paydo bo‘la boshlagan.

«Aqldan ozib qolish mumkin», — deb eslaydi neyrojarroh.

Oksli shuni yodda tutish muhimligini ta’kidlaydi: hattoki keng qamrovli insultni ham davolash mumkin, lekin buni juda tez amalga oshirish kerak — idealda alomatlar paydo bo‘lganidan so‘ng olti soat (maksimum bir sutka) ichida.

«Ilgari odamlar COVID-19’ning eng keng tarqalgan alomatlari — nafas olish qiyinlashganda va harorat keskin ko‘tarilgandagina tez yordam chaqirish maslahat berilayotgan edi. Endi bu alomatlarga insult ham kiradi. Mana, biz insonlarga nimani yetkazib qo‘ymoqchimiz», – deydi AQSHdagi eng yirik shifoxonalardan biri Maunt-Sinayda ishlovchi neyrojarroh Tomas Oksli.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «30–40 yoshlilarda hech qachon bunchalik ko‘p insult ko‘rmaganmiz» — COVID-19 patogenezida yangi burilish