11:53 / 03.05.2020
2 964

Dunyo hamjamiyatini kutib turgan buyuk tushkunlik

Dunyo hamjamiyatini kutib turgan buyuk tushkunlik
Foto: Google Photos
2007–2009 yillardagi iqtisodiy inqirozdan so‘ng yo‘l qo‘yilgan siyosiy xatoliklar shundoq ham jahon iqtisodiyoti to‘la bo‘lgan nomutanosibliklar va xavflarni yanada chuqurlashtirib yubordi. Hukumatlar esa moliyaviy inqiroz sabab ochilib qolgan darzlarni tizimli ravishda hal qilishga yondashmadi. Vaqtida hal qilinishi talab qilingan muammolar keyinga surildi.

Bugun yana dunyo iqtisodiyoti inqirozni boshdan kechirar ekan, jahon iqtisodiyotiga xavf tug‘dirayotgan tahdidlar yanada keskinlashadi va dunyo keyingi o‘n yillikda «buyuk depressiya»ni boshidan kechiradi, deb yozadi nufuzli nashrlardan biri The Project Syndicate nashri. Maqola muallifi Nuriel Rubini fikricha kutilayotgan depressiyaning eng mudhish o‘n belgisi mavjud.

Birinchi belgi hukumatlarning budjet defitsiti muammosi va unga yo‘ldosh bo‘lgan qarzdorlik va defolt muammosi. COVID-19’ga qarshi chora sifatida milliy hukumatlar budjet defitsitini yuzaga keltiradigan qarorlar qabul qilmoqda. Ayrim mamlakatlarda davlat qarzi hajmi esa to‘lab bo‘lmas darajaga kelib qolgan.

Eng yomoni esa oilalar va kompaniyalarning daromadlaridan ayrilgani xususiy sektor qarzining oshishiga olib keladi. Natijada, ommaviy kuzatiladigan defolt va bankrotlik holatlari sodir bo‘ladi. Davlat qarzlarining o‘sishi manzarasida bunday vaziyat iqtisodiyotni 10 yil avvalgi inqirozdan ham og‘ir kechishiga ishora.

Ikkinchi omil bu rivojlangan mamlakatlardagi demografik vaziyat bilan bog‘liq. COVID-19 pandemiyasi hukumatlarga sog‘liqni saqlash sohasiga ko‘proq mablag‘ ajratish lozimligini, chunki bu eng zaruriy soha ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Ammo rivojlangan mamlakatlarda aholining aksar qatlami keksayib borayotgan qatlam ekani inobatga olinsa, bu sohaga kelajakda ko‘proq mablag‘ ajratish sog‘liqni saqlash va ijtimoiy sug‘urta sohasini yetarli darajada moliyalanmasligi bilan bog‘liq maxfiy qarzlarni paydo qiladi.

Uchinchi muammo deflyatsiya xavfining ko‘tarilishi bilan bog‘liq. Bugungi inqiroz nafaqat chuqur resessiyani yuzaga keltirdi, shuningdek, bozorlarda ortiqcha mahsulotning to‘planib qolishiga (mashinalar), mehnat bozoridagi ishsizlik, neft va sanoat metallari narxlarining keskin tushib ketishiga sabab bo‘ldi. Bu esa qarzdorlik deflyatsiyani paydo qiladi va qarzni to‘lay olmaslikka sabab bo‘ladi.

To‘rtinchi muammo – valyutalar qiymatining qadrsizlanishi. Markaziy banklar deflyatsiyaning salbiy ta’sirini kamaytirishga urinadilar va qarzlar miqdorining ortib ketishi bilan bog‘liq vaziyatda foiz stavkalarini keskin ko‘tarilishini oldini olishga harakat qiladilar. Shu sababdan monetary siyosat noan’anaviy tus oladi va havflarga to‘la bo‘ladi. Qisqa muddatli istiqbolda esa inqiroz va deflyatsiyaning oldini olish uchun hukumatlar budjet taqchilligini monetizasiya qilishga to‘g‘ri keladi. Ammo proteksionist siyosatining qaytadan tiklanishi stagflyasiyani yuzaga keltiradi.

Foto: Google Photos
Beshinchi muammo – raqamli iqtisodiyotdagi keng va keskin o‘zgarishlar. Millionlab insonlar o‘z ishidan ayrilayotgan yoki kam ishlab topayotgan bir sharoitda XXI asr iqtisodiyotida daromadlar va boyliklar o‘rtasidagi farq juda katta bo‘ladi. Ishlab chiqarish zanjirlari uzilishi oqibatida biznes zavodlarini o‘zlarining mintaqalariga ko‘chira boshlaydi. Biroq bu ishlab chiqarishning yanada avtomatlashtirilishiga, ish haqlari miqdorining pasayishiga olib keladi. Natijada, populistik siyosat, millatchilik va ksenofobiya yuzaga keladi.

Deglobalizatsiya esa oltinchi muammodir. Pandemiya esa jahon iqtisodiyotining bir-biridan uzilish jarayonini tezlashtirdi. AQSH va Xitoy o‘rtasidagi aloqalar uzilishi yanada tezlashadi. Aksar mamlakatlar buning ta’sirida o‘z iqtisodiyotlarini proteksionizm siyosati bilan himoya qilishga urinadi. Pandemiyadan so‘ng tovarlar, xizmatlar, kapital, ishchi kuchi, texnologiyalar va axborot almashish borasida siyosat keskinlashadi. Ayni paytda oziq-ovqat, dori-darmon kabi mahsulotlarning eksporti proteksionist siyosati natijasida ancha kamaydi.

Bu esa o‘z navbatida demokratiyadan norozilik kayfiyatini yuzaga keltiradi. Bunday vaziyatda esa liberal populistlar yaxshigina foydalanib qoladi. Sababi ular ishsizlik sonining o‘sishi, zaif iqtisodiyot va tengsizlikning kuchayishidan manfaatdor.

AQSH va Xitoy o‘rtasidagi geostrategik qarama-qarshilik – sakkizinchi muammo. Sababi AQSH prezidenti COVID-19 pandemiyasi uchun bor mag‘zavani Xitoyga ag‘darishga harakat qilar ekan, Xitoy tomoni ham AQSH-Xitoy iqtisodiyotining tinch rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda degan siyosatni yurgizishda faollashadi. Savdo-sotiq, texnologiyalar, sarmoyalar, axborot almashinuvi borasida AQSH va Xitoy munosabatlari uzoqlashish kuzatiladi.

Eng yomoni esa AQSH bir tarafda, Xitoy, Rossiya, Eron va Shimoliy Koreya ikkinchi tomonda, yangi sovuq urushning boshlanishidir. AQSHda navbatdagi prezidentlik saylovlari boshlanish arafasida ekan, yangi kiber hujumlar turli xil nizo va istiloflarni yuzaga chiqaradi.

O‘ninchi muammo esa ekologik o‘zgarishlar. COVID-19 sharoitida yuzaga kelgan iqtisodiy tartibsizlik moliyaviy inqirozdan ham og‘irroq inqirozlarga olib keladi. 1980 yillarda avj olgan VICH, 2003 yildagi SARS, 2009 yildagi H1N1, 2011 yildagi MERS va 2014–2016 yillardagi ebola kabi epidemiyalarning muntazam ravishda takrorlanishi iqlim o‘zgarishi kabi falokatlarga olib keladi. Bu eng avvalo tibbiy sanitariya standartlarining sifatsizligi, tabiiy boyliklarni suiiste’mol qilish va globallashgan dunyoda munosabatlarning chambarchas bog‘liqligi bilan ham izohlanadi. Kelgusida iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolar hukumatlar uchun og‘riqli, qimmatga tushadigan jarayonga aylanadi.

Bunday tahdidlarni COVID-19 pandemiyasidan oldin ham kuzatish mumkin edi. COVID-19 esa bu muammolar dunyo hamjamiyatini og‘ir kechadigan o‘n yillikka mahkum ekanini yanada tezlashtirib yubordi. 2030 yillarga borib taraqqiy etgan texnologiyalar va oqilona siyosiy rahbarlik bu muammolarning salbiy ta’sirlarini yo‘qqa chiqarishi yoki kamaytirishi mumkin. Baxtli yakun esa xalqaro hamjamiyatning qanchalik bir-biri bilan hamkorlik qilishiga bog‘liq bo‘lib qoladi.

Jahongir Ergashev tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dunyo hamjamiyatini kutib turgan buyuk tushkunlik