07:30 / 06.05.2020
3 526

New York Times «Putin rejimini fosh qilgani uchun» Pulitser mukofoti bilan taqdirlandi

New York Times «Putin rejimini fosh qilgani uchun» Pulitser mukofoti bilan taqdirlandi
Foto: Getty Images
VVS’ning yozishicha, New York Times xalqaro voqealarni yoritish yo‘nalishida «Putinning agressiv rejimini fosh qilgani uchun» mukofotlangan.

Mukofot rasmiy saytida ham AQSHning eng mashhur nashri nega taqdirlangani aniq qilib yozilgan: «Putin rejimini fosh qiluvchi maqolalar to‘plamini dadillik bilan e’lon qilgani uchun».

Bu to‘plamdan sakkizta maqola va video o‘rin olgan. Ular orasida go‘yoki Moskva tomonidan buyurtma qilingan ukrainalik mansabdor Rovnoga uyushtirilgan qotillik, tadbirkor Yemelyan Gebrevning Bolgariyada zaharlanishi, Rossiyaning Liviyadagi manfaatlari, Suriyadagi kasalxonalarning portlatilishi kabi mavzulardagi maqolalar bor.

Rossiyaning AQSHdagi elchixonasi feysbukdagi sahifasida ma’lum qilishicha, Moskva bu maqolalar to‘plamidan «rusofobik uydirmalar to‘qib chiqarishda qo‘llanma sifatida foydalanish mumkin.

Ma’lumot uchun, Pulitser mukofoti AQSHdagi gazeta, jurnal va saytlarda e’lon qilingan maqolalar uchun beriladi. Jurnalistikadan boshqa sohalarda ham Pulitser mukofoti beriladi. Masalan, badiiy adabiyot, AQSH tarixi, avtobiografiya va memuarlar, poeziya, musiqa va dramaturgiya yo‘nalishlarida. Odatda bu mukofot har yili 25 yanvarda o‘z egalariga topshirilardi, ammo bu yil koronavirus sabab marosim o‘tkazish imkoni bo‘lmadi.

New York Times Pulitser mukofotini har yili turli yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘lga kiritishi odatga aylangan. AQSHning eng obro‘li nashri bu yil ham qator yo‘nalishlarda g‘olib bo‘ldi. Masalan, gazetada e’lon qilingan Nyu-York taksichilariga beriladigan kredit shartlarining «vahshiylarcha tuzilgani» haqidagi maqola jurnalistik surishtiruv janrida g‘olib bo‘ldi.

Publitsistika yo‘nalishida ham New York Times jurnalisti Nikol Xanna-Jons g‘olib bo‘ldi. U Shimoliy Amerikadagi qullikning 400 yilligiga bag‘ishlab chiqarilgan butun boshli maxsus songa rahbarlik qilgan. Loyiha nomi 1619 (ya’ni Shimoliy Amerikada qullik boshlangan 1619 yil degan ma’noda) bo‘lgan.

Bu New York Times Rossiya haqidagi materiallari uchun birinchi marta mukofotlanishi emas. Gazeta 2017 yilda Rossiyaning AQSH prezidentlik saylovlariga aralashgani mavzusidagi maqolalar to‘plami uchun Pulitser mukofotiga sazovor bo‘lgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » New York Times «Putin rejimini fosh qilgani uchun» Pulitser mukofoti bilan taqdirlandi