15:40 / 06.05.2020
2 546

Yevropada koronavirusni laboratoriya sharoitida yenga olgan antitana yaratildi

Yevropada koronavirusni laboratoriya sharoitida yenga olgan antitana yaratildi
Foto: Kena Betancur / Getty Images
Yevropalik olimlar koronavirusni laboratoriya sharoitida yenga oluvchi monoklon antitana yaratishdi.
Bu haqda Nature Communications nashrida chop etilgan tadqiqotda ma’lum qilindi.

Olimlar inson immun hujayralari ishlab chiqaruvchi oqsillarga o‘xshash tajribaviy antitanani olishga muvaffaq bo‘lishgan. Bunday antitanalar patogenning muayyan qismini tanib, aynan unga ta’sir qiladi.

Utrext universitetida niderlandiyalik va nemis olimlari o‘tkazgan tadqiqotda ta’kidlanishicha, yangi ishlanmani hozircha dorilar ishlab chiqarishda qo‘llab bo‘lmaydi, chunki uni avval hayvonlar va odamlarda sinovdan o‘tkazish lozim. Biroq kelgusida ishlanma nafaqat koronavirusga chalinishning oldini olishi yoki unga chalinganlarni davolashi, balki koronavirus bilan bog‘liq yoki u chaqiruvchi kasalliklarni yenga olishi mumkin.

47D11 deb nomlangan ushbu antitana koronavirusga toj ko‘rinishini beruvchi va unga inson hujayralariga kirishga imkon beruvchi nayzasimon oqsiliga ta’sir qiladi. Tajribalar davomida antitana nafaqat koronavirusni, balki undan avvalroq paydo bo‘lgan “o‘tmishdoshi” va SARS kasalligini keltirib chiqargan koronavirusni ham yenga olgan.

Olimlar tajribalar davomida koronavirusning oqsiliga turli antitanalarni ishlab chiqish uchun genetik modifikatsiya qilingan sichqonlardan foydalanishgan. Skriningdan keyin 47D11 antitanasi virusni neytrallovchi faollik namoyon qilgani aniqlangan. Shundan keyin olimlar bu antitananing inson uchun versiyasini yaratish uchun uni o‘zgartirishgan.

Olimlarning ta’kidlashicha, yuqoridagi natijalar klinik sharoitlarda ham tasdiqlanishini ko‘rish hamda antitana virusni qanchalik yenga olishi borasidagi xulosa qanchalik to‘g‘ri ekanini bilish uchun qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazish zarur.

Aprel o‘rtalarida Sietldagi Allergik va yuqumli kasalliklar milliy instituti olimlari koronavirusga qarshi tajribaviy vaksinani yaratishgandi. U mRNK-1273 deb nomlangan. Avval u hayvonlarda sinab ko‘rilgan va natijalar yaxshi chiqqach, uni odamlarda sinab ko‘rishga qaror qilingan.

Sinov uchun 45 ko‘ngilli tanlab olingan. Har bir sinaluvchiga vaksinaning muayyan bir hajmdagi dozasini 28 kun oraliq bilan ikki marta kiritishga qaror qilingan. Kiritilgan dozalar turlicha hajmda bo‘lgan (25, 100 va 150 mkg). Sinaluvchilar sog‘lig‘i ortidan 2021 yil bahorigacha kuzatuv olib boriladi.

Vaksina birinchi bo‘lib sinalgan amerikalik Jennifer Xaller vaksina kiritilgandan keyin nimani his qilgani haqida so‘zlab bergan. 44 yoshli ayolning aytishicha, vaksina uning chap yelkasiga kiritilgan. Bu jarayon bir necha soniyagina davom etgan. “Birinchi kun menda biroz harorat ko‘tarildi. 2-kun qo‘lim qattiq og‘ridi. Shu bilan hammasi o‘tib ketdi”, deb ma’lum qilgandi ayol. Uning ta’kidlashicha, koronavirusdan vaksina kiritilishi grippdan vaksina kiritishga o‘xshash bo‘lgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yevropada koronavirusni laboratoriya sharoitida yenga olgan antitana yaratildi