15:12 / 07.05.2020
2 963

AQSH hukumati suv toshqinida aholiga qanday tavsiyalar beradi?

AQSH hukumati suv toshqinida aholiga qanday tavsiyalar beradi?
Foto: Getty Images
AQSH jamiyati tajribasida mahalliy darajada favqulodda holatni e’lon qilish tez uchraydi. Bu ko‘pincha tabiiy ofatlar va aholi turmushiga yetkazilgan talafotlar bilan bog‘liq. Bunday vaziyatda, tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun alohida va qat’iy belgilangan protokol ishga tushadi.

AQSH hukumati xizmatlari haqida ma’lumot beruvchi rasmiy portalda favqulodda holat e’lon qilingan payt harakatlanish rejasi batafsil tushuntirilgan. Unda tabiiy ofatga qarshi turish choralari, fojia yuz berganda moddiy yordam olish va tirik qolgan aholining turmushini yaxshilash bo‘yicha harakatlar rejasi ochiqlangan.

Tayyorgarlik ko‘rish bosqichi
AQSHda asosan dovul, suv toshqini, zilzila va jilovlanmagan yong‘indan himoyalanish uchun aholiga ogohlantirish beriladi. Masalan, suv toshqini nima ekani, qaysi omillarga ko‘ra paydo bo‘lishi va voqealar rivojlanishi haqida xalqchil tushuncha portal orqali taqdim etiladi.

Foto: Getty Images
AQSHda aynan suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan hududlarning maxsus xaritasi tayyorlangan. Risk hududida istiqomat qiluvchi aholi ahvol o‘zgarishini real rejimda kuzatib turishi mumkin. Bundan tashqari, favqulodda holat e’lon qilinishi munosabati bilan uyali aloqa vositasi orqali xabar olish imkoniyati mavjud. Ushbu xabarnoma telefon o‘chirilgan bo‘lsa-da, egasini ogohlantiradi.

Evakuatsiya qilingan aholi yashash joyi / Getty Images
Evakuatsiyaga otlangan aholi avvaldan boshpana uchun yechim o‘ylab qo‘yishi qattiq tavsiya qilinadi. Ko‘pincha evakuatsiya qilingan aholi boshpanasiz shaxslar yashaydigan shelterga keltiriladi, shu tufayli yashash joyga yaqin bo‘lgan shelter haqida ma’lumotga ega bo‘lish kerak. Shuningdek, ular har doim uyda favqulodda zarur ashyo, tibbiy darmon va kiyimlar bilan to‘ldirilgan ​xalta bo‘lishidan ogohlantiriladi. Eng zarur hujjatlari suv o‘tmaydigan idishda saqlanishi lozim.

Favqulodda zarur ashyolar / Getty Images
Suv toshqini ko‘p yuz beradigan hududda istiqomat qiluvchi uy xo‘jaliklariga sug‘urta sotib olish tavsiya qilinadi. Bu turdagi sug‘urta bilan Toshqinlardan sug‘urtalanish milliy dasturi shug‘ullanadi.

Favqulodda holat e’lon qilinganda
«Suv toshqini xavfi paydo bo‘lganda, suvga yaqinlashmang. Suzmang va suv ostiga sho‘ng‘imang. Toshqinning 15 sm balandlikka ko‘tarilishi sizni yerga yiqitishi mumkin, u 30 smga yetib, tezligi oshsa, mashinani ham o‘z joyidan qo‘zg‘atishi mumkin. Suv oqimi ustidan o‘tkazuvchi ko‘priklardan foydalanmang.

Agar mutasaddilar evakuatsiya zarurligini aytsa, talabni bajaring. Agar atrofingizni suv toshqini o‘rab olsa, yuqori qavatga ko‘tariling. O‘sha joyda qutqaruvchilar sizni topguncha qoling», – deyiladi tavsiyalar bo‘limida.

Yashash joyidan ko‘chirilgan aholi mahalliy rasmiylar bilan aloqada bo‘lishi, yangi turar joyi va manzili bo‘yicha yaqin kishilarga xabar berishi so‘raladi. Ob-havo ma’lumotlarini tarqatuvchi milliy radio to‘lqinini tinglash yoki mahalliy yangiliklardan xabardor bo‘lish tavsiya qilinadi.

Suv toshqini ichida qolgan shaxsning harakatlanishi qat’iyan rag‘batlantirilmaydi. Mashinada harakatlanib ketayotgan odam suv toshqiniga duch kelsa, transport ustiga chiqib olishi so‘raladi.

Yakuniy bosqich
Aholi faqat mahalliy hokimiyat ruxsati bilan uyga qaytishi mumkin. Yashash joyiga qaytgan kishi suv toshqinida kelib qolgan dengiz va yovvoyi hayvonlarni uchratishga tayyor bo‘lishi lozim. Elektr energiyadan foydalanishda ehtiyotkorlik talab etiladi.

Boshpanasini yo‘qotgan aholi yashash joyiga yaqin joylashgan shelterda vaqtincha qolishi mumkin. Daromadini yo‘qotgan, jamg‘armaga ega bo‘lmagan aholi hukumatdan qisqa muddatli moliyaviy ko‘mak olishga haqli bo‘ladi. Ularga D-SNAP dasturi orqali ovqatlanish va toza ichimlik suvini sotib olish uchun pul beriladi. Mablag‘ miqdori shtatlar bo‘yicha tasdiqlangan minimum yashash xarajatlaridan kam bo‘lmasligi kerak.

Getty Images
Tabiiy ofatdan so‘ng, Amerika hukumati, avvalo, pochta manzilini qayta tasdiqlashni so‘raydi. Negaki, hukumat aholi bilan pochta orqali yuboriladigan xatlar bilan muloqot qiladi. Yo‘qotilgan hujjatlarni tiklash, pul olish huquqini beradigan talon ham pochta orqali yuboriladi. Shu tufayli, uy egasi pochta idorasida real yashash manzili haqida ma’lumotnomani tekshirishi kerak. Barcha kerakli hujjatlarni qayta olish uchun onlayn ariza topshirish imkoniyati bor.

Tabiiy ofatdan so‘ng, aholiga moddiy yordam berish uch xil ko‘rinishda amalga oshiriladi: ishchi va kichik biznes egalarini qo‘llab-quvvatlash, boshpana va ovqat bilan ta’minlash hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul mablag‘larini tarqatish. Har qanday holatda ham aholi daromadi va turmushiga tabiiy ofat tufayli zarar yetishini asoslantirib berishi kerak. Bu bank hisobvarag‘idagi mablag‘, ish joyidan olingan ma’lumotnoma, uy-joyining ayni paytdagi sharoiti bo‘yicha tayyorlangan xulosa bilan tasdiqlanadi.

Risk hududida yashovchi aholi soliq majburiyatlaridan ozod etiladi, qolaversa, bank bilan munosabatlarini tartibga solish uchun davlat tomonidan banklarga subsidiya tariqasida ko‘mak beriladi. Shu bilan aholi bank oldidagi majburiyatidan ozod bo‘ladi yo muddatlar kechiktiriladi.

Mahalliy budjet tushumini to‘ldirish, ijtimoiy binolarga yetkazilgan zararni qoplash uchun federal hukumat moliyaviy ko‘mak ajratadi, ammo bu yordam puli zararning yarmini qoplashi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH hukumati suv toshqinida aholiga qanday tavsiyalar beradi?