08:00 / 09.05.2020
4 075

Tojikiston chegarasida tojik va qirg‘iz chegarachilari o‘rtasida otishma sodir bo‘ldi (video)

Tojikiston chegarasida tojik va qirg‘iz chegarachilari o‘rtasida otishma sodir bo‘ldi (video)
Foto: Asia-Plus
Tojikiston chegara hududida qirg‘iz va tojik harbiylari o‘rtasida nizoli vaziyat sodir bo‘ldi. Asia-Plus nashrining yozishicha, to‘qnashuv oqibatida Tojikistonning ikki nafar fuqarosi yaralangan.

«Mojaroga Qirg‘iziston fuqarolarining 4 gektar yerni o‘zlashtirib olgani sabab bo‘lgan. Ushbu yerlar me’yoriy-huquqiy hujjatlarga ko‘ra Tojikistonga tegishli. Qirg‘iziston chegarachilari vaziyatni tartibga keltirish o‘rniga qurolsiz bo‘lgan tojikistonliklarga, aholi vakillariga o‘q uzgan. Otishma oqibatida 1983 yilda tug‘ilgan Fazliddin Fozilov hamda 1971 yilda tug‘ilgan Ayyomiddin Sharipov og‘ir yaralangan», — deyiladi Tojikiston chegara xizmatining xabarida.

O‘z navbatida Qirg‘iziston chegarachilari esa nizoga tojikistonlik harbiylar sababchi ekanini aytmoqda. Shuningdek, qarama-qarshi tomonning ma’lum qilishicha, mojaro qirg‘iz-tojik chegarasida Chek Batken viloyati hududida Chekdagi 50 sotix yerdan foydalanishdagi nizo oqibatida boshlangan, 30-40 nafardan ikki tomondagi fuqarolar bir-birlariga toshlar ota boshlagan. Janjal vaqtida ov o‘qotar qurolidan o‘t ochilgan.

Qirg‘iziston chegarachilari o‘q uzilgani, biroq u havoga otilgani va ogohlantirish maqsadida quroldan foydalanilganini bildirgan.
«Ammo Tojikiston chegarachilari kutilmaganda Qirg‘iziston chegarachilari va fuqarolari tomonga o‘t ochgan», — deya vaziyatni izohlagan qirg‘iz chegarachilari.

Qirg‘iziston tomonida ham uch nafar harbiyning yaralangani ma’lum qilingan. Ikki davlatning chegara idoralari va rasmiy vakillari o‘rtasida vaziyatni barqarorlashtirish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida bu kabi mojarolar o‘tgan yilning yozidan beri tez-tez takrorlanib turadi. 2019 yilning iyun oyida tojik-qirg‘iz chegarasida kelishmovchilik yuz berib, qirg‘izistonliklar 45 kilometrli avtoyo‘lni ta’mirlash ishlariga qarshi chiqqan. Sentabr oyida esa Qirg‘iziston—Tojikiston chegarasida yuz bergan otishmada qirg‘iz harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan.

2020 yilning o‘zida bu safargi janjal chegarada ikki millat vakillari o‘rtasidagi to‘qnashuvga olib kelgan ikkinchi vaziyatdir, avval 9 yanvarda ham avvaliga fuqarolar o‘rtasida boshlangan janjalga keyinchalik huquq-tartibot organlari xodimlari va chegarachilar ham qo‘shilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tojikiston chegarasida tojik va qirg‘iz chegarachilari o‘rtasida otishma sodir bo‘ldi (video)