16:26 / 13.05.2020
2 950

Rossiyada koronavirusdan o‘lim darajasi juda past. Bunga qanday «erishilmoqda»?

Rossiyada koronavirusdan o‘lim darajasi juda past. Bunga qanday «erishilmoqda»?
Foto: Sergey Bobilev/TASS
Rossiya rasmiylarining ta’kidlashicha, mamlakatda koronavirusdan o‘lim darajasi dunyoning qolgan qismlaridagiga qaraganda ancha past. Moskva hukumatining aprel oyidagi ma’lumotlari poytaxtda umumiy o‘lim darajasi 2019 yil apreliga nisbatan 18 foizga oshganini ko‘rsatmoqda. Covid-19'dan o‘lim darajasi pastligi hisoblash usuliga aloqador bo‘lishi mumkin.

Rossiyada koronavirusdan o‘lim kam kuzatilayotganini Rospotrebnadzor rahbari Anna Popova bir necha bor ta’kidlab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday natijaga «[bemorlarni] o‘z vaqtida aniqlash va o‘z vaqtida davolash» tufayli erishilgan.

«Rossiya Federatsiyasida yangi koronavirus infeksiyasidan o‘lim darajasi dunyo miqyosidagi ko‘rsatkichdan 7,6 baravar past. Moskvada bu ko‘rsatkich dunyoga nisbatan 6,8 baravar kam», dedi bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikova 12 may kuni.

Aprel oyida Rossiyada 1145 kishi koronavirusdan vafot etdi. O‘lim holatlarining yarmidan ko‘pi Moskvada qayd etilgan, poytaxtda Covid-19'dan 642 kishi vafot etgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada koronavirusdan zararlanish holatlari soni 242 271ga yetgan, shundan 2212 kishi vafot etgan.
10 may kuni mutaxassislar Moskvadagi umumiy o‘lim holati to‘g‘risidagi yangi xabarlarga e’tibor qaratishdi. FHDYO ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyida poytaxtda 11,8 mingdan ortiq odam vafot etgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning apreliga nisbatan 18 foizga ko‘p, shuningdek, 2010-2019 yillarda bu oydagi o‘rtacha o‘lim ko‘rsatkichidan 20 foizga ko‘proq.

Yanada aniqlik kiritiladigan bo‘lsa, aprel oyida o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan deyarli 2 mingta ko‘p o‘lim ro‘yxatga olingan. Ammo agar ushbu oyda Covid-19'dan faqat 642 kishi o‘lgan bo‘lsa, unda yana 1,4 mingta o‘lim qayerdan paydo bo‘lgan?

«Rossiya hukumati statistikani boshqarmaydi», dedi Golikova 12 may kuni.
Buning sababi Rossiya hukumati boshqa mamlakatlarga qaraganda koronavirusdan o‘limni hisoblashda biroz boshqacha usuldan foydalanayotgani bo‘lishi mumkin. BBC'ning rus xizmati farq nimada ekanligini izohlagan.

Qanday hisoblash kerak?
Turli mamlakatlarda koronavirusdan o‘limni taqqoslash farqli hisoblash usullari tufayli oson ish emas. Masalan, Belgiya Covid-19 o‘limi bo‘yicha yakuniy statistikaga shunchaki koronavirus infeksiyasi borligiga shubhalanilgan holatlardagi o‘limni ham qo‘shadi. Natijada, Belgiyada koronavirus o‘limiga oid ma’lumotlar boshqalarga qaraganda ancha yuqori - 53 mingdan oshiq holat va 8,8 mingdan oshiq o‘lim.

Aksariyat mamlakatlar esa statistikaga koronavirus uchun testi ijobiy bo‘lgan va vafot etgan bemorlarning barchasini kiritishadi. Ya’ni, nafaqat to‘g‘ridan to‘g‘ri koronavirusdan vafot etgan bemorlar, balki Covid-19 bilan birgalikda boshqa surunkali kasallikdan aziyat chekkan bemorlar ham hisobga olinadi.

Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi metodologiyasi bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri Covid-19 natijasida kelib chiqadigan o‘lim va yondosh kasalliklardan o‘lim alohida ko‘rib chiqiladi. The Moscow Times gazetasi hech bo‘lmaganda Rossiyaning ba’zi mintaqalari aynan shunday yo‘l tutayotganiga avvalroq e’tibor qaratgandi.

Masalan, Chelyabinsk oblasti statistika veb-sayti xabar berishicha, 12 mayga kelib ushbu hududda koronavirusdan to‘rt kishi vafot etgan va yana Covid-19 borligi tasdiqlangan 8 nafar bemor boshqa kasalliklardan vafot etgan.

Yekaterinburgda epidemiya boshlanishida koronavirus bilan kasallangan yetti kishi hayotdan ko‘z yumgan, ammo mahalliy sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Denis Demidov 5 may kuni E1.ru saytiga o‘lim sababi boshqa kasalliklar bo‘lgani haqida xabar bergan. Shu bilan birga, 5 mayga qadar Covid-19 keltirib chiqargan o‘limlar rasmiy statistikasida faqat bitta holat qayd etilgan.

Saratov viloyatida rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Covid-19'dan besh kishi vafot etgan, yana 12 kishi ijobiy koronavirus testi bilan birgalikda boshqa kasalliklar tufayli hayotdan ko‘z yumgan (bu 12 kishi Covid-19 o‘limining rasmiy statistik ma’lumotlariga kiritilmagan).

Ko‘rinishidan, Moskvadagi Covid-19 rasmiy statistikasida ham faqat to‘g‘ridan to‘g‘ri koronavirus tufayli o‘lim hollari hisobga olinadi. Rasmiy ma’lumotlar bilan tanishgan OIM demografiyasi instituti dotsenti Sergey Timoninning The Moscow Times gazetasiga aytishicha, bu kabi o‘limlar rasmiy ravishda Covid-19 borligi tasdiqlangan bemorlardagi barcha o‘limlarning 35 foizini tashkil qiladi.

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, Timonin may oyi boshiga kelib, Moskvada koronavirus bilan kasallangani aniqlangan 1,5 ming kishi vafot etgani, ammo o‘limga boshqa kasalliklar sabab bo‘lganini ta’kidlagan.

Sog‘liqni saqlash vazirligining bosh mustaqil patologoanati, Rossiya Fanlar akademiyasining akademigi Georgiy Frank avvalroq Covid-19 aniqlangan barcha bemorlarda kuzatilgan o‘lim uchun asosiy sabab koronavirus deb hisoblanishi fikriga qarshi chiqqan. Ba’zi hollarda, koronavirus – bu faqat fon kasalligi, deb ta’kidlagan u.

«Qisman hollarda, Covid-19 o‘limning asosiy sababi bo‘lishi mumkin, ba’zi hollarda bu kasallikni keltirib chiqaruvchi, ba’zan hatto qo‘shilib ketadigan kasallik bo‘lishi, u juda yengil kechishi ammo odam boshqa bir jiddiy kasallikka yo‘liqqan bo‘lishi mumkin. Agar insonda metastazali oshqozon saratoni va Covid-19'ning yengil shakli kuzatilsa, tabiiyki, oshqozon saratoni birinchi o‘rinda turadi, bu esa bemorni o‘limga olib keladi», dedi Frank «Exa Moskva» efirida.

Turli mamlakatlar, shu jumladan AQSH va Britaniyadagi mutaxassislar koronavirus o‘limini tahlil qilishda epidemiya paytida o‘lganlar sonining ko‘payishini hisobga olish kerak, deb hisoblashadi.

Bunday holda, qanday tashxis qo‘yilganidan qat’i nazar Covid-19'dan barcha o‘limlar aniq hisobga olinadi. Shuningdek, bu kabi ma’lumotlar pandemiyaning bilvosita ta’siri, masalan sog‘liqni saqlash tizimiga ortiqcha yuk tushishi natijasida qancha odam o‘lganini ko‘rsatib beradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyada koronavirusdan o‘lim darajasi juda past. Bunga qanday «erishilmoqda»?