07:50 / 16.05.2020
2 192

Zelenskiy Ukrainada koronavirusga ommaviy test o‘tkazishni buyurdi

Zelenskiy Ukrainada koronavirusga ommaviy test o‘tkazishni buyurdi
Foto: president.gov.ua
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy majburiy ommaviy test o‘tkazish haqidagi qonunni imzoladi. U fuqarolar, epidemiyaga qarshi kurashga jalb qilingan shifokorlar, politsiya, milliy gvardiya va boshqa muassasalar xodimlarini test qilishni ko‘zda tutadi.
Bu haqda Ukraina prezidenti matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qonunga ko‘ra, koronavirus alomatlariga o‘xshash kasallik alomatlariga ega barcha fuqarolar, bemorlar bilan muloqot qilganlar, koronavirusga chalinganlar davolanayotgan shifoxonalar xodimlari, politsiya, milliy gvardiya va boshqa muassasalarning epidemiyaga qarshi kurashga jalb qilingan xodimlari majburiy testdan o‘tkaziladi.

Qonunda boshqa choralar ham ko‘zda tutilgan. Jumladan, koronavirusga qarshi kurashga nafaqat mutaxassis shifokorlar, balki tibbiy oliygohlarning internaturani o‘tayotgan bitiruvchilari, tegishli malakaga ega bo‘lmagan tibbiy xodimlarni jalb qilishga ruxsat beriladi. Koronavirusdan davolanayotgan yoki unga chalingani sababli izolyatsiyada bo‘lganlarga ular oylik maoshining yarmi miqdorida nafaqa to‘lanadi.

Hukumat va sog‘liqni saqlash vazirligi maxsus saytda testlash haqidagi statistikani, epidemiyaga qarshi kurashga yo‘naltirilgan vositalar haqidagi ma’lumotlarni berib boradi.

Ukraina bosh sanitar shifokori Viktor Lyashkoning ma’lum qilishicha, ommaviy testlash sog‘liqni saqlash vazirligida uni o‘tkazish va olingan natijalardan foydalanish algoritmlari tasdiqlangandan keyin boshlanadi.

Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Ukrainada koronavirusga chalinganlar soni 17,3 mingdan ko‘proqni, undan vafot etganlar 476 nafarni tashkil qilmoqda. Kasallanganlar orasida 3,4 ming tibbiy xodim bor.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy Ukrainada koronavirusga ommaviy test o‘tkazishni buyurdi