23:45 / 16.05.2020
12 383

800 ming kishining o‘limida ayblanib chorak asrdan beri yashirinib yurgan shaxs qo‘lga olindi

800 ming kishining o‘limida ayblanib chorak asrdan beri yashirinib yurgan shaxs qo‘lga olindi
Foto: «irmct.org»
Fransiyada biznesmen Felisen Kabuga hibsga olindi. U Ruandada tutsi xalqi genotsidiga aloqadorlikda ayblanmoqda. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha xalqaro qoldiq mexanizmi (BMT) saytida xabar berilgan.

84 yoshli Kabuga 26 yil adolatdan yashirinib, Aner-syur-Sen shahrida soxta nom ostida yashab yurgan. Politsiyaning xabar berishicha, uni Parijda qo‘lga olishgan.

BMTning Ruanda bo‘yicha xalqaro tribunali 1997 yilda Kabugaga yettita ayb qo‘ygan: genotsid, genotsidga aralashish, genotsidni amalga oshirishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri va oshkora fitna uyushtirish, genotsidni amalga oshirishga urinish, shuningdek, genotsidni uyushtirish, aholini ta’qib qilish va qirib tashlash maqsadida fitna qilish.

Bosh prokuror Serj Brammersning so‘zlariga ko‘ra, genotsidning asosiy homiylaridan biri Kabuganing hibsga olinishi «jinoyatchilar qilgan jinoyati uchun 26 yildan keyin ham javobgarlikka tortilishini anglatadi».

Felisen Kabuga — 35 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Ruandaning sobiq rejalashtirish vaziri Ogyusten Ngirabatvarning qaynatasi. 2011 yilda Kabuga FQB tomonidan qidirilayotgan dunyodagi eng xavfli o‘nta jinoyatchi ro‘yxatiga kiritilgan. Hatto, u haqdagi ma’lumot uchun 5 million dollar mukofot ham e’lon qilingan.

1994 yili Ruandada xutu xalqi vakili mamlakat prezidenti Jyuvenal Xabiarimana samolyoti urib tushirilgan. Shundan so‘ng xutu bunda tutsini ayblab, ularni ommaviy qira boshlagan. BMT ma’lumotiga ko‘ra, ziddiyatning keskinlashgan davrida (taxminan uch oy davomida) 800 ming kishi o‘ldirilgan. Tutsiga qarshi genotsid fakti xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » 800 ming kishining o‘limida ayblanib chorak asrdan beri yashirinib yurgan shaxs qo‘lga olindi