19:09 / 30.05.2020
2 512

Koronavirus — jilovlanmagan ofat

Koronavirus — jilovlanmagan ofat
Arxiv surat
U dunyo iqtisodiyotiga qay darajada ta’sir o‘tkazmoqda?
Uni inson ko‘zi bilan ko‘rish imkonsiz. Hajmi va massasi eng mitti zarraga teng. Biroq tug‘dirayotgan xavfi, keltirayotgan musibatu talafotlari ko‘lami global.

XXI asrning 20-yili insoniyatni ana shunday ko‘rinmas yovga ro‘baro‘ qildi. “COVID-19” deb ataganimiz bu baloi ofat nafaqat immunitetimiz, balki irodamiz, sabr-matonatimiz va hatto tafakkurimizni ham sinovdan o‘tkazmoqda.

Hamma birday oyoqqa turdi
Ekologik halokat, iqlim o‘zgarishlari, qashshoqlik, chuchuk suv tanqisligi, zaxiralar kamayishi kabi global muammolar har yili BMT minbarlaridan turib aytiladi. Ularga qarshi chora-tadbirlarni hamjihatlikda hal etish zarurligi xususida bong uriladi. Ammo negadir sa’y-harakatlar, kuchlar yetarli darajada birlashmaydi. Dunyo mamlakatlari birday oyoqqa turmaydi.

Biroq bu gal unday bo‘lmadi. Hatto olis sayyoralarni ham zabt etayotgan odam bolasining aql-idroki zarraday infeksiyani jilovlashga ojizlik qildi. Hozir jahon “tojdor” virusdan faqat bir chora — undan himoyalanish bilan kifoyalanmoqda. Bu xavfli xastalikni masofa saqlash, o‘zimizni yakkalash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish bilan daf qilishimiz mumkinligini angladik.

Hozir koronavirus kirib borgan hech bir davlatga oson tutib bo‘lmaydi. Avvalo, aholining jonini omon saqlab qolish zarur. Bu karantin qoidalarini joriy qilish, degani. Ya’ni ko‘plab tashkilotu idoralar, korxonayu muassasalar faoliyatini vaqtincha to‘xtatish taqozo etiladi. Aytaylik, daromadining katta qismi sayyohlik sohasi ulushiga to‘g‘ri keladigan mamlakatlar pandemiya oqibatida qanchalik tang vaziyatga tushib qoldi ekan? Yirik-yirik zavodlar ishlab chiqarishni taqa-taq to‘xtatgani hisobiga bundan tadbirkorlar ham, aholi ham, davlat ham qanchalik ziyon ko‘rayotganini tasavvur qilishning o‘zi og‘ir. Ikkinchidan, kasallikka chalinganlarni davolash, infeksiya yuqtirganlikda gumon qilinganlarni 3-4 mahal oziq-­ovqat, tibbiy nazorat, alohida izolyatsiyalangan turarjoy bilan ta’minlash katta sarf-xarajatlarni talab ­etadi.

Shu bois pandemiya sharoitida har bir mamlakat o‘z ichki imkoniyati, salohiyatidan kelib chiqqan holda tegishli chora-tadbirlarni belgilayapti. ­Koronavirusga qarshi kurashishda ­davlatlarning bajarayotgan vazifalariga qarab ularni qiyosan uch guruhga ajratish mumkin.

Birinchi guruhga qat’iy karantin choralarini tatbiq etgan mamlakatlar mansub. Avvalo, Xitoy, keyinroq O‘zbekiston va boshqa qator davlatlar shu yo‘ldan borishdi.

Ikkinchi guruhga Yaponiya, Braziliya kabi ayrim davlatlar tajribasini misol qilib keltirsa bo‘ladi. Ular karantin choralarini ixtiyoriy ravishda, masofani saqlagan holda joriy etishdi.

Uchinchi guruhga Shvetsiya va Belarus kabi davlatlarni kiritsa bo‘ladi. Mazkur hududlarda karantin choralari umuman joriy etilmadi. Faqat aholiga koronavirusga chalinmaslikning oldini olish yoki kasallanganda uni qanday muolaja qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi, xolos. Albatta, har bir yondashuvning o‘ziga xos yutuq va kamchiliklari mavjud. Bunga quyidagi tahlillarimiz orqali javob ­topasiz.

Cheksiz koinotda mayda zarramiz
Koronavirusning salbiy ta’siri deyarli hech bir sohani chetlab o‘tgani yo‘q. Ayniqsa, iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash, oziq-ovqat sanoati negizida jiddiy muammo va tashvishlar yuzaga kelayotir. Hatto pandemiya asoratlari dunyoning psixologik qiyofasini ham o‘zgartirib yuborgani rost.

Nima uchun? Chunki insoniyat koronavirus kabi bunday katta ofatga tayyor emasdi. To‘g‘ri, tarixda qanchadan-qancha jangu jadallar, jahon urushlari, 50 millionlab kishilarning umriga zomin bo‘lgan o‘latlar odam bolasini ancha toblagan. Lekin hozirgiday taraqqiyot asrida qandaydir bir notanish infeksiya butun borliq oldida inson juda kichik va ayni damda ojiz jonzotligini barchamizga yana bir karra eslatib qo‘ydi. Oqibatda himoyalanishga majbur bo‘ldik.

Bunday vaziyatda eng og‘ir yuk ­davlat rahbarlari gardaniga tushdi. ­Fuqarolar uyda o‘tirib, kasallik qachon daf bo‘lishini kutishi mumkin, lekin davlat rahbarlari bunday yo‘l tuta olishmaydi. Negaki, ular millionlab insonlar hayotiga bevosita javobgar. Shunday ekan, o‘z hayotini ham ehtiyotlash barobarida, mamlakatni mushkul vaziyatdan eson-omon olib chiqish haqida kechayu kunduz jon koyitishadi. Pandemiya sharoitida davlat ­rahbarlari oldida bir savol ko‘ndalang bo‘ldi: avval odamlarni qutqarish kerakmi yoki iqtisodiyotni?

100 yil avval topilgan javob
Iqtisodiyotning o‘z qonuniyatlari bor. Unga rioya etish muvaffaqiyatni kafolatlaydi. Ba’zan esa bu soha ­tavakkalchiliklarni ham ma’qullaydi. Eng to‘g‘ri natijani esa vaqt ­ko‘rsatadi.

Mana, aksariyat davlatlar koronavirusga qarshi kurashda karantin qoidalarini joriy etib, buning iqtisodiyotga yetkazadigan katta zarariga qo‘l siltashyapti. O‘z navbatida, biznesni “sun’iy koma” holatiga tushirib, karantin e’lon qilishga shosh­mayotganlar ham bor.

Xo‘sh, aslida qay biri to‘g‘ri? Avval iqtisodiyotni qutqarish kerakmi yoki odamlarni?

Bir guruh amerikalik olimlar bu savolga javob izlash uchun yuz yil avvalgi voqeliklarga murojaat qilishdi. Aniqlanishicha, hozirgi total karantin insoniyat uchun yangilik emas. Bir asr avval ham odamlar xuddi shunday vaziyatga tushishgan. Birinchi jahon urushidan keyin “ispan grippi” nomini olgan pandemiya 50 million kishini hayotdan olib ketgan. O‘shanda Yer yuzidagi har uchinchi odamdan biri bu infeksiyani yuqtirib olgan va har o‘ninchi odamdan biri qurbon bo‘lgan.

Yuz yil avvalgi ofat tufayli ham odamlar uydan chiqmaslikka da’vat etilgan. Niqob taqish majburiy qoida tusini olgan. Zavod va fabrikalar o‘z ishini to‘xtatgan.

Avvaliga hamma uchun qiyin bo‘lgan. Lekin o‘zaro muloqotlarni cheklagan, shaxsiy gigiyenaga qat’iy amal qilishni talab etib, odamlar salomatligini saqlab qolishga alohida e’tibor bergan davlatlar tezroq oyoqqa turgan.

AQSH Markaziy banki hamda Massachusets texnologiya instituti iqtisodchilari hamkorlikda o‘tkazgan surishtiruv natijalari ham shuni tasdiqlaydi. Ularning xulosasiga ko‘ra, keskin choralar ko‘rib kasallik tar­qalishining oldini olgan shaharlar epidemiya vaqtida zarar ko‘rgan bo‘lsa-da, keyinchalik ular qolganlardan jadalroq o‘sishga erishdilar.

Yana bir qiziqarli fakt: karantin choralari o‘limlar sonini ­qisqartirish barobarida, pandemiya keltirgan iqtisodiy zararning ­oldini ham olgan.

Har o‘tgan kun g‘animat
1918 yilgi “ispan grippi” AQSHda Sharqdan o‘arbga qarab tarqaladi. Infeksiya ikki to‘lqinda rivojlanadi. Bahorgisi qo‘rqinchli, qishkisi esa undan ham dahshatli ko‘rinish oladi... AQSH g‘arbidagi Sietl, Los-Anjeles shaharlari virus eng oxirgi bo‘lib kirib borgan shaharlardir.

O‘shanda xuddi hozirgi singari zarur choralar ko‘riladi: maktablar, teatrlar, cherkovlar yopiladi. Jamoat joylarida to‘planib turish taqiqlanadi. Jamoat transportlari harakati to‘xtatiladi. Dafn marosimlari tor doirada o‘tkazilishi belgilab qo‘yiladi. O‘zini ihotalash tizimi joriy etilib, ijtimoiy masofa saqlash majburiy tartibga aylanadi. Qolaversa, niqob taqish va qo‘lni tez-tez yuvish ham “trend”da bo‘lgan.

Amerikalik iqtisodchilar tadqiqotlari orqali yana bir haqiqat yuzaga chiqdi. Ya’ni 1918 yili mamlakat shaharlarida karantin e’lon qilish bilan bog‘liq har bir kun keyinchalik iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’sir etgan. Masalan, 10 kun avval karantin joriy qilgan shtatlar pandemiyadan so‘ng boshqa hududlarga nisbatan 5 foiz ko‘proq ish o‘rni yarata olgan. Cheklov muddatini 50 kunga uzaytirganlar ko‘rsatkichlari esa bundan ham a’lo — 6,5 foiz ziyod ish o‘rinlari!..

Ayni shu xulosalar koronavirus pandemiyasi davrida o‘arb davlatlari rahbarlarini karantin choralarini kuchaytirishga undamoqda. Mazkur jarayonda asosiy urg‘u odamlarni qutqarib qolishga qaratilyapti. Zero, odamlar hayotini qutqarib qolish ­pirovard natijada iqtisodiyotni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shunga qaramay, hozir karantin cheklovlarini joriy etishga shoshil­mayotgan mamlakatlar ham bor. Ular — biznesning to‘xtab qolmasligi tarafdorlari. Masalan, Donald Tramp avvaliga juda xotirjam edi. “Odamlar koronavirusdan ko‘ra avtohalokatdan ko‘proq o‘lishadi, ammo biz buning uchun avtomobil ishlab chiqarishni taqiqlamayapmiz-ku?”, degandi u o‘shanda.

Ammo Oq uy rahbari tezda fikrini o‘zgartirib, cheklovlar zarurligi haqida gapira boshladi. Biroq tilloga teng fursatlar yo‘qotildi. Oqibati esa ma’lum. AQSH ayni damda virus tarqalishi bo‘yicha dunyoda yetakchi. Agar kerakli choralar ko‘rilmasa, “tojdor” ofat bu yerda 2 milliongacha odamning umriga zomin bo‘lishi mumkin.

Braziliya Prezidenti Jair Bolsonaru ham shunday yo‘l tutdi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga namoyishkorona qarshi chiqavergach, “Tvitter” va “Instagram” uning sahifalarini bloklab qo‘ydi. Xuddi shunday, Eron prezidenti Hasan Ruhoniy koronavirus tahlikasi boshlangan vaqtda uni “dushmanlarining hujumi” deb atab, odamlarni ishga chiqaverishga undagandi.

Koronavirusni pisand qilmaslikda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoga yetadigani yo‘q. U mamlakatda hech qanday cheklov joriy qilmadi. Futbol va xokkey bo‘yicha chempionatlarni to‘xtatmadi. Hatto bir gal xokkey o‘yinida qatnashib, bepisandlarcha shunday dedi: “Qani, muz maydonida birorta virus uchib yurganini ko‘rdingizmi? Men ham ko‘rmadim. Virusga qarshi eng yaxshi vosita — muz. Tiz cho‘kib yashagandan tik turib o‘lgan yaxshi”.

Karantinning ham ziyoni, ham foydasi bor
Karantinning mamlakatlar iqtisodiyotiga zarari benihoya katta. Shu bilan birga, foydasi ham yo‘q emas!
Avval yomonidan boshlasak.

Jahon iqtisodiyotining poydevori nima? Faol hayot tarzi! Odamlar res­toranu barlar, sport zallariyu klublarga nima uchun borishadi? Chiroyli liboslar kiyishdan, hashamdor mashinalar sotib olishdan muddao ne? Albatta, avvalo, ko‘z-ko‘z qilish uchun. Karantin esa odamlarni uyda o‘tirishga majbur qildi. Tabiiyki, nofaol hayot tarzida kimgadir ko‘z-ko‘z bo‘lish imkonsiz. Bundan tashqari, karantin vaqtida hamma ishchi kuchi uyda, ishlab chiqarish va savdo deyarli to‘xtaydi.

Oqibatda tadbirkorlik rivojlanishida ham uzilish yuzaga keladi. Bankrotlik ko‘payib, korxonalar yopiladi, odamlarning tirikchiligiga putur yetadi. Bularning barchasi yig‘ilib banklar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadi. Jumladan, qarzdorlik ko‘payib, kreditlar vaqtida yopilmaydi, banklarning likvidlik darajasi tushib ketishi natijasida kredit berishda qiynalib qolishadi. Kreditsiz esa biznes bo‘lmaydi.

Xo‘sh, karantinning foydasi ­qanday?

Gap shundaki, bunday cheklovlar odamlarni nafaqat turli kasalliklar va ularning asoratlaridan, balki katta iqtisodiy zararlardan ham saqlaydi. Albatta, buning natijasi bir kundayoq yuzaga chiqmas. Lekin vaqt o‘tishi bilan buning samarasi ko‘zga tashlana boshlaydi.

Yana bir qiziqarli fakt: karantin davrida odamlar pullarini ehtiyotlab xarjlashga odatlanishadi. Mebel, mashina sotib olish, konsertu tomoshalarga borish, dengiz sohillarida dam olish kabi orzu-havaslar ikkinchi darajali masalaga aylanadi. Kasallik daf bo‘lib, omon-zamonlar boshlangach esa bunday narsalarga ehtiyoj shu qadar uzoq vaqt yuqori bo‘lib turadiki, pirovardida o‘sha sohalar gurullab rivojlanib ketadi.

To‘g‘ri-da, 2-3 oy uyda o‘tirgan odam o‘zini restoranlarga uradi, mashina ishqibozlari yangi-yangi avtomobillar sotib olishadi. Sayohatni sog‘inganlar aeroportlarga oshiqishadi. Qarabsizki, karantindan so‘ng bu sohalar bir necha yil ichida o‘z qaddini tiklab ­oladi.

Hozir koronavirus keltiradigan zarar miqdorini aniq aytish mushkul. Chunki u qachon hayotimizdan butkul chiqib ketishini bilmaymiz. Ma’lumotlarga ko‘ra, 1918 yili “ispan grippi” AQSHda ishlab chiqarish hajmi 18 foiz kamayishiga sabab bo‘lgan ekan. Amerikalik olimlar agar karantin bo‘lmaganida, ahvol bundanam yomon bo‘lishi mumkin edi, deb hisoblashadi.

Har holda koronavirusning asoratlari u qadar kattalashib ketmasa kerak. Buning uchun, masalan, AQSH o‘zi aksilinqiroz rejasi uchun 2,2 trillion dollar pul ajratdi. Germaniya tadbirkorlarga 500 milliard yevro kredit berdi. Butun dunyoda aviakompaniyalarga hukumatlar tomonidan yordam ko‘rsatilmoqda.

Kutilmaganda sodir bo‘lgan bunday inqirozlar, birinchi navbatda, keskin munosabatlarni keltirib chiqarishi tabiiy. Biroq dunyoning ko‘plab mintaqalarida mojarolar davom ­etayotgan, o‘arb o‘z muammolarini o‘zi hal etishga qiynalayotgan bir davrda tarqalgan COVID-19 dunyo tarixida yangi sahifalarni ochishi mumkin.

Sovuq urushdan so‘ng globallashuv va ko‘p qutblilik munozaralari kun tartibiga ko‘tarilgan bo‘lsa, koronavirus kutilmaganda ayni shu globallashuv jarayonlarini karantin ostiga oldi va shu tariqa uning olg‘a siljishini so‘roq ostiga qo‘ydi.

Qolaversa, AQSHning ushbu epi­demiyaga qarshi kurashdagi holati hokimiyatning gegemonik tendensiyasi va qiyofasiga putur yetkazdi. Shu ­bilan bir qatorda, yangi dunyo tartiboti himoyachilarining ham o‘z “nasiba”larini olishga majbur qildi.

Qolaversa, Xitoyning epidemiyaga qarshi kurashdagi tutumi dunyodagi ­muammolar yechim topmaydi, balki ­turlanib-tuslanib o‘zgarishda davom etaveradi, degan xavotirni kuchaytirmoqda.

Koronavirusning jahon tizimidagi ilk siyosiy qiyofasi davlatlar duch keladigan qiyinchiliklar, ularning munosabati va olingan natijalar orqali “chizilishi” mumkin.

Pandemiya raqamli dunyoning rivojlanishi va virtual muhitdagi xaridlarga keng yo‘l ochsa, ajab emas. Binobarin, “tojdor” virusning iqtisodiy oqibatlari, shuningdek, neft qazib olish hamda narxlar borasidagi tortishuvlar ushbu sohalarda ­Xitoyga bir qator afzalliklarni ­taqdim etishi haqiqatga yaqinroq.

Jarayonning hali kun tartibiga ko‘tarilmagan yana bir masalasi bor. Bu xalqlarning boshqaruv jarayonida yanada ko‘proq ishtirok etishga xohishi ortishida namoyon bo‘lishi mumkin. ­Zotan, karantin sharoitida hukumat qaror va chora-tadbirlarini o‘zgartirishda jamoatchilik fikri hamda ­talabi muhim ahamiyat kasb etganiga ko‘p guvoh bo‘ldik.

Jahon inqirozga tayyormi?
Epidemiya nafaqat odamlar sog‘lig‘i va yashash tarziga, balki davlat bosh­qaruvi tizimiga ham jiddiy ta’sir o‘tkazmoqda.

Ma’lumki, davlat va fuqaro munosabatlaridagi barqarorlik har ikki tomon uchun ham muhim. Fuqarolar o‘z iqtisodiy faoliyati natijasi o‘laroq davlatga soliq to‘laydilar. Zotan, ijtimoiy faoliyat izdan chiqmasligi uchun bu kerak. Davlat esa ushbu jarayonning to‘g‘ri yo‘lda davom etishi uchun makro jarayonlar (ishlab chiqarish, xavfsizlik, sog‘liqni saqlash)ni yaxshi muvofiqlashtirishi lozim.

Hozirgi pandemiya sharoitida resurslarni aholiga qay tarzda taqsimlash muammosi mamlakatlar oldida turgan eng asosiy masalalardan biriga aylangan. Shu bois ham mart oyi boshida davlatlar katta miqyosdagi “qutqaruv paketlari”ni e’lon qilishdi. Shu asnoda ular global epidemiya oqibatu asoratlarini yumshatmoqchi. Bu holat davlatlarning inqirozga tayyor emasligini ifodalaydi.

Ammo mazkur epidemiyaning jamiyat, iqtisodiyot, siyosat va geosiyosatga ta’siri uzoq muddatli bo‘ladi. Ushbu ta’sirlar turli mamlakatlarda turlicha namoyon bo‘lishi tabiiy. Biroq mamlakatlarning institutsional tuzilmalari va madaniy dinamikasi bu jarayon yo‘nalishini belgilashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Mazkur jarayonda kapitalistik va liberal davlatlar inqirozni o‘z qobig‘iga qamalish yo‘li bilan emas, balki dunyoga ochilish bilan hal etishi mumkin. Chunki ushbu ulkan muammoni hal qilish uchun ichki resurslar yetarli bo‘lmasligi kunday ravshan. Shu tariqa asosiy dinamika hamkorlikka e’tibor beradigan ­siyosat tomon siljiydi.

Davlat qanday yo‘l tutishi kerak?
Hozir odamlarning ijtimoiy yordamga ehtiyoji har qachongidan kuchli. Bunda hukumat zimmasiga fuqarolik institutini imkon qadar mus­tahkamlash vazifasi tushadi. Ana shunday sharoitda davlat faqat iqtisodiy taqsimlash mexanizmlarini tatbiq qilish bilan kifoyalanib qolmasligi kerak. Jamiyatni birlashtirish usullari ham amalga tatbiq etilishi lozim. Bundan tashqari, davlat yangi davrga mos keluvchi islohotlarga tayanish bilan bir qatorda, global siyosatga uyg‘un qadam tashlashi kerak.

Bu borada mamlakatimizda ­Prezidentimiz tashabbusi bilan ­“Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati yo‘lga qo‘yilgani muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari ish boshlaganiga bir oydan oshdi. Natijada minglab oilalarning mushkuli oson bo‘ldi. Shahar va tumanlar markazlariga tushayotgan murojaatlar asosida ijtimoiy himoyaga muhtoj hech bir oila e’tibordan chetda qolayotgani yo‘q. Saxovatdan barcha bahramand bo‘lyapti. “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida barcha soha vakillari, jumladan, ­ziyolilar qatlami baholi qudrat ­muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zmoqda.

Chiqaradigan umumiy xulosamiz shunday: bunday kutilmagan inqirozlarning uzil-kesil oldini olish imkonsiz. Ammo ularni boshqarish mumkin. Bunga qodir bo‘lganlar esa dunyodagi o‘zgarish va evrilishlarga eng ko‘p hissa qo‘shuvchilarga aylanadilar. O‘zbekiston ham ana shunday mamlakatlar safiga qo‘shilishidan umidvormiz!

Bekdavlat ALIYEV,
falsafa fanlari doktori,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Koronavirus — jilovlanmagan ofat