22:45 / 31.05.2020
3 692

Niqoblar chindan ham koronavirusga qarshi yordam beradi (foto)

Niqoblar chindan ham koronavirusga qarshi yordam beradi (foto)
Koronavirus pandemiyasi dostoni endigina boshlanganida butun dunyo ikki xil guruhga ajralgandi — darhol niqob taquvchilar (ko‘pchilik niqobdan avvaldan foydalangan – Janubi-Sharqiy Osiyodagi bir qator mamlakatlarda odamlar ulardan tutun va chiqindi gazlaridan saqlanish uchun foydalanishadi) va so‘nggi daqiqagacha uni taqib o‘zini qiynashni istamagan guruh.

Niqoblar samaradorligi haqidagi munozaralar haligacha to‘xtamadi. Ammo hozirda AQSH va Tayvanning bir guruh olimlari niqob kiyish zaruriyati virus zarrachalarining tabiati bilan izohlanadigan tadqiqotni e’lon qilishdi.
Science jurnalida chop etilgan maqola mualliflari eslashicha, an’anaviy ravishda havo tomchilari orqali yuqadigan yuqumli kasalliklarni nazorat qilish choralari kasallikning aksiradigan va yo‘taladigan aniq tashuvchilari jamoasini ajratishni o‘z ichiga oladi.

Foto: Getty Images
Ammo, Covid-19 holatida hamma narsa o‘zgacha bo‘ldi, chunki virusni yuqtirgan odamlarda uzoq vaqt davomida (yoki umuman) kasallik alomatlari yuzaga chiqmadi va shu bilan birga ular virusni faol tashishda davom etdi. Gapirayotganda va shunchaki nafas olayotganda ular atmosferaga uzoq vaqt havoda, ayniqsa, yopiq bino ichida aerozol holatida osilib turadigan virusga to‘yingan havo tomchisini chiqarishdi. Nafas olish paytida bu aralashma o‘pkaga chuqur kirib borishi va u yerda infeksiya manbayiga aylanishi mumkin bo‘ldi.

Tadqiqot mualliflari ta’kidlashicha, odam nafas olganda 0,1dan 1000 mikrometrgacha bo‘lgan namlik zarralarini havoga chiqaradi (ilgari ular mikronlar deb atalgan). Masalan, (biz vizualizatsiya haqida gapirmayapmiz) bir millimetrda 1000 mkm mavjud. Ushbu zarralar kattaligi, tortish kuchi, inersiyasi, bug‘lanish tezligi va boshqa bir qator omillarga qarab turli masofalarda havo orqali tarqaladi.

Katta zarralar sirtga tezroq joylashib, uni zararlaydi. Kichikroqlari (5 mikrondan kam) tezroq bug‘lanadi, ammo ular havo orqali oson va juda katta masofada harakatlanadi. Ikkala usul ham – havo yoki zararlangan sirt bilan aloqa qilish, infeksiyalanishni keltirib chiqarishi mumkin.

Xitoyda kasallikning asosiy manbasi tashqi belgilari bo‘lmagan, gumondan xoli tashuvchi edi
Olimlar submikron o‘lchamidagi zarralar alveolalarga chuqur kirib, immunitet tizimini chetlab o‘tib, virus uch baravar ko‘payishiga imkon beradigan xavf-xatar tug‘dirishini aniqlashdi. Bu holatda odam hali infeksiyalanganidan shubha qilmaydi, aslida o‘zi virusning faol tashuvchisiga aylanadi.

Xitoy misolida ko‘rsatib o‘tilganidek, infeksiya alomatlarini ko‘rsatmagan aynan shunday «jim tashuvchilar» 79 foiz hollarda keyingi infeksiya manbayi bo‘lgan.

2003 yilda SARS epidemiyasi boshlanganida ham infeksiya asosan havo tomchilari orqali tarqalgani aniqlangandi, ammo ko‘pgina davlatlar SARS-CoV-2 (Covid-19'ni keltirib chiqaradigan virus rasmiy shunday ataladi) holatida zararlanish muqobil sxemada ro‘y berganini hali ham tan olishmayapti.

Ijtimoiy masofa saqlash - foyda beradi, ammo koronavirusdan davo emas / Getty Images
SARS-CoV-2 tarqalishiga qarshi kurashish uchun JSST ikki metrlik ijtimoiy masofa saqlashni tavsiya qildi, ammo bu maslahat 1930-yillarda olib borilgan havo aralashmalari tadqiqotlariga asoslangan. O‘shanda olimlar hajmi 100 mikrometrga teng keladigan katta tomchilar aksirish yoki yo‘talish paytida tortishish kuchi ta’siri hisobiga juda tez cho‘kishini isbotlashgan. Afsuski, o‘sha paytda bir mikrometrdan kichikroq zarralarni aniqlash uchun vositalar va usullar mavjud bo‘lmagan.

Sigaret tutuni kabi
Ammo bugun bilamizki, shamol bo‘lmasa 100 mikrometr hajmidagi tomchi 3 metr balandlikdan taxminan 5 soniya ichida cho‘kadi, bir mikrometr zarra esa havoda 12 soatdan ko‘proq saqlanib qoladi, deb yozadi mualliflar.

Shunday qilib, JSSTning aynan ikki metrlik masofalanishga doir tavsiyasi ko‘plab inshootlarga nisbatan o‘z dolzarbligini yo‘qotadi, chunki havo-tomchi aralashmasi havoda bir necha soatlab osilib qolishi, vaqt o‘tishi bilan to‘planib, havo oqimlari bilan harakatlanishi mumkin (xuddi ofisdagi konditsionerning puflashi kabi).

Ochiq joylar uchun ham juda turli xil omillar mavjud. Bir tomondan, viruslarning konsentratsiyasi keskin pasayib ketishi kerakdek tuyulishi mumkin va ultrabinafsha nurlar ularni o‘ldirish orqali foyda keltiradi. Boshqa tomondan, viruslar atmosferadagi chang zarralari va boshqa ifloslantiruvchi moddalarga yopishib, zarar keltiruvchi xususiyatini yo‘qotmasdan uzoq masofalarga tarqalishi mumkin.

Bundan tashqari, agar SARS-CoV-2 virusi submikron zarralarda mavjud bo‘lsa, uning tarqalish samarasini sigaret tutuni bilan taqqoslash mumkin. Sizga hid yetib kelayotgan bo‘lsa, unda viruslar ham uchib kelishi mumkin.

Aynan shu nuqtada eng muhim narsaga o‘tamiz — niqoblar. Olimlar yopiq binolarda ikki metr masofani saqlaganda ham yuzga yaxshi o‘rnashadigan niqob kiyishni tavsiya qilishadi. Aks holda, mutaxassislarning fikriga ko‘ra, na test, na masofa va na bemor bilan aloqada bo‘lganlarni kuzatish yordam beradi, chunki har qanday odam tashqi alomatsiz bemor bo‘lishi mumkin.

Shifokorlarning o‘zi uchun ham infeksiya oldini olishning iloji yo‘q, axir odatda havo orqali kasalxonalar va qariyalar uylarining tibbiy xodimlari ikkilamchi zararlangan.

Tibbiyot xodimlari alohida ehtiyotkorlikka rioya etishlari talab etiladi / Getty Images
Aynan infeksiyaning tashqi belgisiz tashuvchilar tomonidan yuqtirilishi butun dunyo bo‘ylab Covid-19 tarqalishiga olib kelishi mumkinligi aniqlanganidan keyin, JSST hammaga istisnosiz ravishda niqob taqishni tavsiya etdi.

Science'dagi maqola mualliflari ta’kidlashicha, niqoblar muhim to‘siq vazifasini bajaradi, bu ozgina yoki umuman simptomlari bo‘lmagan bemorlar nafas bilan chiqaradigan zararli viruslar sonini kamaytiradi. Jarrohlik niqoblari tayyorlanadigan material Covid-19 yuqishi ehtimolini sezilarli darajada kamaytiradi va infeksiyalangan taqdirda kasallik kechishini yengillashtiradi. Virus konsentratsiyasi oshishi mumkin bo‘lgan sharoitlarda niqob kiyish juda muhim: tibbiy muassasalar, samolyotlar, restoranlar va yaxshi shamollatilmaydigan odamlar gavjum xonalarda.

Qo‘lbola niqoblar ham tibbiy niqoblardan kam emas / Getty Images
Zichlik, mato va qatlamlar soni farqiga qaramay, uyda qo‘lbola tayyorlangan niqoblarning havo-tomchi aralashmalarni samarali filtrlash qobiliyati professional jarrohlik niqoblari imkoniyatlaridan kam emas. Shunday qilib, sotuvda niqoblar yetishmasligi haqida gapirishga hojat yo‘q: hammasi o‘z qo‘limizda.

Epidemiologik ma’lumotlarga ko‘ra, Tayvan, Singapur va Janubiy Koreya kabi davlatlar, shuningdek, Xitoyning bir qismi bo‘lishiga qaramay asosan mustaqil ish olib boradigan Hongkong Covid-19 tarqalishini nazorat qilishning eng yaxshi yo‘lini topdi. Aynan shu mamlakatlarda niqoblarni majburiy kiyish joriy etildi.

Tayvanda tibbiy niqob taqish majburiy qilib qo‘yildi va bu foyda berdi / Getty Images
Masalan, 24 million aholiga ega Tayvanda koronavirusning birinchi holati 2020 yil 21 yanvardayoq ro‘yxatga olingan va qat’iy karantin joriy etilmagan bo‘lsa ham, atigi 441ta zararlanish holati va 7 o‘lim holati qayd etilgan.

Taqqoslash uchun, 20 million odam yashaydigan Nyu-Yorkda ilk zararlanish holati 1 mart kuni aniqlanib, keyinchalik 350 mingdan oshiq odam koronavirus bilan kasallangan va 24 ming kishi vafot etgan.

SARS epidemiyasidan keyin ishlab chiqilgan rejani tezda amalga oshirib, Tayvan hukumati qat’iy karantinni joriy etmadi, ammo infeksiya tarqalishi oldini olishni ta’minlagan bir qator choralarni joriy etdi. Ulardan biri jamoat joylarida niqob taqish majburiy bo‘lishi edi.
Rasmiylar, shuningdek, o‘z fuqarolarini munosib bahoda tegishli himoya vositalari bilan ta’minlash maqsadida, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning chet elga niqob eksport qilishini taqiqladi.

Shu bilan birga, boshqa ko‘plab mamlakatlarda hali ham niqob yetishmasligi muammosi saqlanib qolmoqda yoki ular qora bozor narxlarida sotilmoqda.

Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, niqoblardan foydalanish va ular mavjudligi nuqtayi nazaridan mamlakatlar o‘rtasidagi bunday ajoyib farq infeksiyani jilovlashda yoki aksincha tarqalishida muhim rol o‘ynagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Niqoblar chindan ham koronavirusga qarshi yordam beradi (foto)