23:35 / 02.06.2020
2 650

AQSH va Kanadada «Biz O‘zbekistonga befarq emasmiz» xayriya aksiyasi davom etmoqda

AQSH va Kanadada «Biz O‘zbekistonga befarq emasmiz» xayriya aksiyasi davom etmoqda
Mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasi xabariga ko‘ra, AQSH va Kanadada «Biz O‘zbekistonga befarq emasmiz» xayriya aksiyasi doirasida 60 ming AQSH dollaridan ko‘proq mablag‘ yig‘ilgan. Ushbu mablag‘lar «O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondi hisob raqamiga o‘tkazib berildi.

Qayd etish kerakki, shu yil aprel oyida O‘zbekistonning AQSHdagi diplomatik vakolatxonasi tashabbusi bilan Amerika va Kanadada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz diaspora tashkilotlari rahbarlari ishtirokida «Biz O‘zbekistonga befarq emasmiz» xayriya aksiyasi boshlangan edi.

Aksiyaning asosiy e’tibori dastlabki kunlardanoq O‘zbekiston aholisiga Covid-19 pandemiyasiga qarshi kurashishda xayriya yordamini jalb etishga qaratildi. Biroq Buxoroda kuchli dovul va Sirdaryo viloyatidagi suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishidan so‘ng tadbir ishtirokchilar ushbu tabiiy ofatlardan jabr ko‘rganlarga ham yordam ko‘rsatishni taklif qildi.

Shunisi e’tiborga loyiqki, O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va mamlakatimizning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi tomonidan boshlangan ish Shimoliy Amerikadagi o‘zbek jamoalari birlashtirdi. Ular orasida «Turkiston-Amerika» Assotsiatsiyasi, «Mahalla USA», «AQSH va Kanadadagi Buxoro yahudiylari» kongressi, Amerikadagi o‘zbeklar uyushmasi, Atlantadagi o‘zbeklar jamiyati, Chikagodagi O‘zbekiston-Amerika uyushmasi, Amerikadagi «Vatandosh» assotsiatsiyasi, San-Fransisko ko‘rfazidagi o‘zbeklar jamoatchilik markazi, Pittsburg shahridagi o‘zbeklar jamiyati, «O‘zbek mahallasi», Buyuk Filadelfiyadagi o‘zbeklar hamdo‘stligi, Yangi Angliyadagi o‘zbeklar madaniy markazi, Amerikadagi «Samarqand forumi» va Florida shahridagi O‘zbekiston-Amerika assotsiatsiyasi bor.

Ushbu aksiyani targ‘ib qilish uchun diasporal tashkilotlar mahalliy ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi manbalaridan keng foydalanmoqda. Xususan, «Amerika ovozi», «Jon Betchelor shou» radiostansiyasi, «Sarbon», «Rossiya» radiolari, «Bukharian Times» gazetasi, shuningdek, ommaviy axborot vositalarining Youtube, Twitter, Facebook, Telegram ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida maxsus dasturlar tayyorlandi.

AQSHda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz, jumladan, madaniyat va san’at vakillari ushbu aksiyani qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

450ga yaqin kishi o‘zbek xalqini qo‘llab-quvvatlash aksiyasida ishtirok etdi. Ular orasida fan va madaniyat vakillari, tadbirkorlar, shifokorlar, turli kompaniya va bank xodimlari bor.

O‘zbekiston xalq artisti, Shashmaqom akademiyasi rahbari Izro Malakov «Dunyo» AA muxbiriga bergan intervyusida respublikamiz hukumati koronavirus bilan kasallangan va tabiiy ofatdan jabrlanganlarga samarali yordam ko‘rsatish uchun barcha choralarni ko‘rayotganini ta’kidladi.

— Quvonarlisi shundaki, ushbu og‘ir damlarda yurtdoshlarimiz O‘zbekistonga yordam qo‘lini cho‘zdi, - deydi O‘zbekiston xalq artisti Izro Malakov. - Mehnatsevar O‘zbekiston xalqi ushbu sinovli kunlarni yengib o‘tishiga ishonamiz. Fursatdan foydalanib, mamlakat aholisiga sihat-salomatlik va farovonlik tilayman!

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH va Kanadada «Biz O‘zbekistonga befarq emasmiz» xayriya aksiyasi davom etmoqda