18:30 / 06.06.2020
3 311

Rossiya ichki ishlar vazirligi migrantlar uchun yangi rejim ishlab chiqmoqda

Rossiya ichki ishlar vazirligi migrantlar uchun yangi rejim ishlab chiqmoqda
Foto: Mixail Golenkov / RIA Novosti
Migratsion rejimni takomillashtirish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruh takliflarida migrantlar huquqiy holati aks etgan yagona portal ishlab chiqish rejasi mavjud.

Rossiya IIV matbuot xizmatining xabar berishicha, yagona informatsion platformada har bir migrant uchun shaxsiy kabinetlar yaratiladi. Bu platforma orqali migrantlar davlat xizmatlaridan foydalanishlari, rasmiy tashkilotlar bilan mobil ilovalar orqali bog‘lanishlari mumkin bo‘ladi.

Bu loyiha «Rossiya Federatsiyasining 2019-2025 yillarga mo‘ljallangan davlat migratsion konsepsiyasi» asosida ilgari surilmoqda.

Rossiya migrantlar federatsiyasi prezidenti Vadim Kojenovning so‘zlariga ko‘ra, migrantlar ko‘pincha patentlarni yangilashni unutadilar yoki migratsion hisobda turish muddatini o‘tkazib yuboradilar. Bu o‘z navbatida ularning noqonuniy maqomga o‘tib qolishlariga sabab bo‘ladi. Loyihaning amalga oshishi bu mumammolarga barham berishi kutilmoqda.

Kojenov migratsion hisobga olish tizimi ham eskirganini qayd etib o‘tgan. Sababi, xorijdan kelganlar odatda belgilangan manzilda yashamaydilar va shuning o‘ziyoq tizim asosiy funksiyasini bajara olmayotganini anglatadi. Yangi loyiha ishga tushsa va har bir migrant ilovani yuklab olsa, uning qayerda yashayotganini geolokatsiya orqali ham kuzatish mumkin bo‘ladi.

Kun.uz mazkur loyiha migrantlarga, ayniqsa Rossiyadagi o‘zbekistonliklarga qanday naf yoki zarar keltirishi bo‘yicha Moskvada migrantlar huquqlarini himoyalash bilan shug‘ullanuvchi huquqshunos Botirjon Shermuhammaddan izoh oldi.

«Biz odatda bunday loyihalarga skeptik yondashamiz. Chunki qog‘ozda juda chiroyli, ammo amalda ishlamaydi. Rossiyada shu paytga qadar ham «Yagona davlat xizmatlari portali» mavjud edi. O‘shani takomillashtirib, migrantlar foydalanishi uchun qulay qilib qo‘yish kifoya bo‘lar, alohida portal tuzishga hojat yo‘q edi.

Mayli, bu portal yaratilibdi, lekin u qanday ishlaydi? Bunisi katta so‘roq ostida. Sababi, migrantlarni boshqarish bilan bog‘liq har qanday jarayon juda korrupsiyalashgan va undan katta daromad olayotganlar osonlikcha bo‘sh kelishmaydi.

Shu paytgacha ham bunday loyihalar bo‘lgan va ular ham ko‘ngildagiday ishlamay unutilgan, hammasi oldingiday qog‘ozbozlik va poraxo‘rlikka qaytavergan.

Loyihaning ikkinchi salbiy jihati, shaxsiy hayotga aralashuv belgilari mavjudligi. Buni ham oqlab bo‘lmaydi.
Lekin agar bu loyiha chindan ham aytilganidek ishlab, migrantlar hayotini yengillashtirsa, biz buni faqat olqishlaymiz
», deydi u.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya ichki ishlar vazirligi migrantlar uchun yangi rejim ishlab chiqmoqda