10:30 / 09.06.2020
2 569

KXDR Janubiy Koreya bilan barcha aloqalarni uzishini e’lon qildi

KXDR Janubiy Koreya bilan barcha aloqalarni uzishini e’lon qildi
Foto: KCNA / Reuters
Pxenyanda Seul bilan barcha muzokaralar faqatgina “ko‘ngil qolishiga” olib kelmoqda, deb hisoblanmoqda.
Shu sababli Shimoliy Koreya 9 iyun tush vaqtidan Janub bilan barcha aloqa liniyalarini bloklab qo‘yadi. Bu haqda Koreya markaziy telegraf agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bu Janubiy Koreya bilan o‘zaro aloqalarni cheklashdagi va “boshqa keraksiz harakatlarni to‘xtatish”dagi birinchi qadam bo‘ladi. Bunday qarorni Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning singlisi, Koreya Mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasi bo‘limi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Kim Yo Chjon va qo‘mita raisi o‘rinbosari Kim Yon Chxor qabul qilgan.

Pxenyanda Seul Shimol va Janub o‘rtasidagi munosabatlarni “so‘nggi nuqtaga” keltirgan deb hisoblanmoqda, ikki tomonlama muzokaralar esa faqat “ko‘ngil qolishiga” olib kelmoqda. Xabarda aytilishicha, Shimoliy Koreyaning butun xalqi “Janubiy Koreya hukumati sotqinligidan achchiqda”.

Reuters axborot agentligining ta’kidlashicha, Pxenyan Seulga agar Janubiy Koreya hukumati shimollik qochqinlarga Shimoliy Koreya hududiga tashviqot varaqalarini tashlashga to‘sqinlik qilmasa, qo‘shma aloqa ofisini yopish bilan bir necha kun davomida tahdid qilib kelgan. Jumladan, 4 iyunda Kim Chen Inning singlisi bundan ogohlantirib o‘tgan.

8 iyun ertalab Janubiy Koreya mudofaa vazirligi Pxenyanda qo‘shma aloqa ofisi ochilgan 2018 yildan beri birinchi marta Seulning qo‘ng‘irog‘iga javob berilmaganini ma’lum qilgan. Bu Seulda Shimoliy Koreya o‘z tahdidini amalga oshirib, ofisni yopishi mumkinligi xavotirini tug‘dirgan.

Biroq keyinroq janublik amaldorlar kunning ikkinchi yarmida Shimol bilan bog‘lana olishganini, Pxenyanda esa ertalab yuz bergan hodisa haqida hech narsa eslab o‘tilmaganini ma’lum qilishgan.

Shimoliy koreyalik qochqinlar va Pxenyanga qarshi chiquvchi faollar Shimol tomonga pufaklarga mahkamlangan tashviqot varaqalarini jo‘natib turishadi. Bu varaqalarda Shimoliy Koreya tuzumi va uning yetakchisi keskin tanqid qilinadi. Pufaklarga ba’zida dollarlar va USB-fleshkalar biriktiriladi. Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chjon bu harakatlarni qoralab, ularni ikki tomon o‘rtasidagi tinchlik sulhlariga putur yetkazuvchi dushmanona harakatlar deb atab keladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » KXDR Janubiy Koreya bilan barcha aloqalarni uzishini e’lon qildi