20:00 / 12.06.2020
5 201

AQSH Rossiyaga nisbatan misli ko‘rilmagan ayblov ilgari surdi

AQSH Rossiyaga nisbatan misli ko‘rilmagan ayblov ilgari surdi
Foto: Google Images
AQSH Kongressidagi eng yirik birlashma – 147 nafar respublikachi deputatning boshini qovushtirgan qo‘mita (Republican Study Committee) Rossiyaga qarshi yanada jiddiy jazo choralari qo‘llashni taklif etmoqda.

Bu haqda qo‘mitaning 120 sahifali «AQSH nufuzini mustahkamlash va global tahdidlarga qarshi kurash» deb nomlangan hisobotida so‘z boradi.
Kongressning quyi bo‘g‘ini – Vakillar palatasida taqdim etilgan hujjat Oq uyga yuborilgan.

Hisobot mualliflari rasmiy Moskvaga nisbatan misli ko‘rilmagan ayblovni ilgari surgan. AQSH qonun ijodkorlariga ko‘ra, Rossiya xalqaro maydonda terrorizmni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda va agressor sifatida siyosat yuritmoqda.

«Rossiya butun dunyoda terrorizmni dastaklagani holda, go‘yo o‘zini unga qarshi kurashayotgandek tutmoqda. AQSHning Afg‘onistondagi qo‘shinlari qo‘mondoni Rossiya «Tolibon»ga qurol-aslaha yetkazib berayotganini ma’lum qildi», – deyiladi hisobotda.

Hujjatda mamlakat sobiq mudofaa vaziri Jeyms Mettisning AQSH uchun eng asosiy tahdid bu Rossiyadir degan fikri keltirilgan.

Qayd etilishicha, so‘nggi 15 yil davomida Rossiya Suriya, Liviya, Venesuela, Chernogoriya kabi mamlakatlarda AQSHga sezilarli darajada zarar yetkazdi. Bundan tashqari, Rossiyaning Gruziyaga bostirib kirishi, Abxaziya va Janubiy Osetiyani anneksiya qilishi, Qrimni tortib olishi, Ukrainada urush holatini yuzaga keltirgani xavotirli holatlar sifatida yodga olingan. Hisobotda Rossiya maxsus xizmati tomonidan xorijiy mamlakatlarda, jumladan, Buyuk Britaniyada kimyoviy qurolni ishga solgan holda suiqasdlar amalga oshirilganiga ham e’tibor qaratilgan.

Qonun ijodkorlari rasmiy Moskvaning Afg‘oniston, Suriya va Liviyadagi siyosatini keskin tanqid qilgan. Hujjatda AQSH Rossiya bilan faqat prezident Vladimir Putin ketganidan keyingina hamkorlik qilishi mumkinligiga ishora qilingan.

Rasmiy Vashington so‘nggi yillarda Moskvaga nisbatan bir qator sanksiyalarni joriy etgan. Respublikachi deputatlar qo‘mitasi esa yanada keskin jazo choralarini qo‘llashni taklif etgan.

Bu borada eng avvalo Rossiyani rasman terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatiga kiritish lozimligi uqtirilgan (Davlat departamenti hozirga qadar Eron, Shimoliy Koreya, Suriya hamda Sudanni ana shu qora ro‘yxatga tirkagan).

Respublikachi deputatlarga ko‘ra, Rossiya neft-gaz loyihalarida qatnashayotgan shirkatlar, shuningdek, Kreml propagandasi tegirmoniga suv quyayotgan oligarxlar ham jazoga tortilishi kerak. Bu borada rus kompaniyalarini jahon moliyaviy tizimidan uzish, Rossiyaning SWIFT xalqaro banklararo almashuv tizimidan foydalanishiga chek qo‘yish tavsiya etilgan.

Rossiyaning terrorizmni qo‘llovchi davlatlar ro‘yxatiga kiritilishi mamlakatga nisbatan qurol-aslaha, iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha ham qo‘shimcha cheklovlar joriy etishga yo‘l ochadi.

Kreml Qo‘shma Shtatlar qonun ijodkorlari tashabbusini xalqaro huquqqa zid deb baholamoqda. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov mazkur tashabbus bayonot darajasida qolishi va amalga oshmasligiga umid bildirdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH Rossiyaga nisbatan misli ko‘rilmagan ayblov ilgari surdi